Amerika nashri jurnalisti FXX tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda nimalar ma’lum?
FXX The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovichni qo‘lga oldi. Uni josuslikda gumonlashmoqda. Jurnalistlar uning qo‘yib yuborilishini talab qilishmoqda.
Amerikaning The Wall Street Journal nashri jurnalisti Evan Gershkovich Yekaterinburgda qo‘lga olindi, FXX bayonotiga ko‘ra, u josuslikda gumon qilinmoqda.
FXX Gershkovich AQSh topshirig‘i bilan «Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyatiga oid davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagani»ni da’vo qilmoqda.
FXX tergov bo‘limi RF JK 276-moddasi («Josuslik») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘agan. Bu modda bo‘yicha ayblov 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini ko‘zda tutadi.
The Wall Street Journal FXX bayonotiga asoslangan holda o‘z jurnalisti qo‘lga olingani haqida xabar bergan, unda nashr «janob Gershkovichning xavfsizligidan juda xavotirdaligi» ta’kidlanadi. Aniqlik kiritilishicha, Gershkovich WSJ nashrining Moskva byurosi tarkibida Rossiya haqida yozib kelgan. Ko‘p o‘tmay nashr xabariga to‘ldirish kiritib, «FXX ayblovlarini qat’iyan rad etishi va o‘z muxbiri zudlik bilan ozod etilishini talab qilishi»ni ma’lum qildi.
Evan Gershkovich The Wall Street Journal nashriga qadar Agence France-Presse, The Moscow Times va The New York Times nashrlarida faoliyat yuritgan. U olti yilga yaqin vaqt Rossiyada ishlagan. Gershkovichning tanishlari aytishicha, u so‘nggi oylarda Londonda yashayotgandi, ammo muntazam ravishda Rossiyaga xizmat safarlari amalga oshirgan.
Bu haqda qanday ma’lum bo‘ldi?
Amerikalik jurnalist g‘oyib bo‘lib qolgani haqida payshanba kuni tongda yekaterinburglik piarchi Yaroslav Shirshikov o‘z telegram-kanalida xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gershkovich «bir necha hafta oldin» undan intervyu olgan, keyin «bir necha kun bemalol ishlagan va Moskvaga uchib ketgan».
Shirshikovning hikoya qilishicha, payshanbaga o‘tar kechasi unga Londondan jurnalistning hamkasbi qo‘ng‘iroq qilib, Evan Gershkovich 29 mart kuni Yekaterinburgga qaytgani va «9 soatdan buyon» tahririyat bilan aloqaga chiqmayotganini aytgan. Piarchining BBC bilan suhbatda aytishicha, Gershkovich seshanba kuni uchib kelayotganini yozgan va 30 mart kuni uchrashishni taklif etgan.
Shu vaqtda Yekaterinburgdagi «Vecherniye vedomosti» nashri kuchishlatar tuzilmalar xodimlari Karl Libknextdagi Bukowski Grill restoranida bir kishini qo‘lga olgani haqida xabar bergan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, «qo‘lga olingan shaxsni olib ketishda uning boshiga sviterni yopishgan - o‘tkinchilar uning yuzini ko‘rmasligi uchun».
Shirshikov bu yerda aynan Gershkovich qo‘lga olinganini taxmin qilgan, chunki u Evan bilan nafaqat o‘z ofisiga, balki materialning yana bir qahramoni ofisiga yaqin joylashgan bu restoranda tushlik qilgan. «Taxmin qilish qiyin emaski, shaharni yaxshi bilmaydigan odam ko‘proq o‘ziga tanish joylarga boradi», deya yozadi piarchi.
Versiyalar
Bir vaqtning o‘zida bir necha kishi Gershkovich «Vagner» XHKga yollanish va Ukrainadagi urushga munosabat mavzulariga qiziqqanini aytishgan.
Shirshikovning so‘zlariga ko‘ra, jurnalist Yekaterinburgga «Prigojin bilan bog‘liq ikki mojaro motivlari bo‘yicha» kelgan - bu janjallarning biri «Vagner» asoschisi va Yekaterinburg tarix muzeyi direktori Igor Pushkarev (Prigojin uni XHK haqida «noto‘g‘ri» ma’lumot tarqatishda ayblagan) o‘rtasida, boshqasi - gubernator Yevgeniy Kuyvashev bilan bo‘lib o‘tgandi. «Evan kim mashhurroq ekani haqida yozish uchun kelgandi: Prigojin yoki gubernator», deydi Shirshikov.
Piarchining so‘zlariga ko‘ra, Gershkovich undan o‘zini nafaqat liberallar bilan, balki «vatanparvarlar» bilan ham tanishtirishni so‘ragan. «U ofitserlar uyi boshlig‘i bilan suhbatlashmoqchi bo‘lib, markaziy harbiy okrug matbuot xizmatiga murojaat qilgan, ular avvaliga intervyuga rozilik berishgandi, keyin esa birdan rad etishdi. Bu unga aksilrazvedka xizmati qiziqib qolgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», deya taxmin qiladi Shirshikov.
Gershkovich Sverdlovsk oblasti qonunchilik kengashi deputati Vyacheslav Vegnerdan «Vagner» XHK haqida so‘ragan: gap shundaki, Vegner «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinga Nijniy Tagildagi IK-6 koloniyasidagi mahbus ayollarni «maxsus harbiy amaliyot»ga jalb etish tashabbusi bilan rasmiy murojaat yuborgan: ular tibbiy hamshira, aloqachi va boshqa vazifalarni bajarishi mumkin edi.
«Menda Prigojin bilan, qamoqxonalarni ayblanib, aybini qon bilan yuvishni istaganlarni yollovchi odamlar bilan yozishmalar bor edi. U odamlar zo‘rlik bilan olib ketilayotganidan shubhalanardi. Men unga butun mamlakat bo‘ylab yo‘llangan mingdan ortiq murojaatlarni ko‘rsatdim: odamlar maxsus harbiy amaliyotda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun men bilan bog‘lanib, bu haqda Prigojinga yetkazishimni so‘rashardi. Shuning uchun men u yerlarda kimnidir majburlashayotgani haqidagi gaplar to‘g‘ri emasligini aytdim», degan Vegner BBC muxbiriga.
Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, ular jurnalist bilan Yekaterinburgning sobiq meri, muxolifatchi Yevgeniy Royzmanni, Yekaterinburgdagi vaziyat va Sverdlovsk oblastidagi sanoat korxonalarini muhokama qilishgan. Ammo Vegner, o‘zining aytishicha, jurnalistni «mamlakatda barchasi joyida ekani, sanoat ishlayotgani», «AQShdagi dushmanlar buning aksiga umid qilmasligi» kerakligiga ishontirgan.
Ammo Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning tasdiqlashicha, «The Wall Street Journal nashri xodimining Yekaterinburgda qilgan ishining jurnalistikaga daxli yo‘q». Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa «gap gumon haqida ketmayotgani, u jinoyat ustida qo‘lga tushgani»ni qo‘shimcha qilgan.
Kunduzi Gershkovichni Moskvadagi Lefortovo sudiga yetkazishdi, bu yerda zudlik bilan uni ikki oy muddatga hibsga olish va tergov izolyatoriga joylashtirish bo‘yicha qaror chiqarildi. Sud majlisi yopiq rejimda o‘tkazilgan, unga jurnalistlar qo‘yilmagan.
Rossiyada xorijlik jurnalistlar qo‘lga olinishi noyob hodisa emas, ammo ular doim ham josuslikda ayblanmaydi. 2016 yil sentabrida Ukrainaning «Ukrinform» davlat axborot agentligining parijlik muxbiri Roman Sushchenko Moskvada qo‘lga olingach, josuslikda ayblangan va 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 2019 yilda Sushchenko asirlar almashinuvi doirasida Ukrainaga topshirilgan.
Urushga qadar bo‘lgan davrda Rossiya TIV tezkorlik bilan aralashib, masalani hal qilishni afzal ko‘rgan, deydi 2015 yilda Ukraina bilan chegara hududida ishlayotganida FXX tomonidan so‘roqqa tutilgan xorijlik jurnalistlardan biri. «Akkreditatsiyaning o‘zi RFda ishlash huquqini beradi, barchaga tushunarliki, u sizni maqsadli repressiyadan qutqara olmaydi, ammo «tasodifiy» xavfsizlik xizmati xodimlari bilan muammolarda qo‘l kelishi mumkin», deya izohlaydi u.
G‘arb nashrlaridan birining muharririning aytishicha, agar xorijlik jurnalist qonunni buzishda gumonlansa, unga mamlakatni tark etishi kerakligini tushuntirishgan va buning uchun vaqt berilgan, ammo hozir vaziyat o‘zgargan.
Urushga qadar RF TIV xorijlik jurnalistlarga bir yillik akkreditatsiya bergan. Hozirda bu muddat uch oygacha qisqargan.
Evan Gershkovich 1986 yildan beri Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olingan birinchi amerikalik jurnalist bo‘ldi.
1986 yil 2 sentabrda «U.S. News & World Report» jurnali xodimi Nikolas Daniloff SSSRda hibsga olingandi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Qo‘shma Shtatlar Evan Gershkovich hibsga olinganidan «chuqur xavotirda» ekani, The Wall Street Journal nashri bilan aloqada bo‘lib turgani va konsullik vakillarini u bilan uchrashtirishni so‘raganini ma’lum qildi. U shuningdek amerikaliklarni zudlik bilan Rossiyani tark etishga chaqirdi.
Ekspertlar nima deyishmoqda?
Politolog Tatyana Stanovaya Rossiyaning davlatga xiyonat va josuslik to‘g‘risidagi qonunchiligi yangilanganidan so‘ng, «harbiy ishlar bilan qiziqqan, ya’ni maxsus harbiy amaliyot, xususiy harbiy kompaniyalar, armiyadagi ishlarning holati, qo‘shinlarning o‘q-dorilar bilan ta’minlanishi, harbiy taktika va strategiya to‘g‘risida yozgan har qanday kishi 20 yilga qamalishi» mumkinligini eslatadi.
U FXX jurnalist «Amerika tomoni ko‘rsatmasi bo‘yicha» harakat qilganiga urg‘u qaratayotgani, buni esa «keng ma’noda talqin qilish mumkinligi»ga e’tibor qaratadi: «WSJ tahririyati ham - Amerika tomoni. Bundan taxmin qilish mumkinki, FXXda Evan jurnalist niqobi ostida aynan maxsus xizmatlarga ishlaganini dalillaydigan hech narsa yo‘q».
Ekspertning aytishicha, Gershkovichning qo‘lga olinishi garovga olishga o‘xshab ketadi. U jurnalistni masalan Vladislav Klyushinga (AQSh uni Amerika kompyuter tarmoqlaridan o‘g‘irlangan ma’lumotlardan foydalangan holda yirik moliyaviy firibgarlikda ishtirok etganlikda aybdor deb topgan) almashtirishi mumkin, rossiyaliklar avvalgi almashuvda uni olib chiqa olishmagandi. «Darvoqe, almashuvning o‘zi Kremlga muvaffaqiyat ta’mini berishi va yangi odamlarni garovga olish istagini uyg‘otishi mumkin», deya qayd etadi ekspert.
Politolog Aleksandr Kinev esa bunday versiyaga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, Evan Gershkovich «almashish uchun» josuslikda ayblanib qo‘lga olinishi - ahmoqlik bo‘ladi.
«Chunki gap yirik OAV muxbiri haqida ketmoqda. Xorijiy OAV hatto eng o‘ziga xos avtokratiyalarda ham doimo tabu bo‘lib kelgan (ularga teginilmagan). Jurnalistlar huquqlari «do‘stona mamlakatlar»da ham ajralmas qadriyat hisoblanadi. Bunday aksiyadan keladigan negativ RF hukumati obro‘sini dunyoning unga moyil bo‘lgan qismida ham tushiradi», deya xulosa qiladi ekspert.
Mavzuga oid
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
07:45 / 07.08.2024
Bloomberg Gershkovich haqidagi materialdan keyin muxbirni ishdan bo‘shatdi
19:55 / 06.08.2024