Jahon | 18:41 / 14.03.2023
7658
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi «chet el agentlari» to‘g‘risidagi o‘z qonunini ishlab chiqmoqda

Foto: Reuters

Qonun nodavlat tashkilotlarni Yevropa Ittifoqidan tashqaridan olingan har qanday moliyalashtirish haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishga majbur qiladi. Yangi qoidalar AQSh va Avstraliyada amalda bo‘lganlarga o‘xshash bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqi nodavlat notijorat tashkilotlari, konsalting va ilmiy muassasalarni Yevropa Ittifoqidan tashqaridan oladigan har qanday moliyalashtirish haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishga majburlaydigan o‘z qonunini ishlab chiqmoqda, deb xabar berdi Politico 14 mart, seshanba kuni manbalarga tayanib.

Qonun loyihasi hozircha ma’qullashning dastlabki bosqichida. Bu AQSh va Avstraliyada amalda bo‘lgan qonunlarga o‘xshash bo‘lishi kutilmoqda. AQShda 1938 yildan beri xorijiy hukumatlar uchun ishlaydigan lobbichilar ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Politico suhbatdoshlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida ishlab chiqilayotgan qonun oddiy fuqarolarga ta’sir qilishi dargumon, biroq barcha tijorat va notijorat tashkilotlar xorijdan olingan har qanday mablag‘lar, jumladan, ilmiy faoliyat uchun grantlar to‘g‘risida hisobot berishga majbur bo‘ladi. 

Politico ta’kidlashicha, Yevropada «chet el agenti» qonuniga bo‘lgan ehtiyoj Yevropa Ittifoqining chet el ta’siriga qarshi kurashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: Rossiyaning hakerlik hujumlari va saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishlaridan tortib, inson huquqlari ritorikasiga ta’sir qilish uchun Yevropa universitetlariga ajratiladigan Xitoy grantlarigacha. 

Misol tariqasida, «Qatargeyt» - Yevropa parlamenti deputatlari bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi ham keltiriladi. Politico ma’lumotlariga ko‘ra, «Qatargeyt»dan keyin Yevropa Komissiyasi raisining adliya bo‘yicha o‘rinbosari Vera Yurova boshchiligida qonun loyihasi ustida ish boshlandi, tegishli jarayonga esa sentabr oyida demokratiyani himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘plamini e’lon qilgan YeK rahbari Ursula fon der Lyayyen tomonidan start berilgan.

Shu bilan birga, tanqidchilar Gurjistonda parlament orqali shunga o‘xshash qonunni qabul qilishga urinishlarga qarshi keskin norozilik namoyishlari fonida Yevropa Ittifoqida «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasining hozirda ishlab chiqilishini o‘rinsiz deb atadi. Gurjistonda ko‘pchilik tomonidan Rossiya chegarasi bo‘yicha nazoratni kuchaytirishga urinish sifatida ko‘rilgan hujjat oxir-oqibat AQSh, Yevropa Ittifoqining keskin tanqidlari va Gurjistonning o‘zida ro‘y bergan tartibsizliklar fonida qaytarib olindi.

Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidagi bir qator nodavlat tashkilotlarga allaqachon so‘rovnomalar yuborilgan bo‘lib, respondentlardan YeIdan tashqaridagi moliyalashtirish manbalari haqida batafsil ma’lumot berish so‘ralgan. Bunday anketa, jumladan, Transparency International xalqaro korrupsiyaga qarshi tashkiloti tomonidan ham olingan. 

Mavzuga oid