12:56 / 28.04.2023
7928

DXX narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi

Giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi kurashish borasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbir o‘tkazildi.

Videodan kadr

1969 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Surxondaryo viloyatining Denov shahrida istiqomat qiluvchi tanishi oziq-ovqat mahsulotlari solingan karton quti ichiga yashirgan holda, “Denov-Toshkent” yo‘nalishida qatnovchi mashina orqali berib yuborgan 300 gr “opiy” moddasini Chilonzor tumanida qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Denov shahrida yashovchi fuqaro ham ushlanib, uning uyidan 500 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan “Farhod” chegara-bojxona postida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida yashovchi ayol 1 kg 210 gr va uning qizi 744 gr “gashish” moddasini o‘z egnidagi kiyimlari ostiga yashirib, bojxona nazoratidan o‘tkazishga uringanlarida qo‘lga olindi.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida qayd etilgan holatda muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 5 gr, yashash xonadonida esa 649 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Yana bir holatda Toshkent shahrida yashovchi 3 nafar fuqaro ketayotgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Bektemir tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina saloni va yukxonasida 698 dona “Tropikamid” va 115 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 7 gr “Mefedron” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashina egasining yashash xonadonidan 497 dona “Regapen” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top