Jahon | 10:16 / 02.05.2023
6470
3 daqiqa o‘qiladi

ISW Rossiya armiyasida kadrlar bo‘yicha qarorlardagi xatolarni ma’lum qildi

Urushni o‘rganish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga bostirib kirishdan oldin Putin kutilgan muvaffaqiyatni boshqalar bilan baham ko‘rishni istamagani uchun harbiy amaliyotlar qo‘mondonini tayinlamagan. Tahlilchilar qo‘mondonlikdagi ko‘plab o‘zgarishlar haqida ham ta’kidladi.

Foto: AP

Ukrainaga qarshi keng miqyosli urushning muvaffaqiyatini kutgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy harakatlarda qatnashgan qo‘shinlarga qo‘mondon tayinlamadi, chunki u qo‘shni davlat hududlarini bosib olishni shaxsiy geosiyosiy g‘alabasi deb e’lon qilmoqchi edi, deb hisoblaydi Amerika urushni o‘rganish institutiga (ISW). Mualliflar ta’kidlashicha, Putinning Ukrainaga aniq, mazmunli qo‘mondonlik tuzilmasisiz bostirib kirishga qaror qilgani va harbiy harakatlar qo‘mondonini tayinlashni istamagani Ukrainadagi rus bo‘linmalarini boshqarishga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatdi.

Katta ehtimol bilan Putin o‘zini Ukrainaga muvaffaqiyatli bostirib kirishning bosh qo‘mondoni va tashkilotchisi sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘lgan, bir necha kun ichida Kiyevning qo‘lga olinishini kutgan va bu muvaffaqiyatni harbiy rahbariyat bilan baham ko‘rishni istamagan, deb yozadi ISW. Mutaxassislar Ikkinchi jahon urushi paytida Iosif Stalin va marshal Georgiy Jukov o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatni eslatadi. "Stalin cheklangan va eskirgan harbiy tajribaga ega edi va u Jukovning harbiy muvaffaqiyati hamda shon-shuhratiga hasad qilgani aytiladi. Putinning harbiy tajribasi yo‘q, bu uning kutilgan ajoyib g‘alabani boshqalar bilan baham ko‘rmaslik uchun qo‘mondon tayinlamaslik qaroriga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin", deyiladi sharhda.

Faqat 2022 yil aprel oyida bosqinda qatnashgan barcha qo‘shinlar qo‘mondoni etib general Aleksandr Dvornikov tayinlandi, ammo u bu lavozimni taxminan bir oy davomida egallab turdi, deya eslatadi ISW. Amerika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Dvornikov 9 mayga qadar butun Donbassni qo‘lga kirita olmagani uchun lavozimidan chetlashtirilgan. Bu - Rossiya Qurolli kuchlarida doimiy qo‘mondonlik almashinuvi epizodlaridan biri, deyiladi ma’lumotda.

Mutaxassislar Moskvaning rasmiy bayonotlari, shuningdek, Rossiya, Ukraina va G‘arb manbalari tasdiqlanmagan xabarlaridan foydalangan holda, Rossiya prezidenti tomonidan qo‘mondonlarning tez-tez o‘zgartirilishiga ham e’tibor qaratgan. Ularning fikriga ko‘ra, bunday kadrlar qarorlari Rossiya qo‘shinlarining bo‘linib ketishiga va qo‘mondonlik tuzilmalarining tartibsizlashishiga olib keldi, bu RF Qurolli kuchlarining Ukrainada yaxlit harbiy operatsiyalarni o‘tkazish qobiliyatiga putur yetkazmoqda. Hisobotda ta’kidlanganidek, Rossiya Mudofaa vazirligi va Kreml qo‘mondonlikdagi o‘zgarishlarning aksariyatini oshkor qilmayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid