15:19 / 29.03.2023
12601

Avdiyivka atrofidagi hayot va Donetsk o‘qqa tutilishi. Urush suratlari

Ukrainada urushning 398-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Dmitriy Peskov rossiyalik mulozimlarni Ukrainadagi urush uzoq cho‘zilishi haqida ogohlantirgan. The Guardian nashri manbaga tayanib yozishicha, prezident matbuot kotibi bu haqda 2022 yil dekabr oyi oxirida yuqori martabali rossiyalik amaldorlar bilan kechki ovqat mahalida aytib o‘tgan.
  • Rossiya budjetining maxfiy xarajatlari 2,4 trillion rublga yetgan — bu 2022 yilning shu davridagiga nisbatan ikki barobar ko‘proq. Ekspertlar buni urush va annexia qilingan hududlar uchun xarajatlar ortishi bilan bog‘lagan.
  • Novaya Moskvada «Slava Ukraine» yozuvi bitilgan qo‘lbola dron parchalari topildi. Rossiya tomoni ham, Ukraina hukumati ham bu ma’lumot yuzasidan munosabat bildirmadi.
  • Politico ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy Rossiyaga zirhli nimchalar ishlab chiqarish uchun tarkibiy qismlar yuborgan — bu import Rossiyaning 2022 yil fevralidagi bosqinidan avval amalga oshirilgan va bunday nimchalarning ayrimlari Ukrainadagi harbiy harakatlar hududida topilgan.

Front bo‘yidagi Avdiyivka atrofidagi qishloqlar hayoti

Avdiyivka — Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk atrofidagi shaharcha. 2014 yildan buyon front chizig‘i Avdiyivka yaqinidan o‘tadi. 2022 yil fevralida keng ko‘lamli urush boshlangach, shahar doimiy zarbalar ostida qoldi.

Rossiyaning Donetsk oblastida 2023 yil yanvarida boshlangan yurishi davomida Avdiyivka uchun janglar qaytadan boshlandi — hozirda shahar RF qo‘shinlari tomonidan yarim qurshovga olingan, Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) Ukraina mudofaa kuchlariga tayanib xabar qilishicha, shahar atrofida turgan kuchlar orasida «Vagner» XHK yollanma jangchilari ham bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Avdiyivka va uning atrofidagi hududlar bir necha haftadan buyon tizimli ravishda va har kuni aviatsiyadan bombardimon qilinmoqda.

Avdiyivkadan bir necha kilometr shimoli-g‘arbda Semenovka qishlog‘i joylashgan — quyida Ukrainaning nisbatan xavfsiz hududlariga keta olmagan va uyida qolgan aholi hayoti aks etgan suratlar.

56 yoshli Yelena Nikolayevna urush haqida yangiliklarni eshitish uchun radiosignal tutishga harakat qilmoqda.
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
71 yoshli Lyubov Vasilevna Semenovkadagi uyida
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Lyubov Vasilevnaning uyida chang bosib yotgan eski gazetalar, jurnallar va varaqalar
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Yelena Nikolayevnaning oyog‘i
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Lyubov Vasilevna Semenovka ko‘chalaridan birida eri bilan
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Semenovkada otishmalar vaqtida vayron bo‘lgan uy
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA

Donetsk o‘qqa tutilishi oqibatlari

27 mart tongida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Donetsk shahrini o‘qqa tutdi. Kreml tomonidan tayinlangan mahalliy rasmiylar raketa zarbasi haqida faqat bir kun o‘tib xabar berishdi. Ularning tasdiqlashicha, zarba oqibatida tinch aholi vakillaridan uch kishi yaralangan. Zarba haqida ukrain nashrlari ham xabar berishgan, ammo Ukraina qurolli kuchlari ham, mamlakat hukumati ham bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan. Quyida Donetskda ushbu zarba oqibatlari aks etgan suratlar.

Donetskda ukrainlar zarbasiga uchragan ko‘p qavatli uy aholisi
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Xarobalar ostida halok bo‘lgan tinch aholi vakili jasadi
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
«DXR» FVV xodimlari zarbadan vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uy hududida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borishmoqda
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina raketasi kelib tushgan uydagi kvartiralardan birining ichkaridan ko‘rinishi
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Baxmut atrofidagi ukrain askarlari

«Vagner» XHK jangchilari katta ehtimol bilan Baxmut shimolida metallar qayta ishlanuvchi AZOM zavodini egallagan va shahardagi pozitsiyasini mustahkamlashda davom etmoqda — bu haqda ISW 26 mart kuni tarmoqda paydo bo‘lgan videoga asoslanib yozmoqda, videoda RIA Novosti muxbiri zavod hududida erkin harakatlanayotgani aks etgan. ISW tahlilchilari taxmin qilishicha, «Vagner» keyinroq Baxmutning g‘arbiy qismini ham nazoratga olish uchun shahar markazidagi pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi so‘nggi svodkasida Baxmutdagi vaziyat tafsilotlarini keltirmagan, ammo ukrain harbiylari «shaharni mardonavor ushlab turgani va raqibning ko‘p sonli hujumlarini qaytarayotgani»ni ma’lum qilgan. Volodimir Zelenskiy Associated Press uchun intervyusida agar Ukraina Baxmut uchun jangni boy bersa, Vladimir Putin «qon isini olishi» va «bosimni kuchaytirishi», shuningdek «bu g‘alabani G‘arbga, o‘z jamoatchiligiga, Xitoyga, Eronga sotishi», ukrain jamoatchiligi esa «charchoqni his qilishi» va «[hukumatni] [Rossiya bilan] murosaga undashi»ni aytdi.

Quyida Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut atrofidagi pozitsiyalari aks etgan suratlar.

Ukraina QK 28-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi harbiylari minomyotdan rossiyaliklar pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut atrofidagi pozitsiyasida turgan ukrain jangchisi
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik askarlar o‘z texnikasini daraxtlar orasiga yashirmoqda
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top