12:00 / 20.04.2023
5924

Migel Dias-Kanel Kuba prezidenti etib qayta saylandi

Kubada davlat rahbari bir palatali parlament tomonidan saylanadi. 2019 yilda orolda prezidentlik lavozimi qayta tiklandi.

Foto: AP

Kuba Xalq hokimiyati milliy assambleyasi (bir palatali parlament) 19 aprel, chorshanba kuni amaldagi davlat rahbari Migel Dias-Kanel Bermudesni 2028 yilgacha bo‘lgan prezidentlik muddatiga sayladi. Uning tayinlanishini yig‘ilishda qatnashgan 462 deputatdan 459 nafari qo‘llab-quvvatladi. Kubaning amaldagi vitse-prezidenti Salvador Valdes Mesa yana bir muddatga qayta saylandi. Hukumat tarkibi ham tasdiqlandi.

Kubada 2019 yilda yangi konstitutsiya qabul qilingandan keyin prezidentlik instituti tiklandi. Migel Dias-Kanel va Salvador Valdes Mesa 2019 yil oktyabr oyida prezident va vitse-prezident etib tayinlangan edi. O‘sha yili qabul qilingan Milliy assambleya reglamentiga ko‘ra, ularning birinchi muddatdagi vakolatlari besh yil emas, balki to‘rt yil davomida – parlamentning yangi chaqiruvi boshlanadigan 2023 yilgacha amal qiladi. Dias-Kanel 2021 yildan buyon Kuba Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib, bu lavozimda nafaqadagi Raul Kastro o‘rnini egalladi.

Kubada prezident davlat nomidan ish ko‘radi va uning umumiy siyosatini belgilaydi. U Qurolli kuchlarning oliy bosh qo‘mondoni, Milliy mudofaa kengashiga raislik qiladi, mudofaa va milliy xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarni hal etish vakolatiga ega. Davlat rahbari Milliy assambleyaga yoki assambleya sessiyalari oralig‘ida parlament vazifasini bajaruvchi Davlat kengashiga bosh vazir va boshqa yuqori mansabdor shaxslarni tayinlash yoki lavozimidan ozod etishni taklif qiladi. U mamlakatda favqulodda holat e’lon qilish huquqiga ega. Prezident parlament tomonidan lavozimidan chetlatilishi mumkin. Davlat rahbari ketma-ket ikki muddatga saylanishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top