O‘zbekiston | 19:28 / 27.04.2023
7435
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston-O‘zbekiston-Xitoy gaz quvurining to‘rtinchi liniyasi ishga tushiriladi

Turkmaniston Xitoyga gaz yetkazib berish hajmini 3-4 yil ichida 65 mlrd kub metrga yetkazishni rejalashtirmoqda. 

Kelgusi bir necha yil ichida Turkmaniston Xitoyga gaz yetkazib berish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda, dedi «Turkmengaz» davlat konserni raisi Botir Amanov Toshkentda o‘tkazilayotgan Xalqaro investitsiya forumida.

Uning eslatishicha, ayni paytda Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy gaz quvuri har birining uzunligi 1830 km bo‘lgan uchta parallel liniyani (A, B, C) o‘z ichiga oladi. Yiliga 55 mlrd kub metr gaz qazib olish quvvatiga ega tizim orqali xomashyo ichki bozor va Xitoyga yetkazib berilmoqda.

«Xitoyga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish uchun «Galqinish» koni resurs bazasi bo‘lishi kerak. Uning zaxiralari qo‘shni «Yoshlar» va «Garakyol» konlari bilan birgalikda 27,4 trln kub metrga baholanmoqda», dedi Amanov.

«Kelishuvlarga ko‘ra, Turkmanistondan Xitoygacha yotqiziladigan gaz quvurining to‘rtinchi liniyasi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston hududi orqali o‘tadi. U ishga tushgach, Turkmaniston gazini Xitoyga yetkazib berish hajmi yiliga 65 mlrd kub metrga yetadi», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi bosqichda Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) gaz quvuri loyihasi 33 mlrd kub metr gaz yetkazib berish manbai bo‘ladi. Magistralning uzunligi 1840 km dan ortiq, o‘tkazish quvvati 33 mlrd kub metrni tashkil qilishi kerak.

«Turkmenneftgaz» agentligining xabar berishicha, Turkmaniston yaqin 3-4 yil ichida Galqinish konini o‘zlashtirishning ikkinchi bosqichini amalga oshiradi.

Turkmanistonning uglevodorod resurslari 71 mlrd tonnadan ortiq neft ekvivalentida baholanadi, shundan 20 mlrd tonnadan ortig‘i neft va 59 trln kub metrdan ortig‘i gaz. Bu raqamlarga asosan, Turkmaniston dunyoda zaxiralar bo‘yicha Rossiya, Eron va Qatardan keyin 4-o‘rinda turadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid