Jahon | 21:35 / 09.04.2023
26358
13 daqiqa o‘qiladi

Muqaddas Qorabog‘: Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi sulh jarayoniga o‘tmishni azizlashtirish xalaqit bermoqdami?

Mart oyida Ozarboyjon va Qorabog‘ armanlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar - mojaro tomonlari o‘rtasida ilk ochiq muloqot boshlandi. Ular tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi kelajagini hal qilishadi.

Tabiiyki, Ozarboyjon ushbu hududni o‘z davlatining bir qismi sifatida biladi, u yerda yashovchi arman millatiga mansub aholini esa Ozarboyjonga ishonchsizlik va qo‘rquv birlashtirib turibdi. O‘tgan o‘ttiz yil davomida nafaqat hukumatlar, shuningdek, shoir-yozuvchilar, musiqachilar va xalqlar o‘rtasida shu qadar ulkan jarlik yuzaga kelganki, jarlikning ikki tomonida turuvchilar hayotini endi bu jarsiz tasavvur qila olmaydi, deb yozadi Maharram Zaynalov.

26 fevral kuni Ozarboyjonda Xo‘jali fojiasi navbatdagi marta yodga olindi. Birinchi urushgacha Qorabog‘dagi bu shaharchaning aksar aholisi ozarboyjonlar bo‘lgan. 1992 yilning fevralida yuzlab tinch aholi vakillari arman kuchlari tomonidan o‘ldirilgan — bu voqealar Ozarboyjonda genotsid deb ataladi. Bu voqea siyosiy jarayonlarga mustahkam singib kirgan, yangiliklarda albatta tilga olinadi, bolalar esa bu voqealarni xotirlab suratlar solishadi.

Armanistonda esa «ozarboyjon terrorizmi» bilan qo‘rqitishadi. 1988 yilda Ozarboyjonning Sumgait shahridagi tartibsizliklarda o‘nlab armanlar o‘ldirilgan, minglaganlari qochishga majbur bo‘lgan — bu voqea ham barcha ozarboyjonlarga yorliq yopishtirishga xizmat qiladi.

Har ikki mamlakatda o‘ldirilgan tinch aholi xotirasi siyosiy maqsadlarda ishlatiladi, deydi Qorabog‘ mojarosini o‘rgangan sotsiolog Sergey Rumyansev: «Qorabog‘dagi birinchi urushda Ozarboyjon axborot urushida yutqazgan, o‘shanda armanlar o‘zini turklardan jabr ko‘rayotgan yagona qurbon sifatida taqdim eta olgan. O‘sha urushda eng yirik tinch aholi qirg‘ini bo‘lgan Xo‘jali fojiasi esa Ozarboyjonga ular ham qurbon ekanini ko‘rsatish imkonini taqdim etdi».

Milliy orzular obekti

Armanistonda ozarlarni turklar deb atashadi va shu yo‘l bilan Qorabog‘ mojarosi hamda 1915 yilgi Turkiyadagi armanlar qirg‘inini bog‘lashga harakat qilishadi.

«O‘n besh deganda yilni, Tog‘li deganda Qorabog‘ni esga olaman», deb yozgandi taniqli arman shoirasi Silva Kaputikyan, keyingi satrlarida adolat talab qilib.

Tadqiqotchilar Mane Grigoryan va Behro‘z Samedovning qayd etishicha, bunday ijodiy asarlar yuz yil avvalgi Usmonlilar imperiyasining turklari va zamonaviy ozarboyjonliklarni tenglashtiruvchi uzviylik bor va og‘riqli o‘tmish xotiralarini yana qo‘zg‘atishga qaratilgan. Aslida, ozarboyjonlarning o‘tmishi Turkiya bilan emas, Eron va Rossiya imperiyasi bilan bog‘liq.

Bir vaqtning o‘zida ozarboyjonlik shoir Xalil Rizo Qorabog‘ni «Ozarboyjon iftixori, jon tomiri va yuragi» deb ataydi.

«Millatchi jamoatchilik o‘y-xayollari Qorabog‘ni muqaddaslashtirib, uni milliy orzu obektiga aylantirgan», — deb yozadi tadqiqotchilar.

Qorabog‘ni muqaddaslashtirish hokimiyat bilan ham achchiq o‘yin qilgan: 2020 yilgi urushdan so‘ng Armaniston rahbariyati Qorabog‘ni mustaqil qilish g‘oyasidan voz kechdi, biroq jamiyatning bir qismi bu narsaga rozi bo‘lmadi.

«Hozir “Qorabog‘ni berish — Armaniston davlatchiligini yo‘qotish” shiori bor, lekin nima uchunligi va bu nimani anglatishini hech kim bilmaydi. Mana shu muqaddaslashtirish oqibati», — deydi arman jurnalisti Mark Grigoryan.

Tadqiqotchi Mane Grigoryan sovet davrigacha Qorabog‘ni «muqaddaslashtirish»ga misol topa olmaganini aytadi, sotsiolog Sergey Rumyansev esa ozarboyjonliklar uchun ham bu hudud XX asr oxirlaridagi mojarolardan so‘ng chinakam aziz joyga aylana boshlaganini qayd etadi.

Qorabog‘ning avvalgi poytaxti Shusha har ikki xalq uchun muqaddas vatanga aylangan, garchi u XVIII asrda qurilgan va qadimiyligi bo‘yicha atrofdagi ko‘plab shaharlar, jumladan, Boku va Yerevandan ancha yosh.

Shusha manzaralaridan biri

Hozir Ozarboyjon nazoratiga qaytgan Shushaga borib, osori atiqalar fonida suratga tushib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yangi urfga aylangan. Birinchi urushgacha Shushada aholining 90 foizini ozarboyjonlar tashkil etgan, ularning shahardan quvib chiqarilishi ko‘plar uchun zarba bo‘lgan.

Tadqiqochilar Samedov va Grigoryanning yozishicha, umumiy muqaddas o‘tmish millatlarning siyosiy umumlashuvini shakllantiradi, biroq tashqi, eng asosiysi — abadiy dushman obrazi orqali.

O‘tmish hukm ostida

«Armanlar — dushman, eronliklar — dushman, turklar — do‘st». Bokuliklarning ko‘pchiligi shu fikrda, urushdan ikki yarim yil o‘tgach, mahalliy matbuot ham buni bot-bot takrorlamoqda.

«Eronliklar ham armanlar singari makkor», — deydi yangiliklarni radiodan eshitgan bokulik taksichi. Mashinamiz tirbandlikda turib qoldi, oynadan XVI asr boshlarida Ozarboyjonni mahv etgan shoh Ismoil Birinchiga o‘rnatilgan haykal ko‘rinib turardi. U Eron shohi bo‘lsa-da, ozarboyjonliklar tilida she’rlar yozgan, shu sababli uni bu yerda o‘zlariniki hisoblashadi.

«U turklarga qarshi urushgan», — deyman haykal tomon ishora qilib.

«Bu yolg‘on, — deydi taksichi. — Sen buni internetdan o‘qigan bo‘lsang kerak, u yerda feyklar tiqilib yotibdi».

Bugun Ozarboyjon va Turkiya — ittifoqchi, xalqlari o‘xshash tilda so‘zlashadi. Ozarboyjon poytaxti urush tugagandan buyon Turkiya bayroqlari bilan ham bezatilgan, askarlar esa o‘z libosiga mamlakat bayrog‘i bilan birga Turkiya bayrog‘ini ham qadashadi.

Lekin ko‘pchilik bugungi kun voqeligini o‘tmishga ham tatbiq etishga harakat qilishmoqda, ammo «ularning» shoh Ismoili Usmonli imeriyasiga qarshi kurashganiniga ishonishlari qiyin.

Millatlar va elatlar tomonidan o‘zining bugungi voqeligini o‘tmishi ustiga qo‘yishi primordializm deb ataladi. Zamonaviy ozarboyjonlar va armanlarni endi XVIII asrda Qorabog‘ning Panoh Ali xoni va mahalliy arman feodali Shohnazar quda-anda bo‘lgani, birgalikda jang qilgani, o‘sha Shushani birga qurganiga ishontirib bo‘lmaydi.

Arman shoiri Sayat Nova ozarboyjon tilida ham she’rlar yozgan

Armanlar va ozarboyjonlarning ziddiyati millatchilik g‘oyalari tarqalishi bilan chambarchas bog‘liq, hozir ko‘pchilikka tuyulganidek chuqur tarixiy ildizlarga ega emas, nari borsa 100 yillik tarixga ega.

Tadqiqotchi Benedikt Anderson o‘zining «O‘ylab topilgan uyushmalar» kitobida millatchilik millatni tarix qa’ridan chiqib kelgan uyushma sifatida tasvirlaydi, aslida millat g‘oyalari XVIII-XIX asrlarda paydo bo‘lgan, deb yozadi. Yevropada va jahonning boshqa nuqtalarida sanoatlashuv sharofati bilan, shuningdek, savodlilik darajasi oshishi bilan o‘zlikni anglash asosi din emas, til bo‘la boshlagan: masalan, inson o‘zini birinchi navbatda vengr, so‘ngra katolik hisoblagan.

Millatchilik g‘oyasi o‘sha paytlar Rossiya imperiyasi guberniyalari hisoblangan Janubiy Kavkazga ham kirib kela boshlagan. Juda ko‘p joylarda aholi aralash yashardi: ozarboyjonlar Yerevan aholisining katta qismini tashkil etar, armanlar esa Bokuning.

XX asr boshida har ikki tomonda millatchilar zo‘ravonlik namoyish eta boshlashgan: 1905 yildan Naxichivonda armanlar kaltaklangan, Shushada esa ozarboyjonlar; zamonaviy Ozarboyjon va Armanistonning butun hududi bo‘ylab qurollangan otryadlar to‘qnashuvlari yuz bera boshlaydi. Nihoyat eng qonli to‘qnashuvlar 1918 yilda Bokuda ro‘y beradi, mart oyida minglab ozarboyjonlar halok bo‘ladi, sentabrda esa armanlar.

Sovet hukumati davrida milliy masalalar «gilam ostiga» berkitildi va 1980-yillar so‘ngiga kelib yana bo‘y ko‘rsata boshlaydi. Tadqiqotchilar qayd etishicha, hammasi ekologik namoyishlardan boshlangan: Armanistonda «Metsamor» AES tufayli, Ozorboyjonda esa Qorabog‘da o‘rmonlar kesilishiga qarshi chiqishgan. Ekologik harakat tezgina millatchilik harakatiga do‘ngan va Armanistonda namoyish qilayotganlar Qorabog‘ni Ozarboyjondan ajratib olib, Armanistonga qo‘shishni talab qila boshlashadi.

Yana tartibsizliklar boshlanib ketgan va 1992 yilda sobiq sovet respublikalari o‘rtasida to‘laqonli urush ro‘y beradi.

Abadiy urush

XX asrgacha bu xalqlar umumiy pazandachilik (bu borada haligacha bahslashishadi), musiqa va urf-odatlarga ega bo‘lgani haqida hech kim eslamayapti. Tadqiqotchilar Samedov va Grigoryanning so‘zlariga ko‘ra, har ikki tomon o‘z madaniyatida bir-birini «ayyor va munozaraga yaroqsiz yovuz» obrazi sifatida translatsiya qiladi.

Ozarboyjonda urush boshlanganidan 30 yildan ortiq vaqt o‘tib, urush haqida yangi qo‘shiqlar yozilmoqda, ularda Turkiya va Ozarboyjon prezidentlari madh etilib, Armaniston bosh vaziri kalaka qilinmoqda, videokliplarda yaqinda tugagan urushda pilotsiz uchar qurilmalardan berilgan zarbalar namoyish etilmoqda.

2020 yili ro‘y bergan 44 kunlik urushda Ozarboyjon Qorabog‘ning bir qismi hamda uni o‘rab turgan va 1990-yillardan buyon Armaniston okkupatsiyasi ostida bo‘lgan yettita tumanni to‘liq qaytarib oldi. Hozir bu hududlarda yangi aeroportlar, yo‘llar va 30 yil vayrona holida turgan shaharlar yangidan qurilmoqda. Minalardan tozalash ishlari olib borilmoqda, bir paytlar shu hududlarda yashagan ozarboyjon qochqinlari va ularning avlodlari sekin-asta vataniga qaytishmoqda.

Bunga parallel ravishda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida chegaralarni demarkatsiya qilish bo‘yicha og‘ir muzokaralar o‘tkazilmoqda, tomonlar sulh shartnomasi variantlari ustida ishlashmoqda. Lekin hali to‘la tinchlik o‘rnatilishiga ancha bor, chegaralarda va Qorabog‘da hamon otishmalar bo‘lib turibdi, insonlar o‘lmoqda.

Armaniston Ozarboyjonga hududiy da’vosidan voz kechdi, biroq Boku Qorabog‘ armanlari bilan muzokaralarga endigina kirishdi. Bu vaqtda Qorabog‘ning o‘zi (uning bir qismi sulh shartnomasiga ko‘ra rossiyalik tinchlikparvar kuchlar nazorati ostida) uch oydirki qamal holatida qolmoqda. Ekofaollar hududni Armaniston bilan bog‘lovchi yagona yo‘lni yopib qo‘yishgan.

Urushda g‘alaba qozongach Ozarboyjon Qorabog‘ armanlariga biror avtonomiya taklif etishni bas qildi, prezident Ilhom Aliyev esa Ozarboyjon fuqaroligini olishni istamaganlar hududni bemalol tark etishi mumkinligini aytdi.

Mamlakat ichida Ozarboyjon g‘alaba mavzusini yanada avj oldirdi — o‘tgan yil rasman Shusha shahri yili deb e’lon qilindi. «Shusha — muqaddas shahar, bizning Makkamiz ekani [odamlarning ongiga] singdirilmoqda, — deydi Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha ekspert Shohin Rizayev. — Bularning barchasiga chek qo‘yib, bir necha yurishni oldindan o‘ylab, armanlar va ozarboyjonlarning birgalikda umrguzaronlik qilish variantini tanlash fursati yetgan».

* * *

2007 yili Tbilisida sayr qilib yurarkanmiz, tanish armani qiz kaftini yoygancha masalaning mohiyatini obrazli qilib tushuntirishga urinib ko‘rdi: «Biz, armanlar xuddi daraxt kabimiz, — degandi u barmoqlari yoyilgan kaftiga ishora qilib. So‘ng chinchalog‘ni ko‘rsatdi. — Bu esa Shusha. Bu shoxni sindirish mumkin emas, chunki unda men o‘lgan bo‘laman».

U yaxshi, oqko‘ngil qiz edi, ozarboyjonlarni yomon ko‘rar, ilgari qanday qilib birga totuv yashaganimizni xayoliga sig‘dira olmasdi. Men esa uning uchun boshqalarga o‘xshamaydigan, yaxshi ozarboyjon yigit edim.

Sayrimiz chog‘ida menga xolam qo‘ngiroq qilib qoldi. Arman qizi bilan sayr qilib yurganimni eshitgach, xolam qat’iy ogohlantirdi: “Ehtiyot bo‘l, u seni zaharlab qo‘ymasin”.

Aftidan, katta avlod boshqacha davrlar bo‘lganini unutib qo‘ygan, kichik avlod esa u davrlarni hech qachon ko‘rmagan. Mening xolam endi bu dunyoda yo‘q, tanish armani qiz esa vaqt o‘tib men bilan gaplashmay qo‘ydi.

Maharram Zaynalov, BBC.

Mavzuga oid