Ba’zi demokratik davlatlarda, jiddiy konstitutsiyaviy islohotlar bo‘lganida, “yangi respublika”, “ikkinchi respublika”, “beshinchi respublika” deb nomlash an’analari bor.

Har safar jiddiy o‘zgargan konstitutsiyani – davlatning tabiati o‘zgarishiga sababchi deb ko‘rishadi; shu sababli “yangi davlatchilik boshlandi”, “respublikaning yangi hayoti boshlandi” deb talqin qilishadi.

Misol uchun, Fransiyada 1958 yildan keyingi davr “beshinchi respublika” hisoblanadi. O‘sha yili yangi konstitutsiya qabul qilingan edi. Hozirga qadar davlat o‘sha konstitutsiya asosida faoliyat yuritadi.

O‘tgan yakshanba, 30 aprel kuni O‘zbekistonda yangi konstitutsiya qabul qilindi. Har bir qabul qilinayotgan konstitutsiya, o‘sha davrdagi hukmron siyosiy kuchlar va jamiyatdagi qarashlar, qadriyatlar hamda kuchlar nisbatini ifoda qiladi. Davlatlarning konstitutsiyalari chuqur o‘ylab, o‘ta demokratik ruhda yozilgan bo‘lishi mumkin, lekin bu konstitutsiyalarni talqin qiladigan, hayotga tatbiq qiladigan siyosiy kuch, sinf bo‘lmasa yoki zaif bo‘lsa, konstitutsiyaning o‘zi qadriyat va institut sifatida obro‘yini yo‘qotadi.

O‘zbekistonning 1992 yilda qabul qilingan konstitutsiyasini shartli ravishda ikki yirik blokka bo‘lish mumkin. Birinchisi – qadriyatlar qismi. Ikkinchisi – hokimiyat vakolatlarini taqsimlash va davlat institutlarining qudratini belgilash bo‘limlari. Qadriyatlar bo‘limida, O‘zbekiston har doim inson huquqlarini hurmat qiluvchi, huquqiy-demokratik davlat bo‘lish majburiyatini olgan. Lekin, hokimiyat vakolatlarini taqsimlashga kelganda, o‘zaro tiyib turish va posangilar mexanizmi muvozanatga solinmagan.

Yangi konstitutsiyada qadriyatlar bo‘limi yanada kengaytirildi va kuchaytirildi. Konstitutsiyaga huquqiy-demokratik davlatchilikning ko‘plab yangi g‘oyalari, institutlari kiritildi. Davlat institutlari faoliyatini demokratlashtirishda, hokimiyatlarni taqsimlash va o‘zaro tiyib turish mexanizmlarini joriy qilishda, O‘zbekiston, tadrijiylik yo‘lidan ketayapti.

Har qanday konstitutsiyani 5-6 xil ko‘rinishda talqin qilish mumkin. Chunki konstitutsiyani anglash va unga ma’no berish, alaloqibat, siyosiy elitaning, jamiyatning siyosiy qarashlari, talqinlariga borib taqaladi.

Ba’zi o‘ta demokratik davlatlarda, hattoki, konstitutsiya mavjud ham emas. Misol uchun, Birlashgan Qirollik (Britaniya)da konstitutsiya yo‘q. Yoki, o‘ta demokratik konstitutsiyalari bor bo‘lgan o‘nlab avtoritar davlatlar bor. Demokratik ruhiyatda yozilgan konstitutsiyalar, agar ular ishlamasa, yoki ishlatish imkoniyati past bo‘lsa, bundan foyda yo‘q.