Jahon | 16:10 / 04.05.2023
8193
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada davlat moliyalashtirilishi qisqarganidan keyin aviareyslar bekor qilinyapti

2022 va 2023 yillarda rasmiylar mintaqaviy parvozlar dasturini budjetdan moliyalashtirish hajmini sezilarli darajada qisqartirdi, aviakompaniyalar reyslarni bekor qilishga majbur, deb yozadi «Izvestiya». 

Foto: Picture Alliance

Rossiya aviakompaniyalari davlat moliyalashtirilishi qisqarishi sababli mamlakat ichidagi parvozlarni bekor qilmoqda. «Izvestiya» gazetasi 4 may, payshanba kuni sohadagi uch manba va Rossiya Transport vazirligiga yaqin manbaga tayanib, 2022 yilda hukumat Moskvani aylanib o‘tuvchi mintaqaviy reyslar dasturi uchun subsidiyalarni budjet taqchilligi tufayli 9 milliard rubldan 7,5 milliard rublgacha kamaytirgani to‘g‘risida xabar berdi. Aksariyat reyslar Omsk va Tyumen viloyatlari, Tatariston, Sankt-Peterburg, Dog‘iston va Shimoliy Osetiyada bekor qilindi. 

2023 yilda Transport vazirligiga umumiy xarajatlarni 5 foizga qisqartirish bo‘yicha topshiriq berilgan, bu esa mintaqaviy parvozlar dasturini moliyalashtirishning 17 foizga qisqarishiga olib keldi, deb yozadi «Izvestiya». Aviakompaniyalar mintaqalar bilan qo‘shma moliyalashtirish bo‘yicha shartnoma tuzmagan yo‘nalishlar ushbu dasturdan chiqarib tashlandi, dedi suhbatdoshlardan biri. 

Bundan tashqari, Kemerovo-Chita va Nijniy Novgorod-Petrozavodsk reyslari bekor qilindi, «Rossiya» aviakompaniyasi Sankt-Peterburgdan Tobolskka haftalik ikki reysni amalga oshirishdan bosh tortdi. 

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Rossiya aviatsiya sektoriga misli ko‘rilmagan sanksiyalar joriy etildi. Yevropa, shuningdek, AQSh va bir qator boshqa mamlakatlar havo kengliklarini yopishdan tashqari, Rossiya kompaniyalariga samolyotlar va ehtiyot qismlarni ijaraga berish va sotishni taqiqladi, Rossiyadan havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish deyarli butunlay to‘xtatilgan. 

Mavzuga oid