Jahon | 12:35 / 17.04.2023
3462
3 daqiqa o‘qiladi

G7 Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi

Yaponiyaning Karuizava shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «katta yettilik» tashqi ishlar vazirlari xalqaro tartibni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi turish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishda qat’iy ekanini e’lon qildi. 

Foto: Reuters

«Katta yettilik» mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish va uchinchi davlatlar tomonidan Rossiyaga qurol yetkazib berilishiga samaraliroq qarshi turishga kelishib oldilar. 17 aprel, dushanba kuni Nagano yaqinidagi Yaponiyaning Karuizava shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish ishtirokchilari Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlagan mamlakat tomonidan sanksiyalardan qochish va yangi qurollarni qo‘lga kiritishning oldini olish bo‘yicha muvofiqlashtirish ishlari kuchaytirilganini e’lon qildi. 

«Katta yettilik»da raislik qilayotgan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotda Kiyevni kuchli qo‘llab-quvvatlash va Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini davom ettirish niyati ta’kidlangan. G7 tashqi ishlar vazirlari Rossiyani «zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz» Ukrainadan qo‘shin va harbiy texnikani olib chiqib ketishga chaqirdi. Ular Belarusda taktik yadro qurollari joylashtirilishini e’lon qilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yadroviy ritorikasini qabul qilib bo‘lmas, deb atadi. 

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayashi «katta yettilik» va hamfikr davlatlar Ukrainaga yordam berish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarda birdamlik ko‘rsatishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir dunyo «tarixiy burilish nuqtasida». «Katta yettilik» davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosatini qo‘llab-quvvatlamayotgan global janubdagi rivojlanayotgan davlatlar bilan hamkorlik qilishga intilmoqda, dedi u. 

Shu bilan birga, yig‘ilish ishtirokchilari xalqaro tartibni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga urinishlardan ogohlantirdi. «Biz status-kvoni kuch bilan o‘rnatishga qaratilgan har qanday bir tomonlama urinishlarni rad etamiz», — dedi Xayashi. Uning ta’kidlashicha, «katta yettilik» qonun ustuvorligiga asoslangan xalqaro tartibni qo‘llab-quvvatlashga qat’iylikni namoyish etadi. Bayonot shuningdek, G7’ning Xitoy va Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarga nisbatan qattiq pozitsiyasini tasdiqlaydi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid