Jahon | 23:14 / 14.04.2023
7446
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Konstitutsiyaviy Kengashi pensiya islohotining aksariyat qoidalarini ma’qulladi 

Ushbu qonun tufayli mamlakatda millionlab odamlar norozilik namoyishlariga chiqqan edi. 

Foto: Bertrand Guay/AFP/Getty Images

Fransiyada pensiya islohoti to‘g‘risidagi qonun asosan Konstitutsiyaga mos keladi, shuningdek, qonun loyihasini parlamentda ovoz berishsiz ma’qullash ham Konstitutsiyaga mos. Bu haqda Konstitutsiyaviy Kengash qaror chiqardi. 

Ammo Kengash qonun loyihasidan ishlaydigan pensionerlarga, davlat xizmatchilarining ayrim toifalari uchun muddatidan oldin pensiyaga chiqishga oid, shuningdek, pensiya tizimining qo‘shimcha ma’lumotlar bazasini yaratish bilan bog‘liq 6 ta moddani chiqarib tashladi. 

Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy Kengash ushbu qonunni qabul qilish bo‘yicha referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifni rad qildi. 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hujjatni imzolamagani uchun islohot hali kuchga kirmagan. Kasaba uyushmalari vakillari davlat rahbarini qonunga veto qo‘yishga chaqirmoqda. 

Fransiyada pensiya yoshini 2030 yilgacha 62 dan 64 ga oshirish Emmanuel Makronning saylovoldi va’dalaridan biri hisoblanadi. Rasmiylar birinchi marta 2019 yilda pensiya yoshini oshirishga harakat qildi, bu ommaviy noroziliklarga olib keldi va islohot kovid pandemiyasi fonida qoldirildi. 

2023 yil yanvar oyidan beri Fransiyada pensiya islohotining yangi muhokamasi fonida minglab norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Fransiya pensiya yoshini 64 ga oshirsa ham, Yevropadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qoladi. Taqqoslash uchun, Italiya va Germaniyada pensiya yoshi 67, Buyuk Britaniyada 66, Ispaniyada 65 yoshni tashkil qiladi. AQShda ham 1960 yildan keyin tug‘ilganlar faqat 67 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin. 

Mavzuga oid