Jahon | 11:15 / 03.05.2023
2967
2 daqiqa o‘qiladi

Serbiya va Kosovo bedarak yo‘qolganlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani ma’qulladi

Aleksandr Vuchich va Albin Kurti Yevropa Ittifoqi vositachiligida Bryusselda uchrashdi. Tomonlar bedarak yo‘qolganlar masalasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Ammo Kosovo shimolidagi vaziyat bo‘yicha yaqinlashuvga erishib bo‘lmadi.

Foto: Anadolu agency

Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich va Kosovo bosh vaziri Albin Kurti Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel tashabbusi bilan munosabatlarni normallashtirish maqsadida Bryusselda uchrashdi. 2 may, seshanba kuni tomonlar 1998-99 yillardagi urushdan so‘ng bedarak yo‘qolganlarning jasad qoldiqlarini aniqlash bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha siyosiy deklaratsiyani tasdiqladi (Yo‘qolganlar deklaratsiyasi).

“Ikkala tomon bedarak yo‘qolganlar muammosi insonparvarlik muammosi ekanini tan oldi, jabrlangan oilalar va keng jamoatchilikning og‘ir ahvolini yengillashtirish uchun qo‘shimcha birgalikdagi sa’y-harakatlar kerakligini ta’kidladi”, — deyiladi Yevropa tashqi harakatlar xizmati (EEAS) bayonotida. YeI ma’lumotlariga ko‘ra, gap hanuz bedarak yo‘qolgan deb hisoblanuvchi 1621 kishi haqida ketmoqda.

Serbiya va Kosovo hujjatlarni, jumladan, maxfiy hujjatlarni almashishga, shuningdek, ommaviy qabrlarni topish uchun sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va boshqa texnologiyalardan foydalanishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Tomonlar bosh muzokarachilar darajasida YeI ko‘magida munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha muloqotning navbatdagi raundida operativ tafsilotlarni kelishib olishga qaror qildi. Yig‘ilish ishtirokchilari Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi raisligidagi ishchi guruhning muhim hissasini ham e’tirof etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid