Jahon | 22:48 / 20.04.2023
7623
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Kiyevda havo hujumidan ogohlantirishning «aqlli» tizimini sinovdan o‘tkazadi - OAV

Tajriba muvaffaqiyatli o‘tsa, tizim Ukrainaning bir milliondan ortiq aholisi bo‘lgan yana bir necha shaharlarida ishga tushiriladi.

Foto: Depositphotos

May oyida Kiyevda Isroilning raketa hujumi haqida ogohlantirish tizimi sinovdan o‘tkaziladi. Walla xabariga ko‘ra, sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, tizim yozda to‘liq ishga tushiriladi.

Qayd etilishicha, tizim Ukraina radar tizimiga ulanadi va shu tariqa fuqarolarning mobil telefonlariga ogohlantirishlarni tezroq va aniqroq yuborishi hamda raketalar tegishi mumkin bo‘lgan joylardagina ovozli signallarni yoqishi mumkin.

«Shunday qilib, raketa hujumlari sodir bo‘lgan hududlardagi fuqarolar bombapanalarga yetib borish uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘ladi, boshqa hududlarda bo‘lgan fuqarolar esa bezovta qilinmaydi», deb ta’kidladi nashr.

Tajriba muvaffaqiyatli o‘tsa, tizim Ukrainaning bir milliondan ortiq aholisi bo‘lgan yana bir necha shaharlarida ishga tushiriladi.

Isroil Rossiyaning tajovuzini qoralab kelmoqda, biroq mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlaganidek, o‘z milliy manfaatlarini e’tiborsiz qoldira olmaydi. 

Fevral oyida Isroil Ukrainaga 200 million dollar ajratilishini e’lon qildi. Pul tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish uchun sarflanadi. O‘sha oyda Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen Ukrainaga havo raketalari va dron hujumlariga qarshi «aqlli» ogohlantirish tizimini ishlab chiqishda yordam berishini aytgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid