Besh yil avval Samarqand shahri, Amir Temur ko‘chasidagi uylarda istiqomat qilib kelgan bir guruh fuqarolardan yashab turgan uylarini bo‘shatib qo‘yish talab qilingan. Asos sifatida ushbu hudud davlat ehtiyoji uchun olinayotgani, bu joylarda yirik loyiha amalga oshirilishi aytilgan. Ya’ni Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyundagi “2017-2019-yillarda Samarqand shahri va Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mazkur hududda “Samarqand city” turizm zonasi qurilishi rejalashtirilgan.


Tabiiyki, bunday katta, dabdabali loyihaga fuqarolar hech qachon qarshi borolmaydi. Yashab turgan uyi, mulkini tashlab, davlat bilan kelishishga majbur bo‘lishadi. Va shunday bo‘ldi ham.
Biroq Kun.uz’ga qilingan murojaatga ko‘ra, hududdagi ikkita ikki qavatli uylarda yashab kelganlar birin-ketin xonadonlaridan chiqarilgan. Fuqarolar bilan alohida-alohida kelishuvlar bo‘lgan. Buni qarangki, ma’lum muddat o‘tgach, loyiha o‘zgargan. Bu vaqt ichida xonadonini bo‘shatib qo‘ygan fuqarolarning mulki allaqachon buzib boshlangandi. Mana, besh yil o‘tibdiki, xonadonlarni bo‘shatib ulgurmaganlar bilan hech kim hisoblashmayapti. Infratuzilma, xavfsizlik unutilgan bu hududda ular ibtidoiy yashashga majbur bo‘lmoqda.


Islom Ismoilovning aytishicha, buzilishga qadar pod’yezdda beshta oila yashab kelgan. Hozir butun boshli pod’yezdda faqat uning oilasi istiqomat qiladi. Ko‘chib ketganlarning uylari buzib olingan, eshik-derazalar yo‘q. Uy juda xunuk manzara kasb etgan.
Xarobadan chiqib ketishga ulgurmaganlar bugun uyalyapti. Na mehmon chaqirish, na yashash mumkin. Xonadon egalariga har tomonlama xavf ortib bormoqda. Daydilar, mast-alastlar tashlab ketilgan uylarni makon tutishyapti. Aslida ushbu tashlandiq binoni uy ham deb bo‘lmaydi. Eng quyidan eng yuqoriga qadar qilingan murojaatlarga jo‘yali javob beradigan mas’ulning o‘zi yo‘q.



















