Jahon | 13:28 / 14.04.2023
5358
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yangi turdagi «Xvason-18» raketasi sinovini shaxsan o‘zi nazorat qildi, deb xabar berdi KMTA.

Foto: NK news

Shimoliy Koreya yangi turdagi «Xvason-18» («Xvasonpxo-18») qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda 14 aprel, juma kuni Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA, KCNA) xabar berdi.

Unga ko‘ra, KXDR yetakchisi Kim Chen Inning shaxsan o‘zi sinovni joyida nazorat qilgan. Pxenyanning ta’kidlashicha, yangi qurollar «urushni to‘xtatish bo‘yicha muhim vazifani bajaradi».

Birinchi bosqichda standart ballistik parvozi amalga oshirildi, ikkinchi va uchinchi holatda - yuqori burchak ostida parvoz qilindi, barcha qit’alararo ballistik raketa tizimlarining texnik tavsiflari tasdiqlandi, deya ma’lumot berdi KMTA.

Shimoliy Koreyaga ko‘ra, sinov parvozi atrofdagi mamlakatlar xavfsizligiga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. Birinchi bosqich Xamgyon-Namdo provinsiyasida, ikkinchi bosqich Xamgyon-Pukto provinsiyasida dengizga qulagan.

Yangi turdagi qit’alararo ballistik raketa tizimi KXDR strategik yadroviy qurolli kuchlarini jihozlaydi.

Kim Chen Inning ta’kidlashicha, ishlab chiqish jarayoni jadallashishi Koreya yarimorolidagi vaziyatning yomonlashuviga va kelajakdagi harbiy tahdidlarga javobdir. Shimoliy Koreya «yadroviy qurolga yadroviy qurol bilan javob berishini» ma’lum qildi.

Mavzuga oid