O‘zbekiston | 09:51 / 17.05.2023
17810
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda YPX xodimi formasi va niqobda odam o‘g‘irlagan jinoiy guruh ushlandi

Toshkent shahrida odam o‘g‘irlash, bosqinchilik va boshqa qator jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan bir guruh shaxslarga sud hukmi chiqarildi.

Videodan kadr

Jinoiy guruh a’zolaridan biri YPX inspektori formasini kiyib, fuqaroni yo‘lda to‘xtatadi va uni o‘g‘irlaydi. Ular jabrlanuvchidan 7 ming AQSh dollarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan va undan yana katta pul talab qilgan.

Ushbu shaxslar agarda so‘ralgan pullarni bermasa jabrlanuvchining barmoqlarini kesib, oila a’zolarini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan. Jabrlanuvchi o‘zini olib ketayotgan mashinadan tushib qolib, odamlarni yordamga chaqirgan.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining hukmi bilan 1980 yilda tug‘ilgan cudlanuvchi JKning 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismining “b, v” bandlari, 28,164-moddasi (bosqinchilikda tashkilotchi) 2-qismining “a, b, v” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismining “a” bandi, 28,267-moddasi (transport vositasini olib qochishda tashkilotchi) 2-qismining “b, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi va 15 yil ozodlikdan mahrum qilindi. 

Qolgan uch nafar sudlanuvchilar “odam o‘g‘irlash”, “bosqinchilik”, “tovlamachilik”, “transport vositasini olib qochish” jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. 

1997 yilda tug‘ilgan cudlanuvchiga 13 yil 6 oy,  va 1981 yilda tug‘ilgan sudlanuvchiga 13 yil 9 oy, 1994 yilda tug‘ilgan cudlanuvchiga esa 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Sudlanuvchilardan solidar tartibda jabrlanuvchi foydasiga 437 139 548 so‘m undirilishi belgilandi.

Mavzuga oid