Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Sergeli tumanidagi O‘zgarish mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari faoliyati bilan tanishdi.

«Inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar bugun mahallalar qiyofasida, odamlarning kundalik hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

O‘zgarish mahallasi bu boradagi yangilanishlarning yorqin namunasidir. Ushbu hududda 45 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 620 ta xonadon mavjud. Ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Mahallada yillar davomida to‘planib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilib, zamonaviy infratuzilma va qulay ijtimoiy muhit yaratildi. Xususan, 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni, 2 ta salomatlik hududi barpo etildi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari mahallada tashkil etilgan zamonaviy kogeneratsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Qayd etilganidek, ushbu markaz kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti barqarorligiga xizmat qiladi. Kogeneratsiya texnologiyasi orqali tabiiy gazdan avval elektr energiyasi olinadi, so‘ng ajralgan issiqlik suv va xonadonlarni isitishga yo‘naltiriladi. Bu energiya samaradorligini oshirib, isrofgarchilikni kamaytiradi.

Loyihaning umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etadi. Bu yerga Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshenli qurilmalar va qozonlar o‘rnatilgan. Markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 80 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega.

Loyiha doirasida 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Natijada tuman markaziy elektr tarmog‘idagi yuklama 3 foizga kamaydi. Markaz ishga tushishi bilan 10 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Shu bilan birga, mahallaning umumiy infratuzilmasi ham tubdan yangilandi. 1,4 kilometr piyodalar yo‘laklari barpo etildi, 12 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi ta’mirlandi, ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.