Jahon | 13:30 / 03.04.2023
9790
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Belarusda yadro qurolini Polsha bilan chegarada joylashtiradi

Rossiya Belarusda taktik yadro qurollarini (TYaQ) Polsha bilan chegarada joylashtiradi - Rossiyaning Minskdagi elchisi Boris Grizlovning aytishicha, yadro quroli «Yevropa va Amerika Qo‘shma Shtatlarining bayonotlariga qaramay», Rossiya va Belarus Ittifoq davlatining «g‘arbiy chegaralariga ko‘chiriladi». Bu haqda Belarusning BelTA davlat agentligi xabar berdi. 

Foto: Sergey Karpuxin / Reuters / Scanpix / LETA

Boris Grizlovning so‘zlariga ko‘ra, Belarus hududida taktik yadro qurollarini joylashtirish uchun omborxonalar 1 iyulgacha tayyor bo‘lishi kerak. 

25 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasining o‘z taktik yadro qurolini Belarus hududida joylashtirish niyati haqida ma’lum qildi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko belarus xalqi va parlamentiga murojaatida, agar kerak bo‘lsa, respublikada strategik yadro qurollari joylashtirilishi mumkinligini inkor etmadi. 

Putin Belarusda rus taktik yadro qurollarini joylashtirish uchun maxsus ombor qurilishi 1 iyulda yakunlanishi kerakligini ma’lum qildi. O‘nta samolyot ushbu turdagi qurollardan foydalanishga tayyor, «Iskander» tashuvchi kompleksi topshirildi, dedi Putin. Unga ko‘ra, ekipaj mashg‘ulotlari 3 apreldan boshlanadi. 

Xitoy yadro quroliga ega bo‘lgan barcha davlatlar ularni chet elda joylashtirmasliklari, agar mavjud bo‘lsa, yadroviy qurollarini boshqa davlatlardan olib chiqib ketishlari lozimligi tarafdori. Bu haqda 31 mart kuni butunjahon tashkiloti Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Xitoyning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Geng Shuang ma’lum qildi

Xitoy barcha yadroviy davlatlarni 2022 yil yanvar deklaratsiyasi tamoyillariga amal qilishga, yadro urushi xavfini kamaytirish choralarini ko‘rishga va yadro quroliga ega davlatlar o‘rtasida har qanday qurolli mojaroning oldini olishga chaqirdi. Gap beshta yadroviy davlat – Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya rahbarlarining qo‘shma bayonoti haqida bormoqda. Hujjatni imzolagan davlatlar «yadro urushida g‘olib bo‘lishi mumkin emas va unga hech qachon yo‘l qo‘yilishi kerak emas», deb ta’kidlagan, shuningdek, bu ommaviy qirg‘in qurollarini bir-biriga yoki boshqa davlatga qaratmasliklarini tasdiqlagan.

Mavzuga oid