Prezident Shavkat Mirziyoyevning 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga qilgan ishchi tashrifi bir qator voqealarga boy bo‘ldi. Masalan, o‘tgan 2 yarim oy davomida viloyatda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan Ulug‘bek Qosimov hokimlikka tayinlandi, Boysun-Denov yo‘nalishidagi yo‘l sifatini prezident o‘zi avtomobil boshqargan holda tekshirib ko‘rdi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Surxondaryo viloyatidagi vzvodlaridan biriga tashrif buyurildi.

Ammo ular orasida ham eng e’tiborlisi, shov-shuvga sabab bo‘lgani prezident Shavkat Mirziyoyevning tomon tanlash haqidagi mana bu fikrlari bo‘ldi.

«Hozir katta-katta davlatlar: «O‘zbekiston, sen kim tarafda. Bo‘ldi endi, neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi, yo u tomonga o‘tgin, yo bu tomonga o‘tgin», deya qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib shunga da’vat qilyapti. «O‘rta Osiyoda O‘zbekiston bizga kerak, 36 million bo‘ldi, 3-4 yilda 40 million bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tarafsan?» – deyapti. Qarang, shunday og‘ir savolga qanday javob berish kerak? Javob bitta: bir tomonman, millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Kun.uz muxbiri prezidentning ushbu so‘zlari, shuningdek, O‘zbekistonning «neytral pozitsiyasi» haqida siyosiy tahlilchilar – Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu o‘tkazdi.

— Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoda tomon tanlash haqida aytganlari, xo‘sh, bu bayonotdan nimalarni tushunish kerak, u qanday ma’nolarni anglatadi?

Farhod Tolipov:

— Prezidentning tomon tanlash haqidagi gaplarini eshitib, bir nechta xulosaga keldim. Avvalambor, prezident yirik davlatlar deb bir nechta davlatni nazarda tutib, O‘zbekistonga bosim bo‘lyapti, degandek xabar berdi. Bunda ham AQSh, ham Rossiya nazarda tutilyapti.

Oxirgi ikki yildagi tashriflarga qaraydigan bo‘lsak, AQShdan ham ko‘ra Rossiya vakillari ko‘proq kelgan. Umuman, bosim ikki tomondan ham bo‘lyapti deb tushunish kerak. Kim tarafidasan, degan savolga O‘zbekiston manfaatlaridan kelib chiqaman, degan fikrni aytdi prezident. To‘g‘ri fikr bo‘lsa-da, mavhumlik bor u yerda, bundan qochish ham imkonsiz. Aslida, biz uchun O‘zbekiston manfaatidan boshqa manfaat yo‘q. Balki manfaat neytrallikni taqozo qilayotgandir, balki AQSh yoki Rossiya tarafini olishni. Shunday mavhumlik bilan tugagani uchun ochiq savol bilan yakunlangan bayonot deb tushundim. Bunday geosiyosiy muhitda tanlov qilish juda qiyin.