Sobiq ittifoq hali parchalanmagan yillarda deyarli barcha respublikalardagi oshxonalar peshtaxtasiga “Non hamma narsaning boshidir (Xleb — vsemu golova!)” degan ibora ilib qo‘yilgan. Non har qanday ovqat bilan iste’mol qilingan. Hattoki uni turli xil xamirli ovqatlar bilan ham yeyishgan. Bu odat hozirgacha davom etib keladi. Buni O‘zbekistonda 3-4 kun turib ketgan mehmon ham sezishi qiyin emas. Ittifoq davrida nonning bunchalik e’zozlanishiga sabab ota-bobolardan qolgan odat bo‘lganimi yoki arzonligimi? Yoki bunga ocharchilik qoldirgan jarohatlar sababmi?
Tanqislik sezilmagan yagona mahsulot
Sovet davrida yashagan odamlar qahatchilik so‘zini tez-tez tilga olishadi. Do‘konlarda kiyim-kechak yoki oziq-ovqat uchun navbatga turishlar, do‘konga kelgan narsalarning tez-tez tugab qolgani haqida aytilgan hikoyalar kam bo‘lmasa kerak. Yetishmovchilik kitobdan to ichkiyimlargacha sezilganini aytishadi. Bunday tanqislik, albatta oziq-ovqat mahsulotlari uchun ham bo‘lgan. Lekin non haqida bunday deb bo‘lmaydi. Aksincha, yetishmovchilik sezilmagan yagona mahsulot non deyish mumkin.
Nonning narxi boshqa birlamchi mahsulotlar kabi davlat tomonidan belgilangan. Bundan tashqari, davlat aholining barcha qatlamlari qurbi yetadigan bo‘lishi uchun non ustidan doimiy nazorat qilgan. Masalan, 1960-yillarda oq bo‘lka non 14 tiyin turgan. Bu narx ittifoqning so‘nggi 10 yilligida ham saqlanib qolgan.
SSCR tarqalib keta boshlagach non narxi ko‘tarildi. Lekin bu ko‘tarilish yaxshi tomonga bo‘ldi. Oldin non arzon edi, lekin sifati haqida bunday deb bo‘lmaydi. Sekin-sekin novvoyxonalarning paydo bo‘lishi bilan nonning turli xillari paydo bo‘ldi. Va hatto bu nonlar oldingilaridan ancha yaxshi ham edi.
30-yillardagi ocharchilik
Nonning juda e’zozlanib va hatto sevib iste’mol qilinishining yana bir sababi ocharchilik deyish mumkin. Sovet ittifoqi 2 ta yirik ocharchilik davrini boshdan kechirgan. Birinchisi – 1930-1933-yillarda davom etgan bo‘lsa, keyingisi 1946-1947-yillarda edi.
1930–1933-yillardagi ocharchilikda 5,7 milliondan 8,7 milliongacha odam qurbon bo‘lgani aytiladi. O‘sha yillari sovet ittifoqida birinchi besh yillik reja doirasida qishloq xo‘jaligini majburiy kollektivlashtirishga kirishildi. Tez sanoatlashtirishga o‘tish maqsadida qishloq xo‘jaligida ishchi kuchi kamaydi. Natijada ittifoqning asosiy don yetishtiruvchi hududlari bo‘lgan Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Volgabo‘yi, Qozog‘iston, Janubiy Ural va G‘arbiy Sibirda odamlar ochlik qurboni bo‘ldilar.
















