Jahon | 22:40 / 12.05.2023
11926
2 daqiqa o‘qiladi

Mask Twitter platformasiga yangi rahbar tayinladi 

Linda Yakkarino rahbarlik lavozimida uning o‘rnini egallaydigan bo‘ldi. 

Linda Yakkarino / Foto: corporate.comcast.com

Linda Yakkarino Twitter kompaniyasiga bosh direktor qilib tayinlandi. Bu haqda platforma egasi Ilon Mask xabar berdi. 

«Linda Yakkarino birinchi navbatda biznes operatsiyalariga e’tibor qaratadi, men esa mahsulot dizayni va yangi texnologiyalarga e’tibor qarataman. Ushbu platformani universal ilovaga aylantirish uchun Linda bilan hamkorlik qilishni orziqib kutaman», deb yozdi Mask ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. 

Ilon Mask o‘z o‘rniga ayol kishi rahbar bo‘lishini 11 may kuni ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, u yangi bosh direktor taxminan olti haftadan keyin ish boshlashini ta’kidladi. 

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Yakkarino bunga qadar NBCUniversal kompaniyasida 11 yil ishlagan. So‘nggi yillarda u global reklama va hamkorlik bo‘limi rahbari bo‘lgan. Uning qo‘l ostida kompaniya 100 milliard dollar daromad olgan va Twitter, Buzzfeed, Snapchat va YouTube kabi ko‘plab media platformalari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilgan. 

Ilon Mask Twitter platformasini 2022 yil oktabr oyida 44 milliard dollarga sotib oldi. Ishning dastlabki oylarida tadbirkor o‘zini bosh direktor etib tayinladi va kompaniya xodimlarining 80 foizini ishdan bo‘shatdi. Fevral oyida u o‘z itini kompaniya bosh direktori etib tayinlaganini hazilomuz tarzda e’lon qilgan edi. 

Mavzuga oid