O‘zbekiston | 11:40 / 28.03.2023
6187
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud: Sudlar amaliyotida qarz undirish bilan bog‘liq ishlar soni ortmoqda

Sudlar amaliyotida qarz undirish bilan bog‘liq ishlar soni yil sayin ortmoqda. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

2020 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan qarz undirish bilan bog‘liq jami 11 105 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilda 26 066 tani, 2022 yilda esa 29 796 tani tashkil etgan.

Bu ko‘rsatkichlar taqqoslanadigan bo‘lsa, 2021 yilda bunday nizolar soni 2020 yilga nisbatan 14 961 taga ortgan, 2022 yilda bunday nizolar soni 2021 yilga nisbatan 3 730 taga ko‘paygan. 

Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga ko‘ra, qarz shartnomasi ham majburiyatning bir turi bo‘lib, fuqarolik muomalasida keng tarqalgan huquqiy institutlardan biri hisoblanadi.

Qarz shartnomasiga asosan bir taraf – qarz beruvchi ikkinchi taraf – qarz oluvchiga pul yoki ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa, qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha pulni yoki qarzga olingan ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi.

Natijada pul mablag‘i yoki ashyo bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tadi. Bunda har ikki tarafning ham huquq va burchlari vujudga keladi. Qarz shartnomasining o‘ziga xos huquqiy belgilari va boshqa bitimlardan farqli jihatlari mavjud.

Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qo‘ygan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida qaytarishi kerak. Qarz oluvchi tomonidan qarz shartnomasi buzilgan taqdirda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma majburiyatini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun foizlar undiriladi. Shu bilan birga, qarz beruvchi qarz summasini qaytarib berishni talab qilib olishga haqli bo‘ladi.

Agar qarz shartnomasida qarzni qismlab, ya’ni bo‘lib-bo‘lib qaytarish nazarda tutilgan bo‘lsa, qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.

Agar qarz shartnomasi: aldash; zo‘rlik ishlatish; tahdid qilish; qarz oluvchining vakili qarz beruvchi bilan yomon niyatda kelishishi; qiyin vaziyatlar ta’sirida tuzilgan hollarda taraflar yoki manfaatdor shaxslar, guvohlarning ko‘rsatmalari asosida haqiqiy holatni tasdiqlashi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid