Iqtisodiyot | 19:00 / 13.04.2023
49680
13 daqiqa o‘qiladi

Oqibatlar bilan kurashish yashirin iqtisodiyotni qisqartirmaydi

Soliq qo‘mitasi 1 maydan e’tiboran jismoniy shaxslar o‘rtasidagi kartadan kartaga barcha pul o‘tkazmalarini kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan maqsad nima va bu nega tanqidlarga sabab bo‘lyapti?

Foto: AP

O‘zbekistonda 1 maydan boshlab pul o‘tkazmalarini (P2P) amalga oshiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olish-olmasligidan qat’i nazar, o‘tkazmalar uchun elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirib, soliq organlariga taqdim etishi kerak.

Bugun, 13 aprel kuni Soliq qo‘mitasida shu masala bo‘yicha uchrashuv o‘tkazilgan.  Unda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev hamda bank sohasi va to‘lov tashkilotlari vakillari, xususan axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislari qatnashgan. Uchrashuvda elektron axborot almashinuvini tartibga solish va texnik integratsiyani soddalashtirish muhokama qilingan.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, uchrashuvda P2P-o‘tkazmalari sabab soliq munosabatlari yuzaga kelmasligi va jismoniy shaxslarda soliq to‘lash majburiyatlari paydo bo‘lishidan xavotirlanish asossiz ekani aytilgan (xavotirlar uyg‘onishiga qo‘mitaning o‘zi tarqatgan rasmiy xatda “tijorat banklarida P2P operatsiyalari va ularni soliqqa tortish” deb yozilgani sabab bo‘ldi).

Barcha P2P o‘tkazmalardan soliq organlari xabardor bo‘lib turishi ko‘zda tutilgan prezident farmoni 10 fevralda imzolangan edi. Bu keng jamoatchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘lgan va iqtisodchilar tomonidan tanqid qilingandi. Lekin shundan beri na Soliq qo‘mitasi, na Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu amaliyotdan maqsad nimaligi bo‘yicha hech qanaqa izoh bermadi.

Adliya vazirligi fevral oyida bergan ma’lumotga ko‘ra, huquqiy ekspertiza uchun taqdim etilgan farmon loyihasida P2P o‘tkazmalarga oid band bo‘lmagan. Ya’ni bunaqa kutilmagan va farmondagi boshqa bandlarga mazmunan qovushmaydigan band hujjatga huquqiy ekspertizadan keyin qo‘shib yuborilgan. Hatto lingvistik ekspertizadan ham o‘tkazilmagan shekilli, to‘lov tashkilotlari EHFlarni “taqdim etadi va rasmiylashtiradi” deya, so‘zlarning o‘rni almashtirib yozib qo‘yilgan.

Adliya vazirligi o‘z bayonotida bu holatni qoralashdan tiyilgan edi. Vaholanki, ikki yil oldin imzolangan prezident qaroriga asosan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazilishi belgilangan.

Masalaning huquqiy jihatlari

“Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga asosan, banklar mijozlarining operatsiyalariga doir ma’lumotlar bank siri deb hisoblanadi. Qonunning 11-moddasiga binoan, bank sirlari soliq organlariga bank mijoziga soliq solish masalalariga taalluqli hollarda taqdim etilishi mumkin. Ya’ni, soliq solish masalasiga taalluqli bo‘lmagan holatlarda soliq organlariga mijozning operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishga qonun yo‘l qo‘ymaydi.

1 maydan esa faqat soliq solishga taalluqli operatsiyalar emas, umuman barcha P2P o‘tkazmalar haqidagi axborotlar (ya’ni bank sirlari) soliq organlariga berilishi talab qilinyapti. Biroq ma’lumki, P2P o‘tkazmalarning katta qismi tadbirkor-mijoz o‘rtasida emas, ikki jismoniy shaxs, masalan qarindoshlar va do‘stlar o‘rtasida ro‘y beradi, bu esa hech qanaqa soliq munosabatini keltirib chiqarmaydi.

“To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga asosan, to‘lov tashkilotlari mijozlarga xizmat ko‘rsatish vaqtida olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlashi, uchinchi shaxslarga oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Faqat “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan holatlar bundan mustasno. Bu qonundagi soliqqa oid talab haqida esa yuqorida so‘z yuritildi.

Shulardan kelib chiqib, 1 maydan e’tiboran banklarning mobil ilovalari va to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilgan barcha P2P o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlar soliq organlarida jamlanishini qonunlarga zid, deb hisoblash mumkin.

Yana shuni e’tiborga olish kerakki, aynan may oyidan boshlab yangi tahrirdagi Konstitutsiya ham kuchga kirishi kutilyapti. Hujjat referendum natijalari e’lon qilinishi bilanoq amal qila boshlashi belgilangan.

P2P-o‘tkazmalar bilan bog‘liq holatda bu shunisi bilan ahamiyatliki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga binoan:

  • bank operatsiyalarining sir tutilishi kafolatlanadi (41-modda, bu moddada “qonunda belgilangan holatlar bundan mustasno” degan joyi yo‘q);
  • har bir inson shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish huquqiga ega (31-modda);
  • insonning huquqlari (xususan, yuqorida aytilgan shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish huquqi) bevosita amal qiladi (20-modda);
  • insonning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga hech kim haqli emas (20-modda, amaldagi qomusda 19-modda);
  • har kim o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega (31-modda);
  • Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi (15-modda).

Aytish mumkinki, boshqa bir shaxsga yoki o‘zingizning boshqa kartangizga hatto 1000 so‘m o‘tkazganingizdan ham davlatning xabardor bo‘lib turishi – shaxsiy va oilaviy sirlarga ega bo‘lish huquqini cheklaydi.

Masalaning iqtisodiy jihatlari

Vazirlik va qo‘mita P2P-o‘tkazmalardan xabardor bo‘lishdan maqsadi nima ekanini ochiqlamayotgan bo‘lsa-da, gap soliqdan qochish holatlariga qarshi kurashish haqida ketayotganini taxmin qilish mumkin.

Ehtimolki, bu yo‘l bilan quyidagilar maqsad qilingan:

  • savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida karta orqali to‘lovlarni terminal bilan emas, P2P orqali qabul qilish holatlariga qarshi kurashish;
  • norasmiy onlayn savdo platformalari – Telegram va Instagram'dagi turli-tuman savdo kanallarini rasmiy faoliyat yuritishga majburlash;
  • umumiylashtirib aytganda, soyadagi iqtisodiyotni yorug‘likka chiqishga undash va shu yo‘l bilan soliq tushumlarini oshirish.

Haqiqatan ham, P2P-o‘tkazmalar juda ham ommalashib borayotgani, bu xizmat ko‘plab holatlarda “jismoniy shaxsdan jismoniy shaxsga” degan asl mazmuni bo‘yicha emas, “jismoniy shaxsdan tadbirkorga” degan mazmun kasb etayotgani – bor gap. Lekin bunga qarshi kurashishning hukumat tanlagan hozirgidek uslubi – nafaqat yuqorida aytilganidek qonunchilikka, balki iqtisodiy mantiqqa ham zid.

Gap shundaki, bu chora orqali davlat ko‘radigan foyda yo‘qotiladigan foydaning oldida hech narsa bo‘lmasligi mumkin. Chunki naqdsiz to‘lovlar ustidan nazoratning kuchayishi avtomatik ravishda naqd shakldagi to‘lovlarga talabni oshiradi. Bu – bank tizimidan mablag‘larning oqib ketishiga, soliqdan qochish istagidagi do‘kondorlarning shunchaki boshqa yo‘llarni izlab topishiga, natijada naqd va naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutning ortishiga olib keladi.

Oxir-oqibat, ko‘zlangan maqsadlarga qisman erishilishi, qisqa muddatda yashirin iqtisodiyotning muayyan qismi legallashishga majbur bo‘lishi mumkin, lekin uzoq istiqbolda bu choraning samarasi haqida ijobiy fikr aytib bo‘lmaydi, chunki kurash yashirin iqtisodiyotning sabablariga emas, oqibatlariga qaratilgan. Sabablar esa berilgan son-sanoqsiz imtiyozlar sabab soliq yuki barchaning yelkasiga teng va adolatli taqsimlanmayotganiga borib taqaladi.

Sabablar emas, oqibatlar bilan kurashilarkan, zanjirdagi barcha bo‘g‘inlar uchun xaridlarning tranzaksion xarajatlari oshadi, norasmiy faoliyat yuritayotganlar esa shunchaki yangi sharoitlarga moslashadi: yangi aylanma yo‘llarni qidiradi, vaziyat taqozosi bilan faoliyatini kengaytirmasligi, toraytirishi yoki to‘xtatishi mumkin. Va bu ko‘zga ko‘rinmas, lekin iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiruvchi omilga aylanadi. Qolaversa, kurashning hozirgidek yondashuvi yangidan yangi kiritiladigan choralarning borgan sari taqiq va cheklovlarga qarab boraverishini taqozo qiladi.

Yangi nazorat turini o‘rnatishdan avval bor imkoniyatdan foydalanish kerak

Rasmiylarda P2P o‘tkazmalarning to‘lov vositasi sifatida ishlatilishiga qarshi kurashishning boshqa vositalari ham bor edi. Xususan, chek berish va terminallardan foydalanish bo‘yicha talablarga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha hozirgi mavjud mexanizmlardan ham foydalanish mumkin. Ya’ni, agar Soliq qo‘mitasi istasa, xuddi chek berish bo‘yicha qat’iy talablarni muvaffaqiyatli o‘rnata olgani kabi, P2P bilan savdo qilishni ham ma’muriy yo‘l bilan sezilarli kamaytira oladi.

Qo‘mita ana shu effektiv chora bilan kifoyalanishi mumkin bo‘lgan sharoitda esa, amalda bu choralarni deyarli qo‘llamayapti. Ko‘plab do‘konlardagi kassalarda ochiqchasiga 16 xonalik karta raqamlari yozib qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Ayrim do‘konlarda esa bir nechta to‘lov tizimlarining QR-kodlari tushirilgan bannerlar ilingan: bu QR-kodlar skaner qilinganida, “Joyida to‘lov” kabi qonuniy to‘lov amaliyotiga emas, P2P-o‘tkazmaga olib boradi.

Tadbirkorlar ana shunday ochiq-oshkora tarzda P2P-o‘tkazmalar orqali savdo qilyapti. Bu bemalolchilikdan soliq organlari albatta xabardor, lekin negadir befarq. Savdo nuqtalariga bu masalada shunchalik erkinlik berib qo‘yilganidan, go‘yoki kimdir manfaatdordek, “tegmay tur” degan topshiriq bordek taassurot ham uyg‘onadi. Birdaniga keskin kurash e’lon qilingan paytda soliq tushumlarida sezilarli o‘zgarish bo‘lishini ta’minlash uchun shundaydir, ehtimol.

Shu o‘rinda Soliq qo‘mitasining P2P o‘tkazmalardan xabardor bo‘lishga intilishi shu yaqin orada boshlanmaganini ham eslab o‘tish lozim. 2020 yilda qo‘mita “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunni o‘zgartirib, oylik pul aylanmasi 30 mln so‘mdan oshgan yoki 10 tadan ko‘proq P2P o‘tkazmalari amalga oshirilgan jismoniy shaxslarning bank kartalari bo‘yicha hisobvaraqlar haqidagi ma’lumotlarni elektron tarzda olib turmoqchi bo‘lgandi. Lekin ham jamoatchilik, ham hukumat rasmiylari tomonidan bo‘lgan qarshilik sabab, yakunda soliqchilar ishlab chiqqan qaror loyihasi qabul qilinmay qolgandi.

Fikrimizcha, bu safar muhokamaga ham qo‘yilmay, nosamimiy yo‘llar bilan farmonga qo‘shib yuborilgan talab qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalardan savdo maqsadlarida foydalanish holatlarini soliq nazoratining amaldagi mexanizmlaridan foydalanish orqali ham tiyib tursa bo‘ladi.

Shuningdek, rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, jismoniy shaxslarda P2P o‘tkazmalar bo‘yicha hisobdorlik majburiyati vujudga kelishining tartiblari va me’yorlarini belgilash masalasini ham o‘rganib chiqish mumkin. Bunda o‘rnatiladigan talablar barchaga emas, faqat 1 oyda shartli 100 ta o‘tkazmani qabul qiluvchilargagina taalluqli bo‘lishi, bu talab avvalo qonunda ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, budjetga tushumlarni oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish vektori – avvalo iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoit yaratishga, barcha uchun teng va adolatli soliq siyosatini yuritishga, erkin va ochiq bozor iqtisodiyotini rivojlantirishga, mustaqil sud tizimini qurishga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Qonunlarga mosligi shubhali bo‘lgan yangidan yangi nazorat mexanizmlarini yaratishga emas.

Komron Chegaboyev

Mavzuga oid