Jahon | 15:03 / 10.04.2023
20338
6 daqiqa o‘qiladi
Zaporijjya yana o‘qqa tutildi, Rossiya raketasi uyni yakson qilgan. Urush suratlari
Ukrainada urushning 410-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiya qo‘shini Zaporijjyani o‘qqa tutdi. 11 yoshli qiz va uning otasi halok bo‘lgan.
- Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi vakili Sergey Cherevatiyning xabar qilishicha, «Vagner» XHKning yo‘qotishlari tufayli Rossiya Baxmut yo‘nalishiga muntazam armiya qismlarini yuborishga majbur bo‘lmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Baxmut uchun janglarda XHK «faqat halok bo‘lganlar hisoblanganda» kuniga o‘rtacha yuz kishi yo‘qotmoqda. Rossiya tomoni bu ma’lumotga munosabat bildirmagan.
- The Washington Post nashri Pentagonning sizdirilgan maxfiy ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, «Vagner» XHK Mali va Ukrainadagi «harakatlar» uchun Turkiyadan qurol sotib olishga harakat qilgan. Ma’lum qilinishicha, xususiy harbiy kompaniya vakillari Turkiyada «ayrim suhbatdoshlar bilan uchrashgan», Malining muvaqqat prezidenti Assimi Goita esa go‘yoki uning mamlakati «Vagner» XHK uchun Turkiyadan qurol sotib olishga tayyorligini tasdiqlagan. Bu muzokaralar nima bilan yakunlangani va bu haqda Turkiya hukumati nimanidir bilishi aniq emas. Turkiya hukumati matbuot xizmati va Malining Vashingtondagi elchixonasi jurnalistlarga izoh berishdan bosh tortgan.
- Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) o‘zining kunlik hisobotida xabar berishicha, Rossiyaning Ukrainadagi yurishi sur’ati butun front bo‘ylab pasaygan. Ekspertlar yozishicha, Rossiya kuchlari o‘zining yurish qilish imkoniyatlari pasayganini artilleriya orqali yopishga urinmoqda – bu jang maydonida uning qo‘llanishi dinamikasida ham seziladi, ammo Rossiyada o‘q-dorilar yetishmovchiligi yakunda «RF Qurolli kuchlarining zaif tomonlari o‘rtasida muvozanatni topishda davom etish qobiliyatiga putur yetkazadi».
- Tver oblastida «Svoboda Rossii» legioniga a’zo bo‘lishga urinishda ayblangan Sergey Kolin majburiy davolanishga yuborildi. Tergov versiyasiga ko‘ra, Kolin telegram va yutub orqali (uning Kupala TV kanali bo‘lgan) «maxsus harbiy amaliyot o‘tkazilishi vaqtida Ukraina tomonini qo‘llab-quvvatlashini aytgan», «RF fuqarolariga dushmanligini bildirgan», shuningdek «davom etayotgan maxsus harbiy amaliyoti bilan bog‘liq ravishda RF rahbariyati va hukumatiga nisbatan salbiy munosabatini bildirgan».
Kun kadri. Otishmalar vaqti yerto‘laga yashiringan buvi va nabira
Zaporijjya o‘qqa tutilishi oqibatlari
9 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Zaporijjyani o‘qqa tutdi. Ukraina FVDX ma’lumotiga ko‘ra, raketalarning ikkitasi shahardagi xususiy sektorga kelib tushgan, ikki kishi halok bo‘lgan — 50 yoshli ota va uning 11 yoshli qizi. Ona xarobalar ostidan chiqarib olingan, oilaning katta qizi mehmonda bo‘lgan va omon qolgan.
Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi pozitsiyalari
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024