Şuningdek, Davlat Dumasi Rossiyani tark etgan şaxslarni 20 turdagi jinoyatlar böyiça sirtdan sud qilişga ruxsat berdi va «çet el agenti» sifatida tan oliş mezonlarini kengaytirdi. Qonunlar paketi «mamlakat suverenitetini himoya qiliş» maqsadida qabul qilingani ma’lum qilindi.
Xususan, armiyani «obrösizlantiriş» (JK 280.3-moddasi) va Rossiya iştirok etmaydigan xalqaro taşkilotlarga «manfaatdorlik yoki pulli şartnoma asosida» kömak beriş (284.3-modda) 7 yilgaça ozodlikdan mahrum qiliş bilan jazolanadi. Agar fuqaro şunday manfaatli niyat bilan sanksiyalarga çaqirgan bölsa (284.2-modda), unga 5 yilgaça qamoq jazosi berilişi mumkin. Barça holatlarda mulkni musodara qiliş ham közda tutilgan. Muhim özgarişlardan biri — armiyani «obrösizlantiriş» va sanksiyalarga çaqiriqlar uçun jinoyat işi qözğatiş uçun endilikda ma’muriy jazoni kutmasdan töğridan töğri jinoiy iş oçiş mumkin böladi.
Ikkinçi qonun loyihasi Rossiyani tark etgan fuqarolarni «diskreditatsiya», harbiy «feyklar» tarqatiş, «natsizmni oqlaş», «harbiy dafn joylari va yodgorliklarga şikast yetkaziş» moddalari böyiça sirtdan sud qiliş imkonini beradi. Şuningdek, terrorizm, ekstremizm, separatizm, ommaviy tartibsizlikka çaqiriş, tajovuzkor uruş boşlaş, Rossiya hududiy yaxlitligiga tahdid, sanksiyalar, «xorijiy agent» majburiyatlaridan böyin tovlaş, «noxuş taşkilotlar» faoliyatida iştirok etiş yoki uni moliyalaştiriş holatlari ham bu tartibga kiradi.
Uçinçi qonun loyihasi «çet el agentlari» reyestriga kiritiş uçun asoslar röyxatini kengaytiradi. Vakolatli organlar bu maqomni xalqaro taşkilotlar yoki çet davlat organlarining Rossiya xavfsizligiga qarşi yönaltirilgan qarorlarini bajarişda iştirok etgan şaxslarga berişlari mumkin.
Masalan, bu orqali Xalqaro jinoiy sud (Haaga) tomonidan Ukraina bolalarini zöravonlik bilan deportatsiya qilgani uçun prezident Vladimir Putinni hibsga oliş orderini amalga oşirişga urinayotgan şaxslar ham qamrab olinadi. Şuningdek, mamlakat xavfsizligiga qarşi foydalanilişi mumkin bölgan harbiy yoki harbiy-texnik xarakterdagi ma’lumotlarni yiğişga fuqarolarni jalb etganlar ham «çet el agenti» deb topiladi. Bunday faoliyatni moliyalaştiriş ham alohida asos sifatida belgilangan.

















