Jahon | 15:24 / 13.05.2023
9482
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya YeIni Kiyevga yordamni YaIMning 1 foizigacha oshirishga chaqirdi

Foto: AP

Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna fikricha, Yevropa Ittifoqining yirik davlatlari Ukrainaga ko‘proq yordam berishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, Estoniya yalpi ichki mahsulotning ulushi bo‘yicha Germaniya va Fransiyadan sezilarli darajada oldinda.

Estoniya Germaniya, Fransiya va Italiyani Ukrainaga yordam berish uchun sezilarli darajada ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirdi. Kiyevga beriladigan yordam miqdori yalpi ichki mahsulotning bir foiziga yetkazilishi kerak, dedi Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna Shvetsiya poytaxti Stokholmda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik Yevropa Ittifoqi konferensiyasi chog‘ida.

Tsaxknaning ta’kidlashicha, Estoniya u qadar katta davlat bo‘lmasa-da, Ukrainaga yordam berish uchun yalpi ichki mahsulotining bir foizidan ko‘prog‘ini ajratadi. “Biz buning iloji borligini bilamiz”, dedi u. Tsaxkna butun Yevropaning erkinligi, mustaqilligi va xavfsizligi uchun Rossiya tajovuzini qaytarish muhimligini ta’kidladi. "Ukrainaliklar ham biz uchun kurashmoqda", dedi estoniyalik vazir.

Margus Tsaxkna bu haqda statistik ma’lumotlar fonida bayonot berdi, unga ko‘ra, Germaniya kabi davlatlar Ukrainaga faqat mutlaq raqamlarda yordam ko‘rsatishda yetakchilik qilmoqda. Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda Germaniyaning Kiyevga bergan yordami miqdori 7,4 milliard yevroni tashkil etadi, ya’ni - yalpi ichki mahsulotning atigi 0,2 foizi. Fransiya va Italiyaning ulushi bundan ham kichikroq (0,1 foizdan kam).

Shu bilan birga, Latviya va Estoniyaning ulushi yalpi ichki mahsulotning mos ravishda 1,2 va 1,1 foizini tashkil qiladi. Ulardan keyingi o‘rinlarda - Litva (0,9 foiz), Polsha (0,6) va Niderlandiya (0,5 foiz). Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi birinchi yilida Qo‘shma Shtatlar Kiyevga 71,3 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatdi, biroq yalpi ichki mahsulot ulushida bu atigi 0,4 foizga teng.

Mavzuga oid