19:01 / 14.04.2023
37404

Snouden 2.0: Pentagon hujjatlarini sizdirgan Jyek Teysheyra kim?

So‘nggi kunlarda Pentagon maxfiy hujjatlari ochiq manbalarda tarqalgani dunyodagi yirik nashrlarning «oromini o‘g‘irladi». Yirik nashrlar bu ma’lumotlarni chuqur tahlil qilishga kirishgan bir vaqtda ularni tarqatgan «yangi Snouden» kimligi ham ma’lum bo‘ldi.

Foto: FACEBOOK

21 yoshli milliy gvardiyachi

13 aprel kuni New York Times ma’lumotlarni AQSh Milliy gvardiyasining 21 yoshli zobiti Jyek Teysheyra sizdirgani haqida xabar e’lon qildi. Ko‘p o‘tmay bosh prokuror Merrik Garlend bu ish bo‘yicha chindan Teysheyra gumondor sifatida qo‘lga olinganini tasdiqladi. 21 yoshli yigit AQSh Milliy gvardiyasi harbiy havo kuchlarining 102-maxsus razvedka bo‘linmasi zobitidir.

«Bugun kunning ikkinchi yarmida FQB agentlari Jyek Teysheyrani hech qanday qarshiliksiz qo‘lga olishdi», dedi AQSh bosh prokurori. Uning so‘zlariga ko‘ra, Teysheyra harbiy yo‘nalishdagi maxfiy ma’lumotlarga ega chiqish va ularni tarqatish ayblovi bilan qo‘lga olingan.

Avvalroq Pentagon rasmiy vakili Pet Rayder matbuot anjumanida bu jinoyat qasddan sodir etilganini aytgandi.

Teysheyrani qo‘lga olish jarayonida FQBning ko‘plab agentlari qatnashgan. Ular Teysheyraning Massachusets shtatidagi uyiga zirhli avtomobilda borishgan. Yigit hech qanday qarshiliksiz taslim bo‘lgan.

Gumondor qo‘lga olinguniga qadar Amerika nashrlarida maxfiy ma’lumotlar qanday tarqalgani haqida turli taxminlar bildirilayotgandi. Xususan, Washington Post maxfiy ma’lumotlarni harbiy qismlardan birining xodimi onlayn o‘yindagi chatda do‘stlariga tarqatgani haqida yozdi. Keyin esa New York Times o‘z jurnalistlari ma’lumotni tarqatgan harbiyning ismi va lavozimini aniqlaganini e’lon qildi.

Washington Post e’lon qilgan postda noma’lum harbiy onlayn o‘yin ixlosmandlari orasida mashhur Discord platformasidagi kam sonli hammaslaklari bilan maxfiy ma’lumotlarni bo‘lishgani yozilgandi. WP nashriga ko‘ra, bu kam sonli insonlar harbiyning «o‘zi kabi qurolni sevadigan» yigitlar bo‘lgan.

NYT nashri yozishicha, Teysheyra Discord platformasida 20-30 kishidan iborat o‘zi kabi «qurollarni sevadigan», irqchilik kayfiyatidagi memlar hamda videoo‘yinlarga qiziqadigan yigitlardan iborat guruh tuzgan. Gazeta muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan ikki mansabdorning aytishicha, Teysheyra aynan onlayn chatda davlatga tegishli maxfiy hujjatlarni tarqatgani uchun hibsga olingan.

Bir necha oy avval bu kichik chat-guruhga foydalanuvchilardan biri bir necha yuz sahifadan iborat AQSh razvedkasi ma’lumotlarini joylagan. NYT Teysheyra tomonidan tuzilgan va maxfiy ma’lumotlar tarqalgan «Thug Shaker Central» chat-guruhining to‘rt nafar a’zosi bilan gaplashgan. Ularning biri ma’lumotni tarqatgan yigitni uch yildan buyon tanishini aytgan. Bu yigit ma’lumotni tarqatgan odam bilan ko‘rishganini aytib, uni O.G deb atagan.

Chat-guruhdagilar ma’lumotlarni tarqatgan odamni yoshi kattaroq, og‘ir bosiq va asosan o‘smirlar o‘tiradigan guruhdagi yaqqol yetakchi deb ta’riflagan. Guruh a’zolaridan biri bu «yetakchi» razvedka ma’lumotlariga egaligi haqida bilganini aytgan. Guruh a’zolari ma’lumotni tarqatgan odam kimligini uning ismi bilan aytib bermagan bo‘lsa-da, ular aytgan raqamli izlar aynan Jyek Teysheyraga olib borgan. NYT ekspertlari bu ma’lumotni tekshirib ko‘rgan.

Discord onlayn o‘yinlar platformasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.

«Kim javob berishini bilmaymiz»

Discord platformasidagi chat skrinshotlari (kompyuter va smartfonda)

Maxfiy ma’lumotlarni tarqatishda gumonlanayotgan Jyek Teysheyraning ismi OAVda chiqib bo‘lgan bir vaqtda AQSh Xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi hukumat gumondorning ismini bilmasligini aytgandi.

«Juda ko‘p seriyali hujjatlar chiqib ketgan. Hozircha buning uchun kim javobgar ekani, nima uchun bu ish qilinganini bilmaymiz. Avvalo chiqib ketgan ma’lumotlar milliy xavfsizlikka qanday salbiy ta’sir qilishini hisoblashga urinyapmiz, surishtiruv ishlari davom etmoqda», degandi Kirbi.

Amerikalik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Vashington ittifoqchilari bilan faol axborot almashib, ularda paydo bo‘lgan savollarga javob berishga tayyor.

«Bir yildan buyon tarqatib kelgan»

Washington Post bilan suhbatda bo‘lgan chat-guruh vakilining aytishicha, Teysheyra ma’lumotlarni bir yildan buyon, ya’ni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon chatdagi do‘stlari bilan bo‘lishib kelgan. Manbaga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon bu borada fikrlarini bildirib kelgan yigit urush Rossiya va Ukraina o‘rtasida kechayotgani, ular o‘rtasida ajralib turadigan emas, umumiy narsalar ko‘p bo‘lishi kerakligini achchiqlanib aytgan.

Yigit maxfiy ma’lumotlarni guruhda bo‘lishishdan avval undagi barcha ishtirokchilardan ularni tarqatmaslikka so‘z berishlarini so‘ragan. Bu ma’lumotlarni esa go‘yoki do‘stlari «propagandadan xoli faktlarni o‘qishlari uchun» yuborgan. Suhbatdoshga ko‘ra, Teysheyra AQSh milliy xavfsizligiga tahdid qilishni emas, shunchaki do‘stlari haqiqatni bilishlarini istagan.

Maxfiy ma’lumotlarda nima yozilgandi?

Jurnalistlar sizib chiqqan maxfiy ma’lumotlarni o‘rganishda davom etmoqda. Xususan, amerikalik jurnalistlar Pentagonning maxfiy ma’lumotlariga tayanib, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati mamlakat armiyasining yo‘qotishlarini 110 ming nafarga yaqin deb hisoblayotganini aniqlagan.

Maxfiy hujjatga ko‘ra, Rossiya FXX mamlakat mudofaa vazirligini ma’lumotlarni yashirishda, xususan, «vagner»chilar, Ramzan Qodirovning guruhi hamda Rosgvardiya zobitlarining o‘limini statistikaga kiritmaganlikda ayblagan.

Tarqalib ketgan maxfiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Rossiya armiyasining urushdagi yo‘qotishlarini 223 ming nafar deb baholamoqda.

Shuningdek, bu hujjatlardan AQSh BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning harakatlarini diqqat bilan kuzatib borayotganini ham anglash mumkin.

Harbiy oila farzandi

Teysheyraning tanishlaridan biri uni vatanparvar deb ta’riflagan. Yigit harbiylar oilasida o‘sgan. Uning o‘gay otasi 34 yoshda harbiy xizmatdan nafaqaga chiqqan, onasi esa uzoq yil veteranlarga yordam ko‘rsatadigan tashkilotga ishlagan.

Uzoq yilga qamalishi mumkin

FQB tomonidan qo‘lga olingan va tez orada sud qilinadigan Jyek Teysheyra bir necha o‘n yilga qamalishi mumkin. Chunki u tarqatgan har bir hujjat uchun 10 yillik qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Yigit esa qancha hujjatlarni tarqatgani aniq emas, Reuters Teysheyra 50 dan ortiq maxfiy hujjatni tarqatganini taxmin qilgan, lekin aslida bir necha yuzlab hujjatlar aynan Teysheyra orqali ochiq manbalarda paydo bo‘lgani ehtimoli ham yo‘q emas.

Ko‘pchilik Jyek Teysheyra qo‘lga olinganidan keyin 2013 yil Markaziy razvedka boshqarmasining butun dunyodagi odamlarni ommaviy kuzatish dasturi haqida jurnalistlarga ma’lumot bergan Eduard Snoudenni esladi. MRB agenti bo‘lgan Snouden hozirda Rossiyada ushbu mamlakat fuqaroligini olib yashab kelmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top