Qarshi hujum boshlandimi: Baxmut va Soledar atrofida nimalar bo‘lmoqda?
Rossiyadagilar ikkinchi kundirki ukrainlar qarshi hujumi boshlanganini aytishmoqda. Chindan ham shundaymi? Amalda frontda nimalar bo‘lmoqda? Moskva, Kiyev va harbiy muxbirlarning versiyalari.
Rossiya mudofaa vazirligi juma kuni Ukraina Donetsk oblastida hujumga o‘tganini tasdiqladi, bir kun oldin esa harbiy muxbirlarning ukrain kuchlari Baxmut va Soledar yo‘nalishida ilgarilayotgani haqidagi xabarlarini uydirma deb atagandi. Ukraina prezidenti dushmanni «ayrim yo‘nalishlarda ortga itqitib tashlashga muvaffaq bo‘lingani» haqida aytdi.
«Mudofaa barqarorligini oshirish maqsadida»
Payshanba kuni kechqurun rossiyalik harbiy muxbirlar o‘z telegram-kanallarida frontning bir qancha uchastkalarida Ukrainaning anchadan buyon kutilayotgan qarshi hujumi boshlangani haqida aytib vahima ko‘tarishdi. Bu haqda birinchi navbatda «Vagner» XHK va uning asoschisi Yevgeniy Prigojinga aloqador kanallar xabar tarqatdi.
Prigojinning o‘zi esa kun avvalida birinchi bo‘lib to‘lqin ko‘tarib bergan, «qarshi hujum qizg‘in pallada» ekani va Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Baxmut atrofida «qanotlarga o‘tayotgani», Rossiya armiyasining qanotlarni yopishga mas’ul bo‘lgan qismlari egallangan hududlarni «amalda jangsiz» tark etayotganini aytgandi.
Prigojinga yaqin bo‘lgan «voyenkor» Aleksandr Simonovning aniqlik kiritishicha, Ukraina qurolli kuchlarining Baxmutdan 5 kilometr shimoli-g‘arbdagi Bogdanovka qishlog‘i hududidagi hujumi muvaffaqiyatli chiqqan, bu yerda 9-motoo‘qchilar polki «yana bir necha kvadrat kilometr hududni boy bergan».
Bogdanovka Baxmut mudofaachilari uchun katta ahamiyatga ega. U Chasiv Yardan keluvchi trassa bo‘yida joylashgan - so‘nggi haftalarda vagnerchilar ushbu yo‘l yoqasiga yetib kelgan va Ukraina armiyasi Baxmutdagi garnizon ta’minotini asosiy yo‘l orqali olib bora olmay qolgandi.
Rossiya mudofaa vazirligi amalda ushbu uchastkadan chekinilganini tan oldi. Bogdanovkadan shimoli-sharqda Berxovka suv ombori joylashgan. Rossiya harbiy idorasi bayonotiga ko‘ra, Rossiyaning «Janubiy» guruhi bo‘linmalari «mudofaa barqarorligini oshirish maqsadida» «Berxovka suv omborining qulay sharoitlarini hisobga olgan holda» yangi chiziqni egallagan.
Bu tan olish Rossiya mudofaa vazirligi press-relizida matn ichiga yashirilgandi, asosiy urg‘u esa rossiyalik harbiylar Ukraina armiyasining front chizig‘ining turli uchastkalaridagi boshqa barcha hujumlarini qaytarganiga qaratilgandi.
Shu bilan birga, Rossiya mudofaa vazirligi birinchi marta Soledar shahri yo‘nalishida o‘z pozitsiyalariga yirik qarshi hujum uyushtirilganini tan oldi. Unda ta’kidlanishicha, payshanba kuni dushman «tomonlarning uzunligi 95 kilometrdan ortiq bo‘lgan butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab» hujum operatsiyalarini amalga oshirgan.
«Ukraina qurolli kuchlari 26 bor hujum uyushtirdi, unda mingdan ortiq harbiy xizmatchi, 40 tagacha tanklar, shuningdek boshqa harbiy va maxsus texnikalar ishtirok etdi», - deyilgan press-relizda.
Prigojin esa mudofaa vazirligining Berxovka suv ombori atrofidagi nisbatan qulay chiziqlarga o‘tilgani haqidagi bayonotiga zudlik bilan reaksiya bildirdi: «Afsuski, bu qayta guruhlanish emas, qochish edi».
«Ulkan sa’y-harakatlar bilan dushman to‘xtatildi va hatto ortga uloqtirildi»
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni Baxmut atrofidagi qarshi hujumning bevosita tasdig‘i deb ham hisoblash mumkin bo‘lgan bayonot berdi.
«General Sirskiyning hisobotini tingladik, uning bo‘linmalari ulkan sa’y-harakatlar bilan dushmanni to‘xtatishgan va hatto ayrim yo‘nalishlarda ularni ortga uloqtirgan», - degan Zelenskiy.
Oleksandr Sirskiy - Ukraina QK quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, u o‘tgan yil yozidan buyon shiddatli janglar kechayotgan Baxmutga tez-tez tashrif buyurib turadi.
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar esa juma kuni Baxmut atrofida ukrain harbiylari bir hafta ichida 2 kilometrga oldinga yurgani haqida aytdi (u bu ilgarilash aynan qaysi hududda bo‘lganiga aniqlik kiritmagan).
Payshanba kuni Zelenskiy xorijiy nashrlarga bergan intervyusida Ukraina hali qarshi hujumga tayyor emasligini aytgandi. «Biz o‘zimizda bor vositalar bilan hujumga o‘tishimiz ham mumkin, ammo bu holda yo‘qotishlar ko‘proq bo‘ladi. Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun yana biroz kutish kerak. Bizga yana biroz vaqt kerak», degandi u.
Prigojin esa «Vladimir Aleksandrovich Zelenskiy aldayotgani - amalda qarshi hujum avjida» ekanini aytgandi.
Harbiy muxbirlar nimalar yozishdi?
11 may kuni kechqurun Rossiya bosqinini qo‘llaydigan ko‘plab telegram-kanallarda ukrain harbiylari bir necha oydan buyon kutilayotgan qarshi hujumni boshlashgani haqida yoza boshlashdi.
«Voyenkor» Yevgeniy Poddubniy 11 may kuni kechqurun ukrain harbiylari Baxmut yo‘nalishida Rossiya kuchlarini «qurshab olish bo‘yicha operatsiyani amalga oshirishni boshlagani», shuningdek, Baxmutdan shimoldagi Soledar shahri atrofida rossiyaliklar mudofaasi yorib o‘tilgani haqida yozdi. «Dushmanning qarshi hujumi boshlandi, deb hisoblaymiz», — deya xulosa qildi u. Boshqa bir propagandachi, «voyenkor» Semen Pegov ham uning fikriga qo‘shilib, Ukraina qurolli kuchlari Horlivka yo‘nalishida ham hujumga o‘tganini xabar qildi.
Shuningdek, Poddubniy Xarkiv atrofida «kun bo‘yi Ukraina qurolli kuchlari harbiy texnikalari kolonnalari Belgorod oblasti bilan chegara tomon harakatlangani» haqida xabar berdi. «Voyenkor» Aleksandr Kots ham o‘z telegram-kanalida shunday ma’lumotni bo‘lishdi.
RT telekanali muxbiri esa Xerson oblastida Dniproning o‘ng sohilida katerlar to‘planayotgani haqida xabar qildi va shunday taxminni bildirdi: «Aftidan, desant operatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda».
Bu bayonotlar va ularning juz’iy o‘zgarishlar kiritilgan variantlari boshqa harbiy kanallarda qayta tarqatildi va bir necha soat ichida telegramning z-segmentida vahima uyg‘otdi. Bunga javoban RF mudofaa vazirligi rasmiy bayonot berib, «ayrim telegram-kanallarda harbiy tutashuv chizig‘ining turli uchastkalarida „mudofaa yorib o‘tilgani“ to‘g‘risida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi»ni bildirdi.
Ko‘p o‘tmay harbiy muxbirlar ham o‘z xabarlari ohangini keskin yumshatishdi va hatto «vahimaga tushmaslik»ka chaqira boshlashdi. Pegov «hujum bugun ham, kecha ham boshlanmagani»ni yozib, Ukraina qurolli kuchlari har kungi rejimda «zaif nuqtalarga zarba berishga urinayotgani»ni qayd etdi. Poddubniy vaziyatni «katta reja doirasidagi lokal janglar olib borish» deb ta’rifladi va uning oldingi xabarlari «vahima uyg‘otish uchun asos bo‘lmagani»ni ta’kidladi.
Ammo keyingi kun, 12 may kuni RF mudofaa vazirligi Ukraina armiyasi Baxmut atrofida hujumga o‘tishga uringanini tasdiqladi va bu urinishlar go‘yoki to‘xtatilganini ma’lum qildi. Xususan, Poddubniyning Soledarga hujum haqidagi xabari ham o‘z tasdig‘ini topdi.
«Ukraina kuchlari, katta ehtimol bilan, Baxmut atrofidagi lokal qarshi hujumlar davomida rossiyaliklarning ayrim chegara chiziqlarini buzib o‘tgan va bu «Vagner» va Rossiya mudofaa vazirligining javob choralarini ko‘rishiga sabab bo‘lgan. Prigojinning va mudofaa vazirligining bayonotlari Rossiya axborot maydonida Ukrainaning kutilayotgan qarshi hujumi bo‘yicha vahima kuchayib borayotganini aks ettiradi, shuningdek Kremlning Ukraina muvaffaqiyatlari ko‘lamini kamaytirmaslikka qaror qilganidan darak beradi», deyiladi Amerika urushlarni o‘rganish instituti (ISW)ning har kungi hisobotida.
Juma kuni Prigojin Rossiya harbiy rahbariyatini yana bir bor masxara qildi va mudofaa vaziri Sergey Shoyguni Baxmutga kelishga taklif qildi.
Frontda amalda nimalar bo‘lmoqda?
Ukraina QK chindan ham so‘nggi oylarda birinchi marta nisbatan yirik qarshi hujum uyushtirdi, ammo hozircha faqat bir yo‘nalishda — Baxmut hududida. Bu vagnerchilar hujum qilayotgan shahar janubida bir qancha lokal qarshi hujumlar bilan boshlandi.
Avvaliga Ukraina QK 3-alohida tank brigadasi 9-10 may kunlarida RF qurolli kuchlarining 2022 yilda «ko‘ngillilar» hisobiga qaytadan tuzilgan 72-motoo‘qchilar brigadasi bo‘linmalarini Shimoliy Don — Donbass kanali bo‘yidagi platsdarmdan siqib chiqardi. «Ko‘ngillilar» aprel oyida bu uchastkada «Vagner» XHK jangchilarining o‘rnini egallagandi — yollanma jangchilar esa Baxmutning o‘zini shturm qilayotgan otryadlarga yordam berish uchun jo‘natilgandi.
Keyin esa, Yevgeniy Prigojinga yaqin hisoblangan «voyenkor» Aleksandr Simonovning xabar berishicha, RF QK 4-brigadasi (anneksiya qilingan «LXR»dagi «militsiya qo‘shini»dan bo‘lgan sobiq brigada) qismlari Baxmutdan shimoli-g‘arbda ukrainlar hujumiga uchragan. Bu brigada ham ushbu hududga aprel oyi oxiri yoki may oyi boshida Baxmutdagi ukrain garnizonini asosiy yer bilan bog‘lovchi «hayot yo‘li»ni kesib qo‘yishga urinayotgan «Vagner» XHK jangchilarini almashtirish uchun olib kelingandi. Simonovning ta’kidlashicha, Ukraina qurolli kuchlarining bu hujumlari — Baxmutdagi «Vagner» otryadlarini qurshovga olishga urinishdan boshqa narsa emas.
Shunga qaramay, zarbalar yo‘nalishiga ko‘ra, hozircha faqat Ukraina qo‘mondonligi shaharning g‘arbiy chekkalarida yarim qurshov holatida jang qilayotgan kuchlarni qutqarishga harakat qilayotgani haqida gapirish mumkin. RF mudofaa vazirligi bilvosita Ukraina hujumi muvaffaqiyatli bo‘lganini tasdiqladi.
Ukraina QK qo‘mondonligining rejasi hozircha ayon emas. G‘arblik ekspertlar fikricha, Baxmut atrofidagi hujumlar kattaroq hujumning boshlanishi (yoki unga tayyorgarlik tadbirlari) bo‘lishi mumkin. Ukraina qo‘mondonligi Rossiya armiyasini Baxmut atrofiga qo‘shimcha kuchlar yuborishga majbur qilmoqchi bo‘lishi ham mumkin — bu zaxiralar Ukraina qurolli kuchlarining boshqa yo‘nalishlardagi bo‘lajak hujumini qaytarishda ishtirok etmasligini ta’minlash uchun. Ammo ukrain armiyasi shunchaki hamon Baxmutni qiyinchilik bilan ushlab turgan qo‘shinlar holatini yengillashtirishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno etib bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024