Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Frontdagi vaziyat: Baxmut himoyachilari snaryadlarni tejamoqda, ular G‘arb yordami susayishidan xavotirda
BBC nashrining mudofaa masalalari bo‘yicha muxbiri Jonatan Bil bir necha oydan beri shiddatli janglar davom etayotgan Baxmut shahriga tashrif buyurgan va ukrainalik harbiylar bilan suhbatlashgan.
Bir yil oldin komandir Volodimir va uning jangchilari o‘zlarining BM-21 «Grad» tizimining barcha 40 stvolidan baravariga o‘q uzgan. Endi esa ular Rossiya nishonlariga faqat bir marta bir nechtagina raketa otish imkoniyatiga ega.
«Bizga o‘q-dorilar yetishmayapti», deya tushuntiradi Volodimir.
Uning bo‘linmasi, 17-tank bataloni, Rossiya bir necha oydan beri egallab olishga urinayotgan Baxmut shahri chekkasida umidsiz ravishda mudofaa uyushtirayotgan Ukraina qo‘shinlariga yordam bermoqda.
Rus qo‘shinlari katta yo‘qotishlar evaziga o‘z maqsadiga yaqinlashmoqda.
Jurnalist va bo‘linma kichik o‘rmonda yashirinib turganda, Volodimir o‘z raketa majmuasi bilan ruslarning 15 kilometr uzoqlikda joylashgan minomyot pozitsiyasiga o‘t ochish to‘g‘risida buyruq olgan.
Uning odamlari mashinani pana qilib turgan shoxlarini olib tashlaydi. Ular taxminan bir kilometr masofadagi ochiq maydonga boradi va tezda o‘q otish masofasini hisoblab chiqishadi.
Majmua raketalari stvollari nishon tomon yo‘naltiriladi, dushman ustida uchib yurgan Ukraina droni mo‘ljal aniqligini baholaydi.
Birinchi raketa nishondan taxminan 50 metrga o‘tib ketadi, shuning uchun ular o‘zlarining balandlik burchagini o‘zgartiradi, yana ikkita raketa otiladi va tezda daraxtlar orasidagi boshpanaga qaytiladi. Bu safar ular nishonni aniq olgandi.
Biroq, Volodimir ular bundan ko‘prog‘ini qila olmasligidan xafa bo‘ladi. «Biz u yerda halok bo‘layotgan yigitlarimizni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin edi», deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning «Grad» tizimlari uchun o‘z o‘q-dorilar zaxirasi allaqachon tugagan, shuning uchun ular boshqa davlatlardan yetkazib beriladigan raketalarga tayanmoqda. Volodimirning aytishicha, raketalar Chexiya, Ruminiya va Pokistondan keladi. U Pokistondan kelayotgan o‘q-dorilar unchalik sifatli emasligidan shikoyat qilgan.
Urush qanchalik uzoq davom etsa, Ukraina shunchalik ko‘proq qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishni so‘ramoqda. Hozir asosiy e’tibor yirik hujumga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan. Ammo, shu bilan birga, ukrainaliklar hali ham o‘z pozitsiyalarini ushlab turish uchun ulkan resurslarni sarflashi kerak.
Yaqinda zamonaviy qurol-yarog‘lar – tanklar va zirhli transportlar yetkazib berilganiga qaramay, Ukraina hali ham o‘zining eski, sovet davridagi arsenallariga tayanmoqda.
Samolyotlar, dronlar va raketalarni urib tushirishga qodir Rossiyada ishlab chiqarilgan «Buk» havo mudofaa tizimi Ukraina harbiylari tomonidan hamon yuqori qadrlanadi. BBC jurnalistiga front chizig‘idan orqaroq joylashgan «Buk» tizimlaridan birini ko‘rsatishgan, u ham o‘rmonga yashirilgan.
Ushbu yuqori texnologiyali qurol Rossiyaning osmondagi ustunligining oldini olishga yordam bergan.
«Buk» komandiri Yozef jurnalistga bu tizim ruslar uchun birinchi raqamli nishon ekanini aytgan. Bu kompleksni himoya qilishning puxta sharoiti sababini tushuntiradi. Radar gumbaziga ega uzun mashina kamuflyaj to‘ri bilan qoplangan va chuqur xandaqqa tushirilgan. Uning yuqorisida ikkita kulrang raketa bor. Odatda «Buk» o‘zi bilan to‘rtta shunday reketani olib yuradi.
Foto: EPA
Aprel oyi boshida internetda AQSh maxfiy hujjatlari to‘plami tarqaldi. Unda urush haqidagi batafsil razvedka ma’lumotlarini tasvirlovchi xaritalar, grafiklar va fotosuratlar bor edi.
Jurnalist Yozefdan AQSh maxfiy hujjatlarida aytilgan «Buk» uchun raketalarning o‘tkir yetishmovchiligi rost yoki yolg‘onligini so‘ragan.
«Yo‘q, bu haqiqat emas», degan Ukraina komandiri. Ammo uning tan olishicha, «Buk»ni saqlash qiyin va Ukrainaga bunday tizimlar ko‘proq kerak.
«Bizda bu tizimlar yetarli emas. Tizimlarning ehtiyot qismlari buzilyapti, lekin bizda ular yo‘q, chunki ularni ishlab chiqaradigan zavodlar Ukrainada joylashmagan», deya qo‘shimcha qilgan Yozef.
Yozef nafaqat, AQSh razvedkasi hisobotlarining ba’zi qismlariga qo‘shilmaydi, balki bu hujjatlarda haqiqatan ham biror bir maxfiy ma’lumot bo‘lganiga shubha qiladi.
«Nega biz amerikaliklardan xafa bo‘lishimiz kerak? Ular ruslarda 20 yildan beri mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni e’lon qilgani uchunmi? Be’manilik!» degan ukrainlik komandir. Uning fikricha, Rossiya har doim Ukraina qurolli kuchlarining imkoniyatlarini bilgan.
Ammo Rossiya haligacha Ukrainaning kutilayotgan qarshi hujumi vaqti va joyini bilmaydi. Ushbu hujum Ukraina hududlarni qaytarib olish va 1300 kilometr uzunlikdagi frontda Ukraina kuchlariga bosimni yumshatish uchun xizmat qiladi. Hujum qayerda sodir bo‘lishidan qat’i nazar, Rossiya o‘z kuchlarining bir qismini o‘sha yerga yo‘naltirishi majbur bo‘ladi.
Ukraina ham qarshi hujumni amalga oshirish uchun yangi bo‘linmalarni qurollantirishi va texnika bilan jihozlashi kerak. Har ikki tomon frontni oziq-ovqat bilan ta’minlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Baxmut yaqinidagi boshqa bir uchastkada Ukrainaning 80-brigadasi qo‘shinlari Rossiyaning oldinga siljishini to‘xtatish uchun kuniga yuzlab artilleriya snaryadlarini sarflamoqda.
Ular G‘arb tomonidan taqdim etilgan ba’zi qurollardan allaqachon foydalanyapti. Sergey va uning qo‘l ostidagi askarlar Britaniyada ishlab chiqarilgan L119 yengil artilleriya quroli bilan ishlamoqda. Ammo Sergeyning aytishicha, ular ham o‘q-dorilarni tejashi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular kuniga o‘rtacha 30 ta snaryad sarflaydi.
«Ayni paytda bizda shaxsiy tarkib yetarli. Lekin bizga o‘q-dorilar kerak. O‘q-dorilar eng muhimi», deydi Sergey.
Jurnalist Sergeydan «bu yil Ukraina uchun burilish nuqtasi bo‘ladimi» deya so‘ragan.
«Agar biz bu yil hujumga o‘tib, yerimizni qaytarib olsak, g‘alaba qozonamiz. Ammo bu sodir bo‘lmasa, urushni yana besh-o‘n yil davom ettirish uchun bizda resurslar bo‘lmaydi», degan u.
«Grad» komandiri Volodimir yanada ochiqroq gapirgan. «Mamlakat ham, iqtisodiyot ham charchadi», degan u.
Va u bu yilgi jang maydonidagi harakatlar Ukrainaga hal qiluvchi g‘alabani keltirmasa, G‘arbning qo‘llab-quvvatlashi susayishi mumkinligidan xavotirda.
«Biz shuningdek, g‘arblik ittifoqchilar bizga yordam berishdan charchab qolishidan qo‘rqamiz», deydi Volodimir.
Mavzuga oid
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
20:34 / 19.06.2026
Kapotnyadagi zavodga Rossiya raketasi tushgani ma’lum qilindi
18:17 / 19.06.2026
Solovyov dronlar hujumini tasvirga olganlarni qamashni talab qildi
08:58 / 19.06.2026