17:13 / 03.04.2023
4268

O‘zLiDeP faollari Urganch tumanining Turkmanlar mahallasi aholisi bilan uchrashdi

Foto: O‘zLiDeP

O‘zLiDeP Xorazm viloyati kengashi tashabbusi bilan Urganch tumani G‘oybu qishlog‘idagi Turkmanlar mahallasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyaviy islohot – mamlakatni yangilash sharti” mavzusida bo‘lib o‘tgan tashviqot tadbirida shu haqida so‘z bordi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov, senator B. Tojiyev, partiya viloyat kengashi raisi I. Fayzullayev, mahalliy kengash deputatlari va faollar mahalla ahli bilan dildan suhbatlashishdi.

G‘oybuda turkman yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi. Ular o‘z ona tilida ta’lim olishi, urf-odat va an’analarini rivojlantirishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Yangilanayotgan bosh qomusimizda ham millatlararo totuvlik munosabatlarini yaxshilash, turli millat va elat vakillarining teng huquqli ekanligi belgilangan.

Tadbirda so‘z olgan partiya vakillari islohotlar natijasi o‘laroq o‘tgan qisqa davrda jamiyatimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy jihatdan butunlay o‘zgarganini ta’kidlashdi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, insonga e’tibor, qadrini oshirish, har bir shaxsning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Yangilanayotgan Asosiy qonunimizda mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos va ishonchli kafolat yaratilishiga urg‘u berishdi.

Tadbir viloyatning ko‘zga ko‘ringan san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlardan iborat katta konsert dasturiga ulanib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.

O‘zLiDeP Xorazm viloyati Kengashi matbuot xizmati

Top