Jahon | 09:05 / 13.03.2023
6976
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina: Kiyev qarshi hujumga o‘tish uchun G‘arbdan qurol kutmoqda

Ukraina qarshi hujumni rejalashtirmoqda va «ruslarning pozitsiyalariga quruq qo‘l bilan bormaslik» uchun G‘arbdan qurol kutmoqda. Bu haqda Ukraina bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina Journal du Dimacnhe nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

Foto: Getty Images

«Biz buni amalga oshirish uchun yetarli qurol va o‘q-dorilarimiz bor deb o‘ylagunimizcha, qarshi hujum boshlaganimizni ko‘rmaysiz. Bu operatsiyani rejalashtirish allaqachon boshlangan», dedi u.

10 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi Ukrainaga 3-5 oylik urush uchun 1 million 155 kalibrli artilleriya snaryadlari yetarli bo‘lishi kerakligini aytdi. Bu Kiyevning ikki oy ichida bir million snaryad tugashi haqidagi rasmiy hisob-kitoblariga zid keladi. 

Yevropa Ittifoqi rasmiysining ta’kidlashicha, u Ukrainaning urush hozirgi bosqichidan juda tez chiqib ketishini hisobga oladi, bunda artilleriya hal qiluvchi rol o‘ynaydi. «Qurolli to‘qnashuvda ishtirok etayotgan tomon qanchalik ko‘p mudofaa pozitsiyasini egallasa, unga shuncha ko‘p snaryad kerak bo‘ladi. Biroq, jahon ko‘magi bilan Ukraina bu pozitsiyadan chiqadi», deb tushuntirdi u.

Ammo Ukraina o‘z ittifoqchilaridan olgan qurol tizimlari bilan qarshi hujumga kirishishidan oldin, unga zudlik bilan o‘q-dorilar kerak. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida qancha zaxira borligi noma’lum, chunki bu maxfiy ma’lumot, ammo Bryusselning aytishicha, ba’zi mamlakatlarda deyarli hech narsa qolmagan. 

Shunga qaramay, reja mualliflari YeIga a’zo davlatlar mavjud barcha snaryadlarni Kiyevga o‘tkazishiga umid qilmoqda va ularni to‘ldirishni kafolatlashga tayyor.

Mavzuga oid