Jahon | 09:58 / 16.03.2023
5392
2 daqiqa o‘qiladi

ISW: Fevral oyida Rossiya Ukraina hududining 0,039 foizini egalladi

Yangi hujum chog‘ida Rossiya texnika va shaxsiy tarkib orasida katta yo‘qotishlariga qaramay, o‘tgan oy Ukraina hududining atigi 234 kvadrat kilometrini egallab oldi, deb yozadi Business Insider ISW'ga tayanib.

Foto: Getty Images

2023 yilning fevralidagi shiddatli janglar davomida Rossiya qo‘shinlari butun oy davomida bor-yo‘g‘i 233,94 kvadrat kilometr maydonni egallab olishga muvaffaq bo‘ldi, bu Ukraina hududining 0,039 foiziga to‘g‘ri keladi, deb yozadi Business Insider Amerika urushni o‘rganish institutiga (ISW) tayanib. ISW 14 mart, seshanba kuni ma’lum qilishicha, ayni paytda, fevral oyida Rossiya o‘zi avval e’lon qilgan yangi hujumni boshladi va kichik yutuqlar evaziga minglab askarlari va ko‘p sonli qurollarini yo‘qotmoqda. O‘z hisob-kitoblarida tahlilchilar 31 yanvardan 28 fevralgacha bo‘lgan kartografik ma’lumotlarga asoslangan.

O‘z navbatida, War Mapper guruhining ta’kidlashicha, fevral oyida Rossiya bosib olingan hududni 85 kvadrat kilometrga oshirdi, bu Ukraina butun hududining 0,01 foiziga teng. «Rossiya bu kichik hududni minglab askarlari va harbiy texnikasini yo‘qotganidan keyin qo‘lga kiritdi», deb ta’kidlaydi nashr.

ISW ekspertlari Business Insider'ga bergan intervyusida «har ikkala raqam ham juda kichik» ekanini va hisob-kitoblarda kichik noaniqliklar kuzatilgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirdi. Oxir-oqibat, ikkala raqam ham Rossiyaning hududiy yutuqlari chegaralarini aniq aks ettiradi.

Shu bilan birga, mart oyida ham Rossiya sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi. Uning armiyasi sharqiy front bo‘ylab jang qilyapti va butun urushning eng qonli hamda eng uzoq davom etayotgan janglaridan biri hisoblangan Baxmutda asta-sekin oldinga siljiyapti. Rossiya qo‘shinlari Baxmutni haligacha qo‘lga kirita olmadi, deb yozadi Business Insider.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid