Jahon | 09:52 / 20.05.2023
9908
2 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston parlamenti yaqinida Rossiya bilan aviaqatnovga qarshi aksiya bo‘lib o‘tdi

Yuzlab odamlar Rossiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni zudlik bilan taqiqlashni talab qilishdi. Ularning fikricha, havo qatnovining qayta tiklanishi Gurjistonni xavf ostiga qo‘yadi.

Foto: Reuters

Rossiya va Gurjiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklanishiga qarshi bo‘lganlar 19 may, juma kuni kechqurun Tbilisidagi parlament binosi oldiga chiqishdi. Ishtirokchilar Rossiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni zudlik bilan taqiqlashni talab qilishdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, aksiyaga mingga yaqin odam kelgan.

Namoyishchilarga ko‘ra, Rossiya va Gurjiston o‘rtasidagi aviaqatnovlarning tiklanishi mamlakatni jiddiy xavf ostiga qo‘yadi, chunki mamlakat Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomisiz qolishi mumkin. Ulardan ba’zilari jurnalistlarga Gurjiston G‘arb sanksiyalari ostida qolishi mumkinligidan qo‘rqishlarini ham bildirgan. Bir necha soatdan keyin namoyishchilar tarqala boshladi.

19 may kuni "Azimut" aviakompaniyasining samolyoti Tbilisi aeroportiga qo‘ndi va 2019 yildan beri birinchi marta Moskvadan to‘g‘ridan to‘g‘ri reysni amalga oshirdi. Samolyot qo‘nishdan oldin politsiya Tbilisidagi Shota Rustaveli aeroportini o‘rab oldi va kutish zalini yopdi.

Rossiya bilan reyslarning qayta tiklanishiga qarshi chiqqan Gurjiston muxolifati tarafdorlari aeroportda norozilik namoyishi o‘tkazdi. Uning ishtirokchilari rus va ingliz tillarida – “You are not welcome” (“Sizlarni bu yerda hech kim kutmayapti”), “Istilochining Gurjistonga parvozlariga yo‘q” va boshqa yozuvlar yozilgan plakatlarni ushlab turishgan. Samolyot qo‘nganidan so‘ng namoyishchilar politsiya kordonini yorib o‘tishga harakat qilishdi, biroq politsiya bu urinishlarni to‘xtatdi.

Mavzuga oid