Har bir inson bolasini o‘zidan ko‘proq yaxshi ko‘radi, o‘zi yemay yediradi, kiymay kiydiradi. Men ko‘rmagan kunlarni ko‘rsin, baxtli yashasin deb o‘zini o‘qqa, cho‘qqa uradi.“Hayotiy hikoyalar”ning bu galgi qahramoni umrini farzandlariga fido qilgan, ularga to‘kin hayot yaratib berish uchun musofir yurtlarda ishlagan ayollardan.

“Ikki farzandli bo‘lganimizda ham ijarada yashardik. Erim uyimiz yaqinidagi zavodda qorovul bo‘lib ishlardi. Navbatchiligi yo‘q bo‘lgan kunlari mardikorlik qilib pul ishlardi. Men uyda bolalarimdan ortib u bu narsa pishirib sotardim. Ro‘zg‘orimizga harna, yordam bo‘ladi, derdim.

Ba’zida qo‘shnilarimiznikiga mehmon kelsa chiqib ishlariga qarashar, ular chiqaradigan mayda-chuydalarga bolalarim qorni to‘yganiga xursand bo‘lardim.

Qizlarimiz yuqori sinfga o‘tganida ham turmushimiz o‘nglanmadi. Aksincha, kundan kunga bolalar bilan ularning xarajatlari ham o‘sib borar, kvartira pulini ham bazo‘r to‘lardik.

Hademay bo‘yi yetadi, birov eshigimni taqillatib keladigan uyimiz ham yo‘q, qizlarimning kelajagi nima bo‘ladi deb er-xotin kechasi bilan o‘ylanib chiqardik. O‘ylab-o‘ylab axiyri men chet elga ketadigan bo‘ldim. Erimning sog‘lig‘i yaxshi emasdi, chet elga borgani bilan erkak kishiga yengil ish bo‘lmasa. Qora ishda ishlolmaydi.

Tobi qochsa musofir yurtda kim koriga yaraydi? Ayollar bola qarab, uy tozalab ham yaxshi haq olishadi-ku, degan qarorga keldik. So‘rab-surishtirib tanishlar orqali uyiga xizmatchi izlayotgan chet ellik ayol bilan bog‘landim.

O‘rtada turgan tanishim gaplashib berdi. Ish hal bo‘ldi. Qarz-havola qilib bilet oldik. Qizlarimning biri 12, biri 14 yoshda edi. Ularni tashlab ketish oson bo‘lmadi. Bir ko‘nglimni oilam bilan qoldirib ularning kelajagi uchun umrimda ko‘rmagan, bilmagan yurtimga ishlash uchun ketdim. Xudoga shukur, aldamagan ekan, yaxshi insonlarning qo‘liga tushdim. Uyda xizmatchi bo‘lib ishlaganim uchun yotoq joyi, yeb-ichishga pul sarflamasdim.

Avvaliga bilet pulini tezroq to‘plab qarzimdan qutulishini o‘ylagan bo‘lsam, keyin endi uyga yig‘inishim kerak, degan o‘y tunlari uyqu bermasdi. Hammasidan oilam sog‘inchi azob berardi. Qizlarimni biram sog‘inardim.

Har gaplashganimizda mendan xavotir olmanglar men yaxshiman, derdim. Garchi oson bo‘lmasa-da, xavotir olishlarini istamasdim. Bir yil bitta joyda ishladim. Qarasam bu ahvolda hali-beri uyga yetadigan mablag‘ to‘play olmas ekanman. Ikkinchi yildan yana bir joydan ish oldim. Endi ikkita ishda ishlay boshladim. Yoshman, quvvatim, g‘ayratim bor. Ishlayverdim. Tezroq uyga yetadigan pul jamg‘arsam-da oilam bag‘riga qaytsam.