Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Kremlga zarba berish» oqibatlari va Ukrainadagi muammolar. OAV Pentagonning sizdirilgan hujjatlaridan nimalar topmoqda?
Jahon matbuoti internetga tarqab ketgan o‘nlab maxfiy fayllarni o‘rganishda davom etmoqda. Ko‘pchilik bu qog‘ozlarni ishonch bilan «Pentagonning maxfiy hujjatlari» deb atayapti va ulardan yangi qiziqarli fikrlarni topyapti. Masalan, razvedkaning Putin yoki Zelenskiy o‘lib qolsa nimalar yuz berishi mumkinligi haqidagi taxminlari, AQSh ittifoqchisi hisoblanuvchi arab davlatlarining Rossiya bilan hamkorligiga ishoralar, Ukraina armiyasidagi kuchlar yetishmovchiligi kabi ma’lumotlar shular jumlasidan.
BBC nashri oshkor qilingan hujjatlardagi ba’zi ma’lumotlar, xususan, Ukraina urushidagi tomonlarning yo‘qotishlarini baholash, AQSh razvedka agentliklarining ittifoqchi davlatlar rahbariyati ortidan kuzatuvi, Ukrainada G‘arb mamlakatlari maxsus kuchlarining kichik bo‘linmalari mavjudligi va Serbiyaning Ukrainaga qurol yetkazib berishga tayyorligi haqida oldinroq yozgandi.
Sizib chiqqan ma’lumotlarga aloqador rasmiylar odatdagidek hujjatlar mazmuniga izoh bermagan. Ular qog‘ozlardagi ma’lumotlar yolg‘onligi yoki eskirganini aytgan. Oxirgi marta shunday bayonotni Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov berdi. U sizdirilgan axborotlar to‘g‘ri va yolg‘on ma’lumotlar qorishmasi ekanini ma’lum qildi.
Biroq, jurnalistlar internetda tarqalgan o‘nlab fayllar ichidan yangi qiziqarli ma’lumotlar tavsiflarni topmoqda.
Prezidentlar o‘limi va Kremlga zarba
The New York Times AQSh razvedkasi urushdagi vaziyatni tubdan o‘zgartiradigan voqealar – Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning o‘limi, Rossiya harbiy rahbariyatining davlat ishlariga kuch bilan aralashishi va ukrainaliklarning Kremlga zarbasi yuz bergan taqdirda taklif qiladigan harakatlar rejasi haqida yozdi.
Nashrning ta’kidlashicha, bu ssenariylar oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladigan voqealar (inglizcha wild card) — ziddiyatning o‘ta keskinlashishidan tortib tinchlik muzokaralarigacha, sifatida belgilangan. AQSh harbiy razvedkasi bu hodisalarning ehtimoli va oqibatlarini baholamaydi, balki faqat qo‘mondonlar va siyosatchilarga bunday voqea sodir bo‘lganda nima qilish kerakligi bo‘yicha variantlar taklif qiladi.
Hujjatga 24 fevral sanasi qo‘yilgan va unda «Bir yil» belgisi bor, ya’ni bu qog‘oz urush boshlanganining bir yilligi munosabati bilan maxsus tayyorlangan.
«To‘rt nazariy ssenariydan biriga ko‘ra, Ukraina Kremlga zarba beradi. Potensial imkoniyatlarning keng doirasi aniqlangan. Bu voqea mojaroni kuchaytirishi mumkin — Putin jamoatchilik noroziligiga yalpi safarbarlik bilan javob beradi va taktik yadro qurolidan foydalanishni o‘ylab ko‘radi. Yoki aholi qo‘rquvi uni tinchlik muzokaralariga ham undashi mumkin», deya AQSh rasmiylarining mulohazalarini keltiradi The New York Times nashri.
Afrikadan kelgan savdo mijozlari
The New York Times tafsilotlarini yozgan yana bir maxfiy hujjat Mali va Rossiya hukumatlari o‘rtasida neft sotib olish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar haqidagi hisobotdir.
17 fevral sanasi ko‘rsatilgan ushbu hujjatga ko‘ra, maliliklar Rossiya energetika vazirligi hamda «Vagner»ga (ushbu kompaniyaning yollanma askarlari Malida jang qilmoqda) aloqador firma bilan muzokaralarda Rossiya tomonidan taklif qilgan neft narxiga rozi bo‘lmagan va savdolashishda davom etgan.
Arablarning manyovrlari
Britaniyaning The Times gazetasi AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari — Misr va Birlashgan Arab Amirliklari Rossiya bilan yashirin aloqalar o‘rnatayotgani haqidagi maxfiy hujjatlar ma’lumotlarini e’lon qildi.
Sizdirilgan hujjatlarda aytilishicha, Misr Rossiyaning «Grad» tizimlari uchun raketalar ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda allaqachon ko‘plab nashrlar xabar bergandi.
«Rossiya rasmiylarining yozib olingan o‘zaro suhbatlariga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari AQSh va Buyuk Britaniya razvedkasiga qarshi kurashda ular bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan», deb yozadi Times nashri.
BAA bu ayblovlarni darhol rad etdi.
Times gazetasining yozishicha, BAA (shuningdek, Saudiya Arabistoni ham) Putinning Rossiyasi va Xitoyga xayrixohligini yashirmaydi, ammo baribir AQSh va kamroq darajada Buyuk Britaniya bilan munosabatlarni buzishni istamaydi.
Shunga qaramay, gazetaning fikricha, sizib chiqqan bu ma’lumot aniq belgilar (simptom)ga asoslangan. «Ushbu hujjatlar — arab dunyosining xavfsizlik arxitekturasida va AQSh bilan munosabatlarda tektonik siljish yuz berayotgani haqidagi tezisning qo‘shimcha tasdig‘idir», deb yozadi Times.
Ukrainada qarshi hujum uchun yetarlicha kuch yo‘qmi?
Britaniyaning The Daily Telegraph gazetasi AQSh razvedkasi hujjatlaridagi Ukrainaning katta va muvaffaqiyatli qarshi hujum operatsiyasi uchun yetarlicha kuchga ega emasligi haqidagi ma’lumotlarga alohida e’tibor qaratgan.
«Hujjatlardan shu xulosaga kelish mumkinki, AQSh qarshi hujum operatsiya rejalarining maqsadga muvofiqligi haqida jiddiy savollarga ega va Vashington bu operatsiya faqatgina «o‘rtacha hududiy yutuqlar»ga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Hujjatda aytilishicha, Ukraina armiyasining yetarli darajada tayyorgarlikka ega emasligi qurol-yarog‘ yetishmovchiligi bilan birgalikda Ukraina hujumi muvaffaqiyatga erishishiga to‘sqinlik qiladi va qo‘shimcha yo‘qotishlarga olib keladi», deb yozadi Daily Telegraph.
Biroq, gazeta eslaganidek, bu hujjatlar fevral oyi boshida tuzilgan, ya’ni o‘shandan beri vaziyat o‘zgargan bo‘lishi mumkin.
Ukraina havo mudofaasining jangovar samaradorligi
Qirq yildan ortiq vaqt davomida xalqaro siyosat, urushlar va razvedka haqida yozgan Washington Post sharhlovchisi Devid Ignatius ham Ukraina armiyasidagi yetishmovchiliklar haqida gapirgan. Ignatius Ukrainadagi zenit-raketalar soni va sarfi baholangan 23 fevraldagi hujjatga alohida e’tibor bergan.
«Bu raqamlar qo‘rqinchli», degan kuzatuvchi.
Olti kilometrdan teparoqda uchuvchi havo nishonlariga qarshi kurashda Ukraina 89 foiz sovet tipidagi «Buk» va S-300 tizimlariga tayanadi. Amerikaliklar fevral oyida qilgan hisob-kitobga ko‘ra, raketalar sarfining avvalgi sur’ati saqlanib qolsa, ukrainaliklar 31 martgacha «Buk» raketalarini, 2 maygacha esa S-300 raketalarini tugatib bo‘lishi qayd etilgan.
«Agar Ukraina bu taqchillikni to‘ldira olmasa, hujjatda aytilganidek, Rossiya oxir-oqibat havoda ustunlikni qo‘lga kiritadi va quruqlikdagi nishonlarga to‘siqlarsiz hujum qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlarini qarshi hujum uchun jamlay olmasligi va o‘z shaharlarini himoya qilolmasligini anglatadi», deb yozadi Washington Post gazetasi sharhlovchisi.
Ignatiusning qayd etishicha, G‘arb davlatlarida Ukraina armiyasining bu urushdagi ehtiyojlarini tez va samarali qondirish uchun zaxira va ishlab chiqarish quvvati yetarli emas.
Hujjatlar haqiqiyligini baholashda Ignatius ularning mazmuni allaqachon ma’lum bo‘lgan faktlarga mos kelishiga e’tibor qaratishni taklif qiladi. U shuningdek, AQSh prezidenti ma’muriyatidagi anonim suhbatdoshining «hujjatlar bir qarashda haqiqiydek ko‘rinadi» degan gapini ham isbot sifatida keltiradi.
«Ukraina bo‘yicha tarqalgan hujjatlar, katta ehtimol bilan vaziyatni to‘g‘ri ifodalaydi va bu ma’lumotlar xavotirli kartinani hosil qiladi», deya xulosa qilgan amerikalik faxriy jurnalist.
Mavzuga oid
11:58 / 25.05.2026
Pentagon NUJlarga oid hujjatlarning navbatdagi qismini e’lon qildi
21:13 / 12.05.2026
Pentagon AQSh va Eron o‘rtasidagi urushning narxini ochiqladi
21:36 / 08.05.2026
Pentagon NUJ haqidagi hujjatlarning birinchi qismini e’lon qildi
16:21 / 24.04.2026