Jahon | 20:59 / 16.03.2023
9588
4 daqiqa o‘qiladi

Putinning murojaatini qulog‘ida lag‘mon bilan eshitgan deputat jarimaga tortildi 

Samaralik deputat Mixail Abdalkin Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish moddasi bo‘yicha ma’muriy jazoga tortildi. Advokat uning aybsiz ekanini ta’kidlab, apellyatsiya berishini aytdi. 

Foto: Videodan kadr

Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan (RFKP) Samara oblasti dumasi deputati Mixail Abdalkin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Federal majlisga qilgan murojaatini tomosha qilayotgan paytida qulog‘iga lag‘mon taqib olgani uchun jazolandi. 

Sud uni «Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, 150 ming rubl (qariyb 23,5 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortdi.  

Sud qarori e’lon qilinganidan so‘ng, Abdalkinning advokatlari sud qaroridan rozi emasligini va unga e’tiroz bildirishini aytishgan. 

Sud majlisida o‘z qilmishini tushuntirar ekan, Abdalkin prezident xabarining birinchi daqiqasidan ichki siyosat muammolari qanday hal etilishini eshitmoqchi bo‘lganini aytdi. Deputat o‘z videosi bilan, o‘z ta’biri bilan aytganda, «nafaqat o‘z noroziligini, balki o‘z muammolari bilan uning qabuliga kelgan odamlarning ham noroziligini» bildirgan. 

Abdalkinning advokati sudda uning himoyasi ostidagi shaxsning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi yo‘qligini aytdi. «Obro‘sizlantirish» atamasining ma’nosidan kelib chiqqan holda, sub’yektning qasddan qilgan harakatlarida noto‘g‘ri ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Lekin video va uning ostidagi izohda u yo‘q. Videoda «maxsus harbiy operatsiya» haqida bir og‘iz ham so‘z yo‘q», dedi himoyachi.  

Shuningdek, advokat sud e’tiborini ish materiallarida tilshunos ekspertning videolavhada «obro‘sizlantirish» belgilari mavjudligi to‘g‘risidagi xulosasi yo‘qligiga qaratdi. «Bu ham Abdalkinning aybsiz ekanini anglatadi», dedi u. 

Kommunist deputatga qarshi rus armiyasini «obro‘sizlantirish» bo‘yicha protokol mart oyi boshida tuzilgan edi. «Biz kurashamiz, aybsizligimizni isbotlaymiz», deb yozgan edi deputat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. 

Vladimir Putin 21 fevral kuni Federal majlisga yo‘llagan murojaatida G‘arb davlatlari va Ukrainani yana «aldash», «mustamlakachilik» va «neoliberal totalitar qadriyatlar»da ayblab, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi majburiy bo‘lganini ta’kidlagan edi. 

Mixail Abdalkin Rossiya prezidenti murojaatini qulog‘iga lag‘mon ilib olgan holda tomosha qilayotgani tasvirlangan foto va videolavhani ijtimoiy tarmoqqa joyladi. 

«Samara guberniyasi dumasi raisi o‘rinbosari M.Yu.Antimonova iltimosiga binoan prezidentning ikki soatlik murojaatini tingladim. To‘liq qo‘llab-quvvatlayman, to‘liq qo‘shilaman, ajoyib nutq. Men so‘nggi 23 yil ichida bunday narsalarni eshitmaganman. Hayratdaman», deb yozgan edi u. 

Quloqqa lag‘mon ilish — XIX asrda paydo bo‘lgan frazeologizm, odatda aldash, yolg‘on gapirish, chalg‘itish ma’nolarini anglatadi. 

O‘z navbatida RFKP matbuot kotibi Aleksandr Yushchenko deputatning qilig‘ini «ahmoqlik» deb atadi undan «o‘z professional faoliyatiga baho berishni» talab qildi. Shuningdek, «internetda oniy mashhurlikka intilish ishtiyoqi» juda xavfli bo‘lishi mumkinligi va Abdalkin saylovchilarning haqiqiy muammolari bilan shug‘ullanishi kerakligini aytdi. 

Mixail Abdalkin 1988 yilda Novokuybishevsk shahrida tug‘ilgan. Samara guberniyasi dumasi 7-chaqiriq deputati, RFKP Novokuybishevsk qo‘mitasi birinchi kotibi, shuningdek, Samara oblasti «Rabochaya Assotsiatsiya» kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi. 

Mavzuga oid