Jahon | 15:22 / 07.03.2023
19920
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Donbass shaharlarini o‘qqa tutmoqda, Baxmut atrofidan evakuatsiya davom etmoqda. Urush suratlari

Ukrainadagi urushning 376-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy hamda Donbassdagi qo‘shinlar boshlig‘i, «Xortitsa» qo‘shinlar tezkor-strategik guruhi qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Volodimir Zelenskiyning savoliga javoban Baxmut mudofaasini davom ettirish zarurligini aytishdi.
  • The New York Times nashri yozishicha, Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlarining o‘t ochish pozitsiyalarini ochish uchun «askarlarni ongli ravishda o‘limga yubormoqda». Ukrainalik harbiylar rossiyaliklarning oldingi chiziqdagi shturm otryadlari saflarida «qurbonlar juda ko‘pligi»ni aytgan. Baxmut uchun janglarda «Vagner» XHK shunday taktika qo‘llamoqda.
  • RF mudofaa vazirligi Sergey Shoygu Mariupolga kelgani haqida xabar berdi. Idoraning tasdiqlashicha, Shoygu «foydalanishga topshirilgan obektlar tayyorligi va qurilayotgan bino va inshootlardagi ishlarning borishini ko‘zdan kechirgan», shuningdek Rostov oblastidan «DXR» hududiga suv quvuri o‘tkazilishi bo‘yicha hisobotni tinglagan.

Chasiv Yardagi vaziyat

Chasiv Yar — Donetsk oblastining Baxmutdan 13 kilometr g‘arbda joylashgan shahri. Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut yo‘nalishidagi asosiy ta’minot yo‘llaridan biri shu shahar orqali o‘tadi. Bu — keng ko‘lamli urushning so‘nggi yetti oyligidagi eng shiddatli janglar kechayotgan yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Ko‘plab harbiy ekspertlar — G‘arbdagilar ham, Rossiya va Ukrainadagilar ham RF armiyasi Baxmutni yaqin vaqtlar ichida egallashi mumkinligini aytishmoqda. Muntazam ravishda otishmalarga qaramay Chasiv Yarda qolgan aholi yerto‘lalarda jon saqlashga, shuningdek elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli uylarning pod’yezlarida o‘t yoqishga majbur bo‘lishmoqda. Quyida Rossiya qo‘shini Baxmut atrofiga yaqinlashib kelgan mahalda Chasiv Yarda kuzatilayotgan vaziyat aks etgan suratlar.

Chasiv Yar aholisi uy pod’yezdida ovqat tayyorlamoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy zarbaga uchragan tankdagi olovni o‘chirishga urinmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Boshpanada turgan Ukraina qurolli kuchlari jangchisi
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Chasiv Yarda insonparvarlik yordami solingan paketlarni olib ketayotgan kishi
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Baxmut atrofidagi shahar va qishloqlardan evakuatsiya

Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tasdiqlashicha, Baxmut uchun janglarda Rossiya «Vagner»ning eng yaxshi bo‘linmalaridan ayrilgan. Ammo ekspertlar fikricha, yakuniy janglarda xususiy harbiy kompaniya shturmchi bo‘linmalari yana muhim rol o‘ynamoqda.

Volodimir Zelenskiy 6 mart kuni kechqurungi murojaatida Baxmut mudofaasini davom ettirish qaroriga izoh berarkan, shahar uchun janglar «butun urush davomidagi eng katta natijalardan birini berayotgani»ni aytdi. Prezident «Ukraina tashlab ketishi mumkin bo‘lgan qismi yo‘qligi, shu bilan birga, ukrain jangchilari qat’iyati va qahramonligi qadrlanmaydigan okop ham yo‘qligi»ni qo‘shimcha qilgan.

Baxmut uchun janglar davom etarkan, uning atrofidagi shahar va qishloqlardan imkon qadar ko‘p miqdorda tinch aholi vakillarini olib ketishga urinishmoqda.

Minkivka posyolkasida yashovchi ayol uyini tark etaturib yig‘lamoqda. Minkivka Baxmutdan 15 kilometr masofada joylashgan
Ignacio Marin / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Kramatorsk aholisi vakili evakuatsiya oldidan buyumlarini yig‘moqda. Baxmut va Kramatorsk orasi 30 kilometr atrofida
Ed Ram / Getty Images
Pokrovsk aholisi vakillari evakuatsiya oldidan temiryo‘l stansiyasida. Pokrovsk Baxmutdan taxminan 70 kilometr masofada joylashgan. Foto: Ed Ram / Getty Images
Minkivkalik keksa yoshli ayol evakuatsiya avtobusida
Ignacio Marin / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Minkivkadan olib chiquvchi yo‘l
Ignacio Marin / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Ukrain askari dafn marosimi 

Kiyev yaqinidagi Kozinsi qishlog‘ida 26 yoshli Vladislav Bondarenkoning dafn marosimiga yig‘ilgan yaqinlari. Bondarenko Baxmut uchun janglar vaqtida o‘ldirilgan.
Thibault Camus / AP / Scanpix / LETA

Kramatorsk o‘qqa tutilishi oqibatlari

6 martga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Kramatorsk shahriga zarbalar yo‘lladi. Raketalardan biri maktab binosiga kelib tushgan, qolganlari 15 ta turar joy binosiga shikast yetkazgan. Shahar meri Oleksandr Goncharenkoga ko‘ra, hujum vaqtida jarohat olganlar yo‘q.

Kramatorskda yashovchi keksa yoshli ayol rossiyaliklar raketasi kelib tushgan maktab binosi oldida
Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA
Vayron bo‘lgan maktabdagi xonalardan biri
Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA

Konstantinovkada o‘t o‘chiruvchilar faoliyati 

6 mart kuni kechqurun RF armiyasi Donetsk oblastidagi Konstantinovka shahrini o‘qqa tutdi, zarba oqibatida gaz trubasi shikastlangan; yong‘in boshlangan. Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Oleksiy Roslov jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Konstantinovka Donetskdan taxminan 80 kilometr shimolda joylashgan.
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid