Jahon | 00:37 / 23.02.2023
28059
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik deputat Putinning murojaati vaqtida qulog‘iga lag‘mon ilib oldi

Samara oblasti dumasi deputati prezident nutqini qulog‘ida lag‘mon bilan eshitdi.

Foto: Telegram/abdalkin63

Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan (RFKP) Samara oblasti dumasi deputati Mixail Abdalkin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Federal majlisga qilgan murojaatini tomosha qilayotgan paytida qulog‘iga lag‘mon taqib oldi. Bu haqdagi video va fotosuratni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi.

«Samara guberniyasi dumasi raisi o‘rinbosari M.Yu.Antimonova iltimosiga binoan prezidentning ikki soatlik murojaatini tingladim. To‘liq qo‘llab-quvvatlayman, to‘liq qo‘shilaman, ajoyib nutq. Men so‘nggi 23 yil ichida bunday narsalarni eshitmaganman. Hayratdaman», deb yozdi u.

Quloqqa lag‘mon ilish — XIX asrda paydo bo‘lgan frazeologizm, odatda aldash, yolg‘on gapirish, chalg‘itish ma’nolarini anglatadi.

O‘z navbatida RFKP matbuot kotibi Aleksandr Yushchenko deputatning qilig‘ini «ahmoqlik» deb atadi undan «o‘z professional faoliyatiga baho berishni» talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «internetda oniy mashhurlikka intilish ishtiyoqi» juda xavfli bo‘lishi mumkin va Abdalkin saylovchilarning haqiqiy muammolari bilan shug‘ullanishi kerak.

Yushchenkoning aniqlik kiritishicha, deputatning qilig‘i Samara oblasti dumasi rahbariyati tomonidan e’tiborsiz qoldirilmaydi.

Mixail Abdalkin 1988 yilda Novokuybishevsk shahrida tug‘ilgan. Samara guberniyasi dumasi 7-chaqiriq deputati, RFKP Novokuybishevsk qo‘mitasi birinchi kotibi, shuningdek, Samara oblasti «Rabochaya Assotsiatsiya» kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi.

Mavzuga oid