O‘zbekiston | 22:42 / 21.03.2023
18050
2 daqiqa o‘qiladi

«Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi 

Unda Ramazon oyida turli tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Foto: Getty Images

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. 

Qarorda 2023 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 23 mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon oyini milliy an’ana hamda qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirig‘i berildi. 

Hududlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan odamiylik, inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, tinch va osoyishta hayotni qadrlash, oila va mahallalarda, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilgan. 

Mavzuga oid