10 fevralda qabul qilingan prezident farmoni bilan, 2023 yil 1 maydan boshlab to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirishi majburiy bo‘lyapti.

Bu tartib pul o‘tkazish uchun komissiya “0” so‘m bo‘lgan taqdirda ham majburiy qo‘llanadi.

Bu shuni anglatadiki, elektron to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, har bir operatsiya uchun hisobvaraq-faktura rasmiylashtirish kerak. Bu tartib P2P (“person to person” – shaxsdan shaxsga) amaliyotlari uchun qo‘llanadi. Ya’ni siz Click, Payme, Apelsin kabi to‘lov tizimlari yoki mobil bank xizmatlari orqali boshqa odamga pul o‘tkazib berganingizda shunday hisobvaraq-faktura shakllantiriladi.

Reaksiya

Yangilik e’lon qilinishi bilan u jamoatchilik faollari, bank-moliya va soliq sohasidagi mutaxassislar tomonidan jiddiy tanqid qilindi. Chunki agar u amaliyotga joriy qilinsa, kartadan kartaga pul o‘tkazishda yo‘q joydan ortiqcha xarajat paydo bo‘ladi.

Chunki har bir elektron hisobvaraq fakturani shakllantirish narxi 270 so‘mdan boshlanadi. Turgan gapki, to‘lov tizimlari va banklar bu xarajatni iste’molchilar zimmasiga yuklaydi. Natijada kartadan kartaga foizsiz pul o‘tkazish imkoniyati kamayishi mumkin.

Hisobvaraq-fakturalarni tadbirkorlik sub’yektlari, ya’ni elektron hujjat almashish operatorlari tuzib beradi. O‘zbekistonda hozirda bunday operatorlar soni 24 ta. Ulardan eng mashhurlari – Didox, E-faktura va Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq servis” platformalaridir.

Iqtisodchi Shuhrat Qurbonovning yozishicha, bu banklar va to‘lov tashkilotlarining kartadan kartaga o‘tkazmalar bo‘yicha xarajatlarini oshirishi mumkin.

Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha, bu band tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratmaydi, qaytaga qiyinlashtiradi va qimmatlashtiradi.