Jahon | 22:09 / 13.03.2023
31262
21 daqiqa o‘qiladi

«Vardanyan» operatsiyasi: Kreml o‘z milliarderi yordamida Qorabog‘dagi vaziyatni qanday beqarorlashtirdi?

Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi talash hudud atrofidagi ziddiyat nega Rossiya uchun foydali? Kreml tomonlar uzil-kesil tinchlikka erishishiga qanday to‘sqinliklar qilmoqda? Kavkazshunos ekspert o‘zining bu boradagi fikrlarini bayon etdi.

Edgar Harutyunyan / PAN Photo / AP / Scanpix / LETA

Qorabog‘ hamon qaynoq nuqtaligicha qolmoqda. Shu kunlarda armanlar va ozarboyjonlar o‘rtasida yana otishma bo‘lgan. Yerevan va Xonkendini bog‘lovchi yagona yo‘l — Lochin yo‘lagidan hamon blokada olinmagan. Boku tomonidan mintaqaviy beqarorlik yaratishda ayblangan biznesmen Ruben Vardanyanning vazirlikdan olinishi ham yordam bermadi.

Nega Qorabog‘ urushidan ikki yil o‘tib, Ozarboyjon va Armaniston hamon sulh shartnomasini imzolay olishmayapti. Pat vaziyatdan chiqish imkonlimi? Bu haqda Republic rossiyalik kavkazshunos va siyosatshunos Nurlan Qosimov intervyusini e’lon qildi.

— So‘nggi haftalarning eng shov-shuvli yangiligi Tog‘li Qorabog‘ davlat vaziri, rossiyalik milliarder Ruben Vardanyanning iste’fosi bo‘ldi. Bu nima edi? Axir u Qorabog‘dagi armanlar nazorati ostidagi yerlarni rivojlantirish uchun ulkan rejalar qurayotgandi…

— Avvaliga, Vardanyanning shu lavozimga tayinlanishiga sabab bo‘lgan kontekstni anglab olish kerak. Ikkinchi Qorabog‘ urushidan so‘ng Boku va Xonkendi norasmiy muzokaralar o‘tkazayotgan, lekin ular ochiq e’lon qilinmayotgandi. OAVda mulozimlar va harbiylar uchrashib, umumiy muammolarni hal qilishga kirishgani haqidagi axborotlar sizib chiqa boshladi. Masalan, Sarsang suv omboridan birgalikda qanday foydalanish, gaz ta’minotini tartibga solish borasida. Bu masalalarga yechim ham topilgan.

Janubiy Kavkazda barcha siyosiy jarayonlarni o‘z nazoratiga olgan Rossiya bu noformal aloqalarni yoqlamayotgandi. Tomonlar bu formatni hech kim bilan kelishmagan va bu Kremlni g‘azablantirayotgandi. Vardanyanning hududga jo‘natilishi bu «o‘zboshimchalik»ka javob bo‘ldi. O‘zini Tog‘li-Qorabog‘ Respublikasi deb atovchi joyda vazir bo‘lgach, rossiyalik biznesmen muzokaralarda qatnashgan harbiy Balasanyanni ishdan bo‘shatdi. Bu bilan Moskva Boku va Xonkendiga uning ortidan ish qilish qanday oqibat keltirib chiqarishini ko‘rsatib qo‘ydi.

Vardanyan — Kremlning «troya oti» ekanini avval boshdan nafaqat Bokudagilar, balki Yerevandagilar ham juda yaxshi bilib  turishgan edi.

Ruben Vardanyan Kremlning «troya oti» edi. Foto: politryk.ru

Garchi oligarxning o‘zi Rossiya rahbariyati bilan yaqin aloqalarini rad etib kelgan bo‘lsa-da, Rossiyada dollar hisobidagi milliarder bo‘lish Kreml atrofidagi oliy lavozimdagi tanishlar yordamisiz mutlaqo imkonsiz ekani o‘z-o‘zidan tushunarli.

Davlat vaziri bo‘lgach, Vardanyan Qorabog‘ hududining barcha xo‘jalik va iqtisodiy hayotini o‘ziga bo‘ysundirdi. TQR deb ataluvchi ayirmachilarning amaldagi prezidenti Araik Arutyunyan ham ko‘p vakolatlaridan voz kechib, ikkinchi planga o‘tib qoldi. U faqat mudofaa va xavfsizlikka mas’ul bo‘ldi, qolgan hamma ish bilan Vardanyan shug‘ullana boshladi.

Aynan Vardanyanning tayinlanishi bilan Boku va Moskva munosabatlarida inqiroz boshlandi. Ilhom Aliyev «allaqanday Rossiya fuqarolari» Qorabog‘da boshqaruvni o‘z qo‘liga olishga harakat qilayotgani, biroq Ozarboyjon ular bilan gaplashmasligini bir necha bor takrorladi. Yerevan va Xonkendini bog‘lovchi yagona yo‘l — Lochin yo‘lagining bloklanishi Vardanyanning tayinlanishiga o‘ziga xos reaksiya edi. Ozarboyjon shu yo‘l bilan Kremlga mintaqada xaos keltirib chiqaruvchi soxta mulozimlarga chidamasligini tushuntirib qo‘ydi.

Men shu davr ichida Boku va Moskva o‘rtasida Vardayanning shaxsi ustida muzokaralar borganiga ishonchim komil. Parallel ravishda Lochin yo‘lagi bloklanishi davom etdi. Natijada Kreml ortga tisarilishga majbur bo‘ldi va tayinlangan vazir iste’fo berdi. Bungacha bir oy avval arman nashrlari Arutunyan Rossiyaga norasmiy muzokaralarga borgani haqida yozishdi, bir hafta o‘tib Vardanyanning o‘zi ham bordi. Aftidan, ular Lochin yo‘lagini muhokama qilishgan, Kreml qo‘l siltagach, davlat vaziri deb ataluvchi shaxs lavozimini tark etgan.

— Qorabog‘da mulozimlik qilgan chog‘da Vardanyan biror foydali ish qilganmi o‘zi?

— Vardanyanning media siyosatiga tan berish kerak. Biznesmen turli OAV, xoh u Rossiya propagandasi bo‘lsin, xoh erkin media bo‘lsin, tinmasdan intervyu berib turdi. BBC’dagi taniqli HARDTalk dasturida ham ishtirok etdi. Bu Vardanyanni informatsion to‘siqni yorib o‘tgan samarali menejyer sifatida xarakterlaydi. Odamlar hattoki Ukrainadagi urushni bir chetga surib, Qorabog‘dagi muammolarni tilga ola boshlashdi.

Ikkinchisi — Vardanyan hududdagi xo‘jalik hayotini izga tushirish, investitsiyalar jalb qilish, infratuzilma obektlari qurilishini boshlashni va’da qilgan edi. Biroq, Lochin yo‘lagi ozarboyjonlik ekofaollar tomonidan qamal qilingach, Qorabog‘ning armanlar nazorati ostidagi qismida iqtisodiy hayot muzlab qoldi. Hozir bu yerlar faqat humanitar yordam hisobiga kun ko‘rmoqda. Umuman olganda, Vardanyan haqida shunday deyish mumkin: Mavr Moskva oldidagi vazifasini bajardi, Mavr endi ketishi mumkin.

— Agar Vardanyan Rossiyaning Boku va Xonkendining noformal aloqalariga xalaqit berish uchun yollangan spoyleri ekan, demak Moskva Qorabog‘ ziddiyati yechilishidan manfaatdor emas ekan-da? Nega?

— Bu yerda mantiq oddiy. Moskva possovet hududlaridagi barcha jarayonlar uning ruxsati bilan amalga oshishini istaydi. Bu Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi mojarolar bo‘ladimi, Qorabog‘ va Dnestrbo‘yidagisimi — farqi yo‘q. Donbass bo‘yicha Minsk kelishuvlari atrofidagi epopeya ham — tartibga solish bo‘yicha barcha muzokaralar faqat Kremlning sanksiyasi bilan olib borilgan.

SSSR qulagandan keyingi o‘ttiz yillik tarix shuni ko‘rsatdiki, Rossiya hech qachon mojarolarning uzil-kesil hal bo‘lishidan manfaatdor emas. Unga mojaro zonasidagi boshqariluvchi xaos kerak, xolos.

Qorabog‘ni olaylik. Agar muammo to‘la-to‘kis hal bo‘lsa Rossiya tinchlikparvar kuchlariga ehtiyoj qolmaydi. Bu holatda nafaqat Lochin yo‘lagida dislokatsiya qilinganlar, Armanistonning o‘zidagi Gyumri harbiy bazasidagi ruslar ham keraksiz bo‘lib qoladi. Moskva istar-istamas hududni tark etishga majbur bo‘ladi. U Janubiy Kavkazga harbiylaridan boshqa nima ham taklif qila oladi? Mohiyatan hech narsa. Ozarboyjon, Gurjiston allaqachon Turkiya, Yevropa, AQSh va Xitoy bilan xo‘jalik, iqtisodiy va siyosiy aloqalarni o‘rnatib bo‘lgan. Hattoki Armaniston ham Kreml siquvidan chiqib, tashqi aloqalarini diversifikatsiya qilmoqchi.

Mintaqada Rossiya qanaqadir qabihlikni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan tahdid o‘laroq qabul qilinadi. Xuddi shu sabab tufayli u bilan janjallashmaslikka harakat qilishadi.

Vardanyan atrofidagi voqealar Rossiya Janubiy Kavkazda hamma narsani qanday nazorat qilmoqchi bo‘lganiga bitta misol. Biznesmenni Qorabog‘ga jo‘natar ekan, Kreml Armaniston bilan bog‘liq uzoqni mo‘ljallovchi maqsadlarni ko‘zlagan. Putin Pashinyanni u ko‘chadagi inqilob orqali hokimiyat tepasiga kelgani uchungina yoqtirmaydi emas. Rossiyaga qo‘l-oyog‘i bilan bog‘liqligiga qaramasdan, Armaniston bosh vaziri mustaqil siyosat yuritishga urinib ko‘rdi. Rossiyaning Ukrainaga tajovuzidan so‘ng Pashinyan g‘arb davlatlari bilan aloqalarini faol rivojlantira boshladi, uni Yevropa va AQShdagi forumlarga tez-tez chaqirishmoqda.

Tabiiyki, bu Moskvani g‘azablantirmoqda va u Vardanyan orqali sekin ishga tushuvchi minani ishga solmoqchi bo‘ldi. Agar Qorabog‘da «Vardanyan» loyihasi ish berganida, bu biznesmen uchun Armanistonning siyosiy hayotida ham ishtirok etish uchun tramplin bo‘lardi. Ustiga-ustak, Pashinyan kelguncha Qorabog‘ klani Armanistonda yetakchi pozitsiyalarga ega edi. Mamlakatning sobiq yetakchilari Robert Kocharyan va Serj Sargsyan Qorabog‘dan chiqishgan. Moskva xuddi ular kabi, Vardanyandan arman siyosatida Pashinyanning g‘arbga moyil yo‘nalishini susaytirish uchun foydalanishni ko‘zlagan edi.

— Ya’ni uzoq muddatli istiqbolda Krmel Vardanyandan Yerevanni Moskva satellitiga aylantirishi kerak bo‘lgan arman Yanukovichi sifatida foydalanmoqchi bo‘lganmi?

— Eng kamida Armaniston doimo Moskvaning og‘zini poylab o‘tiradigan, Rossiya tashqi siyosati doirasida harakat qiladigan do‘stona davlatlar sirasiga kirishi kerak edi. Vardanyanga esa bu masalada bosh rol topshirilgan edi. Agar Ukrainadagi urush bo‘lmaganida, Ozarboyjon Lochin yo‘lagi atrofidagi voqealarni qurishi qiyinroq bo‘lardi. Obektiv qaralsa, hozir Rossiyaning Kavkaz bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘q, uning tashqi chegaralardagi pozitsiyalari susaymoqda. Bu ham «Vardanyan» loyihasi barbod bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

— Armaniston Bokuning Xonkendi bilan norasmiy muzokaralari va Vardanyanning tayinlanishiga qanday reaksiya bildirdi?

— Armaniston uchun ham Vardayanning Qorabog‘ga ko‘chib kelishi mutlaqo kutilmagan hol bo‘ldi. Bundan biroz avval Pashinyan va Aliyev Pragada uchrashgan edi. Sulh shartnomasi tomon qandaydir siljishlar bo‘ladigandek tuyulgandi. Tomonlar 1991 yilgi Almati deklaratsiyasi asosida bir birining hududiy yaxlitligini tan olishga kelishib olgandi. Bu hujjat MDH tuzilishi uchun asos bo‘lgan, imzo qo‘ygan davlatlar sovet chegaralarida bir birining hududiy yaxlitligini tan olishini tasdiqlagan edi. Binobarin, Armaniston o‘shanda Qorabog‘ bilan birga Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini tan olgan. Chexiyada Aliyev va Pashinyan Almati deklaratsiyasi asosida muzokaralar o‘tkazishga kelishib olishgandi. Bu Qorabog‘ning kimga tegishliligi xususidagi masala, garchi armanlar og‘rinib tan olsa-da, kun tartibidan olinishini bildirardi. Moskvani bu kelishuvlar nihoyatda g‘azablantirdi. Putin hattoki o‘shanda Almati deklaratsiyasini tan olgani uchun Pashinyanni ochiq aybladi. Bundan kelib chiqadiki, Putin hozirgi noaniqlik holati imkon qadar uzoqroq saqlanib qolishini istayotganini tan olgan.

Umuman, Yerevan o‘tgan yildan boshlab so‘zlashuv ohangini o‘zartirdi. Avval agar ular Qorabog‘ning armanlar nazorati ostidagi yerlarni ularni qutqarib qolish uchun ajratib olish kerakligi haqida gapirishgan bo‘lsa, hozir urg‘u u yerda yashovchi arman aholisining xavfsizligiga qaratilmoqda. Ya’ni armanlarda qanday huquq va imtiyozlar bo‘lishi yoki Ozarboyjon tarkibidagi avtonomiya kabi muammolar muhokama qilinmoqda. Davlat vaziri bo‘lgan Vardanyan esa eski ritorikani davom ettirib, Qorabog‘ hech qachon Ozarboyjon tarkibiga kirmasligi, Boku bilan teng shartlarda muzokara o‘tkazilishini talab qilib kelgan. O‘zining bu talablari bilan u muzokara jarayonini ham to‘xtatib qo‘ydi…

— Bu Rossiya uchun ham manfaatli bo‘ldi...

— Ha. Putin ochiqdan ochiq Qorabog‘ statusi bilan bog‘liq muammolarni kelgusi avlodlarga qoldirish kerak ekanini aytdi. Hozircha Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal qilishni taklif etdi. Bu tezisni Sergey Lavrov ham takrorladi. Bu bilan Moskva Boku va Yerevanning G‘arb shafeligi ostidagi muzokaralaridan norozi ekanini bildirib qo‘ydi. Yevropa va Rossiyaning moderatorligi o‘rtasidagi eng ahamiyatli farq ham shunda.

Kreml muzokaralar imkon qadar cho‘zilishini istaydi, Yevropa Ittifoqi esa, aksincha, muammo tezroq hal bo‘lishidan manfaatdor. Qorabog‘ statusi hal bo‘lishi hamono Rossiyaning Janubiy Kavkazda hech kimga keragi bo‘lmay qoladi.

— Tomonlarning bir-biriga yon bermasligi Rossiya tegirmoniga suv quymaydimi: u masalan, bizning tinchlikparvar kuchlarimizsiz Qorabog‘ muammosini hal qilib bo‘lmaydi, shu sababli ularning mandatini cho‘zish kerak, degan taklif bilan chiqishi mumkin?

— Garchi hozirgi status-kvo Rossiya uchun foydali bo‘lsa-da, u mojaro tomonlari uchun manfaatli emas. Shu sababli hududda yevropaliklar ham faollashib qoldi. Agar Ukraina inqirozigacha ular Qorabog‘ muammosini hal qilishni Rossiya ixtiyoriga topshirib qo‘yishgan bo‘lsa-da, endilikda moderatorlikni o‘z qo‘liga olib, tomonlarni muammoni uzil-kesil hal qilishga yaqinlashtirmoqchi. Lekin yevropaliklarning yondashuvini ozarboyjonlar va armanlar tushunishi qiyin bo‘lmoqda. Bu ikkilanish ham Kreml uchun foydali. Agar muammo rossiyalik tinchlikparvar kuchlar Lochin yo‘lagini tark etishi kerak bo‘lgan 2025 yilgacha yechilmasa, ularning mandati uzaytirib beriladi.

Agar Boku Rossiya tinchlikparvar kuchlari yordamiga ortiq ehtiyoj yo‘q, deb e’lon qilgan taqdirda g‘am, Moskva BMT Xavfsizlik Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirib, Qorabog‘ armanlarining taqdiri masalasini o‘rtaga qo‘yadi. Moskva urushdan besh yil o‘tib ham Boku armanlarni o‘z jamiyatiga integratsiya qilish uchun hech bir ish qilmaganini vaj qilib ko‘rsatadi, shu sababli tinchlikparvar kuchlarning mandati cho‘zib berilmasa yangi mojaro boshlanishini aytadi. Boz ustiga, hududga to‘laqonli xalqaro tinchlikparvar missiya kiritish, harbiylarning huquq majburiyatlari belgilanishi, ular tomonidan qurol qo‘llanishi imkoniyatlari ham yoziladi. Bu holda tomonlar BMT Xavfsizlik Kengashi qaroriga qarshi chiqa olishmasa kerak.

Blokadaga qarshi chiqqan yigit rossiyalik tinchlikparvar kuchlarning Xonkendi yaqinidagi blokpostida. 2022 yil 24 dekabr
Davit Ghahramanyan / AFP / Scanpix / LETA

— Qorabog‘da xalqaro tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishining hozir u yerda bo‘lib turgan rossiyalik tinchlikparvarlardan afzalroq joyi bormi?

— U yerda qanday tinchlikparvar kuchlar turmasin, ularning kiritilish faktining o‘ziyoq Qorabog‘ muammosi uzil-kesil hal bo‘lmasligini bildiradi. Xalqaro missiya joylashtirilishi muammoning hal bo‘lishini yana noma’lum muddatga suradi, buni Moskva va Yerevan kutmoqda. Lekin muammo Boku kutayotganidek, o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi: armanlar hech qachon u yerlarni tark etishmaydi. Tinchlikparvar kuchlar borligi tomonlar otishmaga qo‘l urmasligini bildiradi, xolos. Mintaqaviy xavfsizlik bundan yaxshilanib qolmaydi. Yangi muzlatilish va yangi status-kvo paydo bo‘ladi.

— Lochin yo‘lagi atrofidagi nima bo‘lmoqda, nega ekofaollar qamalni yechishni istashmayapti?

— Bu savolga javob berish qiyin. Ozarboyjon ekofaollari nimani istayotganiga biror marta tushunarli qilib javob berilmagan. Taxmin qilish mumkin, xolos. Masalan, ekspertlar Bokuning maqsadi Lochin yo‘lagi zonasida nazorat o‘tkazuv punkti o‘rnatib, Qorabog‘ga Armanistondan kirayotgan tovarlarni tekshirib kiritishi.

Xonkendidagi oziq-ovqat do‘konidagi holat. 2023 yil 7 yanvar
Edgar Harutyunyan / PAN Photo / AP / Scanpix / LETA

Bu u yerda rossiyalik tinchlikparvar kuchlardan tashqari, ozarboyjonlar ham bo‘ladi degani. Bu faqat taxmin, xolos. Omma oldida esa ozarboyjonlar faollarni Qorabog‘ning armanlar nazorati ostidagi yerlariga kiritib, ekologiya va konlar ahvolini tahlil qilishga ruxsat berilishini talab qilmoqda.

Mening fikrimcha, Lochin yo‘lagi qamal qilinishi Vardanyanning tayinloviga tezkor reaksiya. Agar Qorabog‘ga olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan tovarlarni nazorat qilish muammosini jiddiy yechish kerak bo‘lsa, ekofaollarni ishga solmasdan ham buni qilsa bo‘lardi. Boz ustiga, 2020 yilgi Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi uchtomonlama bayonotda bu tartib yozib qo‘yilmagan, Bokuni ham bu masalada cheklay olmaydi. Hujjatda Ozarboyjon yuklar, mashinalar va insonlarning erkin harakatlanishi uchun xavfsizlik kafolati belgilangan, xolos. Nazorat o‘tkazish punkti o‘rnatish tekshiruvni anglatadi, cheklovni emas. Bunday punktlar barcha davlatlarning chegaralarida bor. Nega bu yo‘l o‘rniga eng murakkab va shovqinlisi tanlangani tushunarsiz.

— Ukrainadagi urush Qorabog‘ muammosini tartibga solishda qanday aks etadi? Aks etadimi o‘zi?

— Ukraina inqirozi possovet davlatlari hududida Rossiya pozitsiyasini sezilarli darajada susaytirdi. Bundan foyda ko‘rayotganlar Janubiy Kavkazda ishtiroki kuchayayotgan Turkiya, Xitoy va G‘arb bo‘lmoqda. Mintaqadagi vaziyat ko‘p jihatdan Ukrainadagi urush qanday yakunlanishiga qattiq bog‘liq. Agar Rossiya yutqazmasa bu bir masala. Agar mag‘lubiyat muqarrar bo‘lsa, postvoset davlatlarida mutlaqo boshqacha vaziyat hukmron bo‘ladi. Shu sababli hozir hamma kutish rejimida qotib qolgan. Xavfsizlik yostiqchasi sifatida G‘arb bilan ziddiyatga bormaslikka harakat qilishmoqda. Bu yo‘nalishda ayniqsa Armaniston juda faol.

Armanlarning hadiksirashi va aloqalarni diversifaksiya qilishga urinishlari tushunarli. Rossiyaning xavfsizlik soyabonidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Ular AQSh va Fransiya tomonidan qandaydir xavfsizlik kafolatlari izlashmoqda. Hattoki Turkiya bilan ham aloqa yo‘lga qo‘yilmoqda. Turkiyadagi vayronkor zilziladan so‘ng Yerevan u yerga o‘z qutqaruvchilarini jo‘natdi. Undan so‘ng Armaniston TIV rahbari Ararat Mirzoyan ham borib, turk hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu harakatlar arman jamoatchiligida turli reaksiyalar keltirib chiqargan esa-da, Yerevanning Moskvadan mustaqil siyosat yuritishga bo‘lgan harakati ko‘rinib turibdi.

— Umuman, armanlar va ozarboyjonlarning bir biriga adovati hisobga olinsa, o‘rta muddatli istiqbolda Qorabog‘ muammosini yechishning uddasidan chiqishadi, deyish mumkinmi?

— Bu masalada optimist bo‘lish qiyin. Toki Ozarboyjon Qorabog‘da armanlar yashashda davom etishini hisobga olib, yo‘l xaritasi taqdim etmas ekan, rejalar tuzish qiyin. Boku bu masalani jamoatchilik muloqoti darajasida ham muhokama qilmayapti. Yechimga har ikki davlatning oddiy fuqarolari ham qo‘shilishi mumkin edi, lekin hozir armanlar va ozarboyjonlar bir biri bilan durbinlar va miltiqlarning nishonga oluvchi ko‘zgusi orqali gaplashishmoqda. Bularning barchasi bo‘lajak tinchlik jarayoni uchun salbiy fon yaratmoqda. Ukrainadagi urush yakunlangach, bu borada qandaydir tushunchaga kelinar. Hozircha shu status-kvodan manfaatdorlar bor ekan, Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik haqida gapirish qiyin.

Toki davlat ularni qo‘llab-quvvatlab, yo‘naltirib turmas ekan, odamlar ham bir-biri bilan til topishishi qiyin. Hozir har ikki davlatda propaganda qo‘shni davlat siymosida dushman obrazini yaratmoqda. Bunga parallel ravishda chegaralarda otishmalar ro‘y bermoqda. Muloqot boshlanishi uchun eng kamida axboriy kun tartibini formatlash kerak, bir-birini iblislashtirishdan voz kechish kerak. Fuqarolik jamiyati o‘rtasida hech qursa neytral hududda uchrashuvlar o‘tkazish kerak. Bunday amaliyot to‘qsoninchi, nolinchi yillarda bor edi: tomonlar, masalan, Gurjistonning chegaradagi Tekali qishlog‘ida uchrashib turishgan.

Agar insonlar o‘rtasida qandaydir muloqot boshlansa, u darhol jamoatchilik va axborot fonini tezgina o‘zgartira olmaydi, albatta. Lekin shu ham qaysarlik va bir joyda depsinib turishdan ko‘ra yaxshiroq. 

Mavzuga oid