O‘zbekiston | 17:43 / 05.04.2023
5240
2 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar qurilayotgan massivlarda ichki yo‘llar bilan shaxsan shug‘ullanishi belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi O‘zbekiston massivlarida uy-joy qurilishi va 2023 yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tyapti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda qurilayotgan uy-joylarni kommunikatsiya bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Yo‘li, transport qatnovi oxirigacha hal qilinmagani uchun ko‘plab xonadon sotilmasdan turgani ta’kidlandi. Infratuzilma obektlari joylashadigan yerlarni aniqlash kechikkani, loyihalar bir necha bor o‘zgargani sababli ayrim yangi massivlarda suv va oqova tarmog‘ini qurish ishlari orqada qolmoqda. 

Shu munosabat bilan:

- viloyat hokimlariga hozirda qurilayotgan massivlarda ichki yo‘llar bilan shaxsan shug‘ullanish; 

- Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tgan yil qurilgan uy-joylar infratuzilmasi bilan bog‘liq barcha moliyaviy masalalarni to‘liq hal qilish;

- bu yilning o‘zida ipoteka dasturlari doirasida quriladigan uylar infratuzilmasiga zarur bo‘lgan yana 800 milliard so‘m bo‘yicha moliyaviy manbalarni aniqlash topshirildi.

Aholi zichligi past, eski uylari ko‘p va uy-joyga talab yuqori bo‘lgan shaharlarda renovatsiya dasturiga talab ortayotgani qayd etildi.

Renovatsiyaning mustahkam huquqiy poydevorini yaratish zarurligi ta’kidlanib, “Renovatsiya to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini ishlab chiqish uchun alohida ishchi guruhi tuzilishi xabar qilindi. Ishchi guruhi ilg‘or xorijiy tajriba asosida “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqadi. 

Mavzuga oid