Angliya: «Tottenhem»ning qora kuni

Foto: ALEX LIVESEY/GETTY IMAGES

APL. 32-tur
Nyukasl – Tottenhem 6:1
Gollar: 1:0 – 2 Merfi, 2:0 – 6 Joelinton, 3:0 – 9 Merfi, 4:0 – 19 Isak, 5:0 – 21 Isak, 5:1 – 49 Keyn, 6:1 – 67 Uilson.
Nyukasl – Poup, Tripper (Mankilo, 70), Sher (Lassels, 74), Botman, Bern, Bruno Gimaraes (Gordon, 70), Longstaff, Uillok, Merfi (Almiron, 66), Joelinton, Isak (Uilson, 66).
Tottenhem – Lioris (Forster, 46), Porro, Dayyer, Romero, Perishich, Heyberg, Skipp, Sarr (Sanches, 23), Kulusevski (Danjuma, 72), Son Hyong Min (Risharlison, 83), Keyn.

Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi kuchli to‘rtlik uchun kurash istalgan ssenariyda kechishi mumkin edi. Ammo amalda ro‘y bergan voqealarni hech kim kutmagandi, hech kim «Tottenhem» oyoqosti qilinishi va ekspress-rejimda tahqirlanishini taxmin qilmagandi. Ikkinchi daqiqada 1:0, to‘qqizinchi daqiqada 3:0, 21-daqiqada 5:0... Rotatsiya futbolchisi bo‘lgan Merfi bu oraliqda mavsumning shu vaqtgacha bo‘lgan qismida urganidan ikki barobar ko‘p gol urdi.

Hatto statistika ham voqealar rivojiga bazo‘r ulgurdi, ammo hayratlanarli faktlar yuzaga chiqdi. Masalan, «shporlar» bungacha APLda oxirgi to‘qqiz yil muqaddam beshta gol o‘tkazgan - aynan shu jamoadan. O‘shanda ligada jon saqlab qola olmagan «qarg‘alar» so‘nggi turda eshikni qattiq yopib ketishga qaror qilishgandi (5:1). Faqat 2016 yil mayida londonliklarda turnir motivatsiyasi yo‘q edi, hozir esa barchasi butunlay boshqacha. Biroq mezbonlarning olti zarbasidan beshtasi golga aylandi va Kristian Stellini uch markaziy himoyachi bilan o‘ynay boshladi.

Lekin bu hisob yanada yiriklashib ketishining oldini olishga qaratilgan chora edi. Bundan tashqari, tanaffusda ruhiy holatini asrash uchun Lioris almashtirildi. Yagona «plyus» — agar bu so‘zni «Tottenhem»ning yakshanba kungi o‘yinida qo‘llash mumkin bo‘lsa — jamoa qisqa vaqt ichida ko‘p gol o‘tkazish bo‘yicha turnir tarixidagi eng yomon jamoaga aylanmadi. Qayg‘uli rekord hamon «Uotford»ga tegishli bo‘lib qolmoqda — o‘shanda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda —18-daqiqaga kelib hisob 0:5 ko‘rinishini olgan, qolgan vaqt davomida yana uchta gol urilgandi. Lekin bu londonlik muxlislarga taskin bera olmaydi, besh yil ichidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazayotgan Keynning 24-goli esa unga obro‘ keltirmasligi aniq. Qolaversa, o‘yindagi so‘nggi so‘zni baribir «Nyukasl» aytdi. Endi Eddi Hau jamoasi zaxirasida bitta o‘yin bor holida «shporlar»ni 6 ochkoga ortda qoldirdi va amalda YeChL yo‘llanmasini hal qildi.