O‘zbekiston | 19:01 / 23.03.2023
9929
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston hukumati O‘zbekistonda bolalar o‘limiga aloqador farmatsevtika kompaniyasi litsenziyasini bekor qildi

Tergov Marion Biotech dori vositalarining namunalari «soxtalashtirilgani» va sifat standartlariga javob bermasligini aniqladi.

Foto: AP

Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining litsenziyasi Hindistonning Uttar-Pradesh shtati rasmiylari tomonidan bekor qilindi. Endi kompaniya sirop ishlab chiqara olmaydi. Tergov Marion Biotech dori vositalarining namunalari «soxtalashtirilgani» va sifat standartlariga javob bermasligini aniqladi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan.

«Yanvar oyidan boshlab firma litsenziyasi to‘xtatilgan, shundan so‘ng batafsil tekshiruv boshlandi. Firma litsenziyasi endi Uttar-Pradesh Giyohvand moddalar nazorati boshqarmasi tomonidan bekor qilindi. Firma endi sirop ishlab chiqara olmaydi», dedi hukumat amaldori 22 mart kuni.

Avvalroq, 3 mart kuni Hindiston politsiyasi Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining 3 nafar yuqori martabali xodimini hibsga olgani xabar qilingandi.

Marion Biotech dorilarini laboratoriya tekshiruvi natijalari shuni ko‘rsatdiki, 22 ta namunaning tarkibi «buzilgan va qalbakilashtirilgan». Politsiya xodimi Ram Badan Singx so‘zlariga ko‘ra, Marion Biotech kompaniyasining ishlab chiqarish direktori va 2 nafar kimyogari hibsga olingan. Qolgan ikki direktor «mamlakatdan tashqarida va Hindistonga qaytishi bilanoq hibsga olinadi».

Press Trust of India ma’lumotlariga ko‘ra, da’vo Hindiston Jinoyat kodeksining 274- (Dori vositalarini qalbakilashtirish), 275- (Qalbaki dori vositalarini sotish) va 276- (Dori vositalarini boshqa dori yoki dorivor mahsulot sifatida sotish) moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.

Tergov, shuningdek, Marion Biotech dori vositalarining namunalari «soxtalashtirilgani» va tegishli sifat standartlariga javob bermasligini aniqladi. Barcha tekshiruvlar davlat laboratoriyasida o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabr oyida O‘zbekistonda Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAX» yo‘tal siropini ichish oqibatida o‘nlab bolalar halok bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Marion Biotech zavodida ishlab chiqarish jarayoni to‘xtatildi.

2023 yil yanvar oyida JSST Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Ambronol» yo‘tal siropi va «Dok-1 MAX» siropi tarkibida dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari borligini tasdiqladi.

JSST bu moddalar oz miqdorda bo‘lsa ham o‘limga olib kelishi mumkinligi va ularni tibbiyotda ishlatmaslik kerakligi haqida ogohlantirdi.

Mavzuga oid