Jahon | 18:02 / 13.04.2023
20627
5 daqiqa o‘qiladi

Yolg‘on va’dalar: Putin va harbiylar nimalarni aytdi-yu, qaysi so‘zidan qaytdi?

RF prezidenti Ukraina bilan «faqat professional harbiylar» urush olib borishini va’da qilgandi. Oradan bir yil o‘tgach, Rossiya frontda jang qilish uchun yaroqli erkaklar uchun o‘z chegarasini yopmoqda.

Mixail Klimentev / AP / Scanpix / LETA

Meduza Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin va mamlakat mudofaa vazirligining urush davridagi yolg‘on bayonotlari zanjirini tuzdi.

2022 yil 5 mart

Rossiya prezidenti Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»da «faqat professional harbiylar — zobitlar va shartnoma asosida xizmat qiluvchi harbiylar» ishtirok etayotganini ta’kidlaydi. U Ukrainada muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar «birorta ham yo‘qligi», qo‘mondonlik yosh askarlarni jangovar harakatlar zonasiga yuborishni rejalashtirmayotganini ta’kidlaydi. Putin harbiy komissariatga o‘z ixtiyori bilan kelganlarga tashakkur bildirib, «hozircha ularning yordamiga ehtiyoj yo‘qligi»ni aytadi. «Ishonamanki, ehtiyoj bo‘lmaydi ham», — deb va’da qiladi Putin.

2022 yil 8 mart

Putin xotin-qizlarni 8 mart bayrami bilan tabriklash jarayonida muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar «jangovar harakatlarda ishtirok etmayotgani va ishtirok etmasligi»ni takrorlaydi. U shuningdek, Rossiyada zaxiradagi harbiylarga chaqiruv e’lon qilinmasligiga ham ishontiradi.

2022 yil 9 mart

Rossiya mudofaa vazirligi urushda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlar ishtirok etayotganini tan oladi. «Taassufki, Ukraina hududida o‘tkazilayotgan maxsus harbiy amaliyotda qatnashayotgan Rossiya qurolli kuchlari harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilar ham ishtirok etayotganiga oid bir necha faktlar aniqlandi», — deyilgan vazirlik bayonotida. Idora rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov muddatli xizmatga chaqirilgan bir necha harbiy asirga tushganini ma’lum qiladi.

2022 yil 13 sentabr

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyada ommaviy harbiy safarbarlik o‘tkazilmasligini ta’kidladi. «Ayni paytda bu ko‘zlanmayapti, bu haqda gap-so‘zlar yo‘q», — dedi u. Bundan bir kun avval Peskov safarbarlik to‘g‘risidagi savolga javob berishdan bosh tortib, mudofaa vazirligiga murojaat qilishni tavsiya qilgandi, vazirlik esa hech qanday izoh bermagandi.

2022 yil 21 sentabr

Putin safarbarlik e’lon qildi. U bu zaruratni Rossiya amalda «mamlakatni kuchsizlantirish, parokanda qilish va nihoyat, yo‘q qilishni maqsad qilgan G‘arbning bus-butun harbiy mashinasiga qarshi kurashayotgani» bilan tushuntiradi. Putin safarbarlikni «qisman» deb ataydi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 300 ming kishi harbiy xizmatga chaqirilishini ma’lum qiladi. Lekin Putinning mobilizatsiya to‘g‘risidagi farmonida chaqiriluvchilarning taxminiy soniga oid qismi maxfiylashtirildi.

O‘z chiqishida Putin armiyaga avvalo harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy hisobdagi mutaxassislik hamda «zarur tajriba»ga ega insonlar chaqirilishiga ishontirgandi. Aslida esa safarbarlik harbiy tajribaga ega bo‘lmagan insonlarni ham qamrab oldi. Boz ustiga, ko‘plab safarbar qilinganlarni frontga tayyorgarliksiz jo‘natishgan.

Safarbarlik e’lon qilingach, yuz minglab insonlar Rossiyani tark eta boshlashdi.

2022 yil 31 oktyabr

Rossiya mudofaa vazirligi safarbarlik yakunlanganini e’lon qildi. Igor Konashenkov chaqiruv qog‘ozlari taqdim etish to‘xtatilishi, harbiy komissariatlar shtatli rejimga o‘tishini ta’kidladi. Biroq Putin safarbarlik yakunlangani to‘g‘risida farmon chiqarmadi. Uning matbuot kotibi Dmitri Peskov keyinroq bu holni Putin «yuristlar bilan maslahatlashgani» va ular bunday farmonga hojat yo‘qligini aytishgani bilan izohladi.

2023 yil 11 aprel

Rossiya Davlat dumasi biryo‘la ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda harbiy xizmatdan «bo‘yin tovlash»ni keskin qiyinlashtiruvchi tuzatishlar paketini qabul qildi. Tuzatmalar matniga ko‘ra, Rossiyada harbiy xizmatga majbur insonlarning raqamli reyestri yaratiladi, armiyaga chaqiruv qog‘ozi esa shaxsan qo‘lga emas, «davlat xizmatlari» portali orqali elektron ko‘rinishda ham taqdim etilishi mumkin bo‘ladi. «Bo‘yin tovlovchilar»ning huquqlari cheklanadi: ular Rossiyani tark etib chet elga chiqa olishmaydi, mashina haydashdan, ko‘chmas mulk xarid qilish va bankdan kredit olishdan mosuvo bo‘lishadi.

Dmitriy Peskov bu tuzatmalar «harbiy hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish uchun» zarurligini aytib chiqdi. Safarbarlikning ikkinchi to‘lqinida elektron chaqiruv qog‘ozlari berilishi ehtimoli haqidagi savolga javoban u shunday dedi: «Hech qanday ikkinchi to‘lqin bo‘lmaydi».

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid