O‘zbekiston | 10:52 / 13.03.2023
6049
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV rahbari Eron prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasining Eronga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Foto: Dunyo

Tashrif doirasida O‘zbekiston vakillari Eron prezidenti Ibrohim Raisiy tomonidan qabul qilindi. Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Abdullahiyon, yo‘llar va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazrposh, sanoat, konlar va savdo vaziri, O‘zbekiston-Eron hukumatlararo komissiyasi hamraisi Rizo Fotemi-Amin bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda siyosat va diplomatiya, savdo va investitsiyalar, transport va logistika sohalarida O‘zbekiston-Eron hamkorligini mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar joriy yili o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar. Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish yo‘lida O‘zbekiston va Eronning transport-kommunikatsiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Tehronda Eronning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida biznes-forum tashkil etilib, unda farmatsevtika, tibbiy asbob-uskunalar va qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda IHT makonida mintaqaviy hamkorlikning turli jihatlari ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid