Jahon | 11:02 / 06.05.2023
9229
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina uchun o‘q-dorilar: YeI kengashi qo‘shma xaridlarni ma’qulladi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukraina Qurolli kuchlari uchun birgalikda snaryadlar va raketalarni sotib olishni rasman boshlashlari mumkin: YeI Kengashi bu maqsadlar uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasidan 1 milliard yevro ajratishni ma’qulladi.

Foto: Getty Images

Ukraina uchun birgalikda o‘q-dorilar sotib olish va Yevropa davlatlari armiyalari zaxiralarini 1 milliard yevroga to‘ldirish qarori 5 may, juma kuni Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan ma’qullandi. Mablag‘lar Yevropa tinchlik jamg‘armasidan (YeTJ) "Ukraina Qurolli kuchlarini 155 mm artilleriya snaryadlari va kerak bo‘lganda, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Yevropa mudofaa sanoatidan birgalikda sotib oladigan raketalar bilan ta’minlash" uchun ajratiladi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi kengashi bayonotida aytiladi.

Yevropa Ittifoqi ushbu dastur doirasida artilleriya snaryadlari va raketalarni faqat Yevropa Ittifoqi va Norvegiyadagi kompaniyalardan xarid qilish kerak, degan qarorga keldi. O‘q-dorilar to‘liq Yevropa Ittifoqi va Norvegiyada ishlab chiqarilgan bo‘lishi yoki xorijiy xomashyo va butlovchi qismlar bo‘lsa, unda Yevropa Ittifoqi yoki Norvegiyada yakuniy yig‘ilishi kerak.

Xarid shartnomalari yoki xarid buyurtmalari 2023 yil 30 sentabrgacha Yevropa mudofaa agentligi (EDA) orqali yoki har qanday Yevropa Ittifoqi davlati boshchiligidagi qo‘shma xarid loyihalari orqali topshirilishi kerak.

Shu tariqa, Ukrainaga o‘q-dorilarni shoshilinch yetkazib berish va YeIga a’zo davlatlarning o‘z zaxiralarini to‘ldirish rejasi ikkinchi qismi tasdiqlandi. Avvalroq, qo‘shma xaridlarni tasdiqlash Fransiya tomonidan to‘sib qo‘yilgandi, u o‘q-dorilarni ishlab chiqarish va yetkazib berishning barcha zanjirlari Yevropa bo‘lishini ta’kidlagan. Misol uchun, agar ishlab chiqarish Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida joylashgan bo‘lsa va porox Janubiy Koreyada chiqarilgan bo‘lsa, Parij buni nomaqbul deb hisoblagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid