Jahon | 22:18 / 07.03.2023
15142
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik qochqinlar lagerida yong‘in: 12 ming kishi boshpanasiz qoldi

Bangladeshdagi rohingya musulmonlari yashaydigan qochqinlar lagerida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda 12 ming kishi boshpanasiz qolgan, ularning yarmi yosh bolalar.

Foto: Agence France-Presse

BBC ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in suyultirilgan gaz balloni portlashidan kelib chiqqan. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. New York Times'ga ko‘ra ofat oqibatida hech kim halok bo‘lmagan, lekin lagerdagi vaziyat keskinlashgan.

Bangladesh janubi-sharqida joylashgan bu hudud dunyodagi eng katta qochoqlar lageri hisoblanadi. U yerda asosan qo‘shni Myanmadagi qatag‘ondan qochib borgan rohingya musulmonlari yashaydi.

Bangladesh qochoqlar bilan ishlash komissari Mijanur Rahmonning ma’lumot berishicha, yong‘in juda tez tarqalib, ikki mingta palatka, kulba va bostirmalar yonib ketgan. Oqibatda 12 ming rohingya musulmonlari boshpanasiz qolgan.

Foto: Associated Press

Bangladeshda bo‘lib turgan Xalqaro migratsiya tashkiloti vakili Samuel Falsisning aytishicha, palatkalarda yashayotgan rohingya musulmonlari yong‘in sabab bor-budidan ayrilgan. Lagerdagi kichik maktab, ovqat tarqatilayotgan markaz va hojatxonalar ham olov ichida qolgan. UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, boshpanasiz qolganlarning yarmi yosh bolalar.

Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in ovqat pishiriladigan joyda gaz ballon portlashidan kelib chiqqan. Hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hududlarni tozalab, u yerda yangi chodirlar tikish uchun bambuk va brezent olib kelingan.

Bangladeshdagi bu lagerda Myanmadagi qatag‘ondan qochib borgan 1 milliondan ortiq rohingya musulmonlari yashaydi.

Foto: Associated Press
Foto: Associated Press

Oxirgi vaqtlarda lagerda vaziyat shusiz ham yomon edi. Odamlar to‘yib ovqatlanmasligi sababli ko‘plab kasalliklar tarqalgan. Myanmadagi Rohin shtati yaqinida tashkil qilingan chodirlarga suv toshqinlari ham ko‘p marta xavf solgan.

Bangladesh lagerdagi qochoqlarga fuqarolik bermagan. Ular chodirlardan iborat lagerda yoki uning tashqarisida pul ishlab topa olishmaydi. Bangladesh hukumati qochoqlar lagerdan tashqariga ovqat va pul izlab chiqadigan bo‘lsa, tartibsizliklar yuzaga kelishidan xavotirlanadi. Chunki oxirgi vaqtlarda xalqaro yordam miqdori kamayib ketgan. Shu bois, Bangladesh donor mamlakatlardan qochoqlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashda ko‘proq yordam berishni so‘ramoqda.

Foto: Agence France-Presse
Foto: Agence France-Presse

Lagerda yarim yoshdan oshgan bolalar va kattalar Jahon oziq-ovqat dasturi doirasida bir oy uchun 12 dollardan pul olib kelgan. Bu pul ovqat olish uchun vaucherlar ko‘rinishida tarqatiladi. Hozir mana shu pul ham oyiga 10 dollargacha tushib ketgan. Jahon oziq-ovqat dasturining Bangladesh bo‘yicha mas’uli Domeniko Skapelliga ko‘ra, yuqoridagi ajratilayotgan pul atigi ikki dollarga kamaysa ham, bu qochoqlarning ovqatlanish ratsioniga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Avvalroq qochoqlar lagerida yong‘inga yoki turli tabiiy ofatlarga chidamli qilib doimiy turar joylar qurish masalasi ham ko‘tarilgandi. Ammo Bangladesh tomoni keyinchalik mamlakatda ijtimoiy muammolar kelib chiqmasligi uchun bunga rozi bo‘lmagan.

Mavzuga oid