Jahon | 23:25 / 26.04.2023
30549
4 daqiqa o‘qiladi

Sobiq SSSR davlatlari Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordamlashmoqda – Politico

Uchinchi mamlakatlar orqali Rossiyaga yangi savdo oqimlari paydo bo‘lgan, bu yerda Rossiyaga eksport o‘sgani, shuningdek, G‘arbdan import oshgani qayd etilgan. 

Foto: Getty Images

Ukrainaga bostirib kirishi sababli Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari uchun katta biznesga aylandi. Chunki ular vositachilik orqali Rossiyaga tovarlarni qayta sotib, pul ishlab olishga urinmoqda. 

Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielius Landsbergis so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklarni alkogol, hashamatli tovarlar va boshqa G‘arb tovarlari bilan ta’minlaydigan yangi ta’minot zanjirlari Yevropaning Moskvani jazolash harakatlariga putur yetkazadi va ular to‘sib qo‘yilishi kerak. Bu haqda Politico xabar berdi. 

«Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tish nafaqat uzoqni ko‘zlamasdan qilingan qaror, balki ittifoqimizning asosiy tamoyillariga putur yetkazadi», dedi Landsbergis. Shu bilan birga u Kavkaz va Markaziy Osiyodagi ba’zi davlatlar Rossiya bilan bilvosita savdo markazlari sifatida jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. 

Trade Data Monitor platformasidagi bojxona yozuvlari Ukraina urushi boshlanganidan beri Gruziya bilan Rossiya savdo aylanmasi deyarli 22 foizga o‘sganini ko‘rsatgan. Rossiyaga spirtli ichimliklar eksporti esa 120 foizga oshgan. 

Qozog‘istonning Rossiyaga eksporti xuddi shu davrda keskin o‘sib, dollar ko‘rsatkichida taxminan 57 foizga o‘sgan. 

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bilan yaqin savdo aloqalarini saqlab turgan Armaniston yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yili kutilmaganda 11 foizga o‘sgan. Rossiyaga eksport esa o‘tgan yilga nisbatan besh baravar, Rossiyadan pul o‘tkazmalari esa yetti barobar oshgan. Mamlakat budjeti profitsit bilan chiqqan. Armaniston valutasi dram ham dunyodagi eng yaxshilardan biriga aylangan. 

«Uchinchi mamlakatlar orqali yangi savdo oqimlari paydo bo‘ldi, bu yerda Rossiyaga eksport o‘sganini, shuningdek, G‘arbdan import oshganini ko‘rish mumkin», dedi Germaniya xalqaro va xavfsizlik instituti katta ilmiy xodimi Yanis Klyuge. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, parallel deb atalmish import tovarlarining aksariyati Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lgan mamlakatlardan yetkazib berilgan. Vaholanki, ularni ishlab chiqaruvchilar Rossiyaga bu tovarlarni sotishni istamasligini aytgan. 

«Bu ko‘p milliard dollarlik biznes o‘sib bormoqda va Rossiya qo‘shnilarining eksporti oshishiga hissa qo‘shmoqda», dedi Kluge. 

Moskvadagi restoranlardan birining egasi anonimlik sharti bilan aytishicha, «Pivo xorijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelyapti, Qozog‘istondan spirtli ichimliklar, Gruziyadan Coca-Cola yetkazilyapti». 

Karnegi tahlil markazining Yevroosiyo markazi xodimi Temur Umarov so‘zlariga ko‘ra, bu yangi daromad manbalari sobiq sovet mamlakatlari iqtisodiyotiga sezilarli turtki bergan. 

«Rossiyalik ishbilarmonlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va hatto Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagan O‘zbekistondagi hamkorlariga Yevropa mamlakatlari va dunyoning boshqa qismlaridan tovarlarga buyurtma berishni so‘rab murojaat qilayotgani haqida bir qancha xabarlar kelib tushdi», dedi u. 

Natijada, «Markaziy Osiyodagi iqtisodiy vaziyat ancha jonlandi va jadallashdi. Ko‘pgina korxona va tashkilotlar Rossiyada iste’mol tovarlariga bo‘lgan talab oshganini ko‘rib, bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun harakat qilmoqda», dedi u. 

Nashrning ta’kidlashicha, bunday savdo yo‘llarining mavjudligi, shuningdek, iste’mol tovarlaridan tashqari, Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradigan mikrochiplar kabi ikki tomonlama foydalanish uchun mo‘ljallangan yanada nozik mahsulotlarni ham vositachilar orqali yetkazilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni keltirib chiqaradi. 

Mavzuga oid